Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘istonda OAV xodimlariga bosim o‘tkazilmoqda

Qoraqalpog‘istonda OAV xodimlariga bosim o‘tkazilmoqda

Foto: «Allegiantexperts.com»

Qoraqalpog‘istonda qator jurnalist va blogerlar prokuratura organining bosimi ostida qolgani aytilmoqda. Bunday g‘urbat sababi kecha respublika Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning go‘yoki vafot etgani haqida asossiz xabarlar tarqalganiga borib taqaladi. Bizga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, soat 01:00 da qoraqalpog‘istonlik jurnalist va blogerlar uylaridan majburan olib ketilgan. Masalan, makan.uz (Lalagul Kallixanova), kruz.uz (Iskander Yusupov), kar24.uz (Kumar Begniyazova) xodimlari prokuraturaga olib borilib, telefon va noutbuklari olib qo‘yilgani aytiladi.

Albatta, yolg‘on xabar tarqalishini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi va bunday holatga huquqiy baho berilishi kerak. Biroq yarim tunda majburan olib ketilib, ish qurollari olib qo‘yilishi ham qonun qarichiga to‘g‘ri kelmaydi. Ayni qonunsiz xatti-harakatlar qonun posbonlari tomonidan amalga oshirilayotgani esa karrasiga og‘riqlidir!

U yog‘ini so‘rasangiz, kecha tunda chiqqan xabar bitta saytga tegishli bo‘lib, ayrim jurnalist va blogerlar uni o‘z sayti va kanalida birincha manbaga HAVOLA bergan holda e’lon qilgan, xolos. Uning rost va yolg‘onligi aytilsa, kifoya, shu xabar ham o‘sha sayt va kanallarda e’lon qilinadiki, ayni jarayonda ortiqcha muammo yo‘q! Axborot tarqatishning oddiy qoidasi bo‘lgan ushbu tartib bir yoqda qolib, bor e’tibor OAV xodimlarining «burniga suv kiritish»ga qaratilayotgani xalq prokuraturasiga aylanishga da’vo qilayotgan tizim amalda ko‘proq amaldorlar xotirjamligiga xizmat qilayotganday taassurot qoldiradi. Birgina misol, COVID-19dan vafot etayotganlar soni rasmiy statistikada zikr etilayotgan raqamlardan farqlanayotgani yoki shu ofatdan Qoraqalpog‘istonda 15 ga yaqin odam halok bo‘lganiga oid ozmuncha xabarlar tarqalgani yo‘q. Ularga oydinlik kiritishga shoshmayotgan prokuratura bitta arbobga doir xabar asossizligi ortidan OAV xodimlarining «ko‘zini ochib qo‘yish» uchun bor imkoniyatini safarbar qilmoqda...

Qoraqalpog‘istonda OAV xodimlariga nisbatan bosim kuchayganiga oid xabarlar tarqalganidan so‘ng bu borada rasmiy munosabat bildirildi. Uning ohangi va mazmunicha, hammasi joyida, vahimaga o‘rin yo‘q, «...yolg‘on xabarni tarqatgan va uni qoraqalpoq tiliga o‘girib, o‘zining telegram kanallariga joylashtirgan sayt muharrirlari prokuratura organlariga chaqirtirilib, profilaktik suhbat o‘tkazilibdi», xolos. Surishtiruv harakatlari esa davom etmoqda ekan...

Surishtiruv harakatlari nihoyasiga yetguncha yana necha nafar OAV xodimi bosimdan bo‘g‘ilishi mumkin — bir nima deyish qiyin...

Bosh prokuratura endiyam e’tibor qaratar bunga?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring