Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qo‘qon «pedinstitut»ida qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatishdi. Rektorat antiqa «vaj»larni keltiryapti

Qo‘qon «pedinstitut»ida qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatishdi. Rektorat antiqa «vaj»larni keltiryapti

Qo‘qon pedagogika instituti yotoqxonasida yashovchi talaba qizlarning xonasiga yashirin kamera o‘rnatishdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu haqda talaba qizlar 4-aprel kuni vazirlikka shikoyat qilishgan.

Voqeadan xabardor OAVlarning yozishicha, oliygoh yotoqxonasi mas’ullari 1-aprel, shanba kuni qizlarga xonalarini ochib berishni Wi-Fi simlarini tekshirmoqchiligini aytgan va eshik ochilgach qizlarni ustalarga xalaqit bermanglar degan bahona bilan olib chiqib ketishgan. Qizlar esa ularning pichir-pichiridan shubhalanishgan va ustalar ishni tugatgach, uylariga ketishgan. Dushanba kuni esa qizlar xona burchagiga o‘rnatilgan qutichadan shubhalanib ochib ko‘rganda uni ushlab turgan burama mixlarning biri o‘rnida kamera ob’yektivi turganini ko‘rishgan va yechib olib mutaxassisga ko‘rsatishgan. Mutaxassis esa mazkur moslamani yashirin kamera ekanini va ovoz va tasvirni masofadan uzatishga ham mo‘ljallanganini aytgan.
Qizlar bu haqda institut rektoriga va prorektoriga aytib, ulardan qo‘pollik bilan bildirilgan munosabatni olishgan. Talabalarning bildirishicha, kemerada bo‘lgan 128 Gb xotira kartasida dushanba kuni qizlarning uydan kelib, kiyimlarni almashtirgani ham muhrlangan.

Vazirlik mazkur holat o‘z tasdig‘ini topganini, voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini va aybdorlarga tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

O‘z navbatida Qo‘qon pedagogika instituti rektoriga tegishli rasmiy telegram kanal holatga antiqa baho bermoqda.

Unda aytilishicha, avvalo kamera o‘rnatish institut rektorining buyrug‘i bo‘lgan.

Bundan ko‘zlangan maqsad «talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash, ularning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish hamda o‘qish jarayonidagi stress holatlarini oldini olish bo‘yicha maxsus xona tashkil etish» bo‘lgan.

Shu sabab haftaning shanba-yakshanba kunlari talabalar o‘z uyiga ketishlarini hisobga olib xonani shanba kuni jihozlash boshlangan.

Lekin bu holat haqida talabalar o‘z vaqtida ogohlantirilmagan. Natijada bu anglashilmovchilik yuz bergan.

Ammo, rektorat yashirin kamera bilan talaba qizlarning ruhiy holatini qay tarzda muolaja qilishlarini, maxsus xona tashkil qilishda yuqori turuvchi organlarini xabardor qilgani yoki yo‘qligini ochiqlamaydi. Umuman olganda esa yuqoridagi sharmandali xatti-harakatlari bilan talabalarining shaxsiy daxlsizligini qo‘pol ravishda buzayotganini izohlamaydi.

Ushbu masalaga befarq bo‘lmagan ijtimoiy faollari talaba qizlarning ta’limlarini xavfsiz davom ettirishlari uchun ham bu kabi noma’qulchiliklarga panja ortidan qarash yoki birgina «uzr» bilan lavozimida qoldirishni adolatsizlik deb qarashmoqda.

Vazirlik holatni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganini aytgan, voqealar rivojini kuzatamiz...  

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring