Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyada migrantlar soni so‘nggi bir yilda 10 foizga kamaydi

Rossiyada migrantlar soni so‘nggi bir yilda 10 foizga kamaydi

Foto: AP

Rossiyada migrantlar soni so‘nggi bir yil ichida 10 foizga qisqardi. 2026-yil boshiga kelib mamlakatda 5,7 million nafar xorijiy fuqaro bo‘lgan, 2025-yil boshida esa ularning soni taxminan 6,3 millionni tashkil etgan. Bu haqda IIV Migratsiya xizmati tahlil boshqarmasi rahbari Aleksandr Perejogin ma’lum qildi.

Migrantlar soni qisqarishining asosiy sabablari sifatida migratsiya qonunchiligining keskinlashtirilishi, shuningdek, xorijiy fuqarolar farzandlarini maktab va kollejlarga joylashtirish talablarining qattiqlashtirilishi ko‘rsatilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan xorijiy fuqarolar endilikda avtomatik ravishda «nazorat qilinayotgan shaxslar reyestri»ga kiritiladi. Bu esa ularning keyinchalik legallashishi, bank xizmatlaridan foydalanishi va rasmiy ish topishini deyarli imkonsiz qiladi. Shu bilan birga, Rossiya hukumati mehnat migrantlarini davlat nazorati ostida, oldindan belgilangan qoidalar asosida ishga qabul qilish mexanizmini joriy etishni ham ko‘rib chiqmoqda. Bunday tizimda migrant muayyan ish beruvchi taklifi bilan keladi va qoidabuzarlik sodir etgan taqdirda mamlakatda qolish huquqidan mahrum etiladi.

2025 yil 1 yanvardan «vizasiz» davlatlar fuqarolari uchun Rossiyada vaqtinchalik bo‘lish muddati ham qisqartirildi: endilikda ular yil davomida faqat 90 kun qolishi mumkin (avvalgi tartib — 180 kun ichida 90 kun).

Shuningdek, «nikoh orqali» legallashish tartibi ham kuchaytirildi. Endi xorijiy fuqarolar Rossiya fuqarosi bilan kamida ikki yil birga yashaganidan keyingina vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olishi mumkin.

Alohida e’tibor bolalar masalasiga qaratilmoqda. 2025 yildan boshlab rus tili bo‘yicha testdan o‘tmagan xorijiy fuqarolarning bolalarini maktab va kollejlarga qabul qilish taqiqlandi. Agar ota-onalar farzandlarining majburiy ta’lim olishini ta’minlamasa, ularning mamlakatda bo‘lish ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin.

28 yanvardan esa IIV va ta’lim organlari o‘rtasida bola-migrantlar haqidagi ma’lumotlarni tezkor almashish majburiy etib belgilandi. Natijada, 2026 yilda Rossiyada migrant bolalar soni o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga kamaygan.

Migrantlar oqimining kamayishi ayrim hududlarda iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, qurilish, taksi xizmati, yetkazib berish va umumiy ovqatlanish sohalarida ishchi kuchi tanqisligi sezilmoqda.

Ekspert Viktoriya Ledenyovaning ta’kidlashicha, migrantlar oqimining kamayishi bir qator loyihalarning sekinlashishiga olib kelgan, shu bilan birga ish haqlari oshgan. Bu esa mahsulot va xizmatlar tannarxining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Sankt-Peterburgda taksi, kommunal xizmatlar va yetkazib berish narxlari oshgani qayd etilgan.

Mutaxassislar fikricha, rasmiy cheklovlar natijasida bir tomondan bo‘sh ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda, ikkinchi tomondan esa noqonuniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi migrantlar soni ortishi xavfi kuchaymoqda.

Manba: ru.euronews.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring