Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda bog‘chaga noqonuniy qatnaydigan bolalar qurilishi bitmagan bino ichidan topildi

Samarqandda bog‘chaga noqonuniy qatnaydigan bolalar qurilishi bitmagan bino ichidan topildi

Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) ota-onalarni farzandlari MTTga noqonuniy ravishda qatnashi bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqida ogohlantiradi.

MTV tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan auditorlik tekshiruvlari tarbiyalanuvchilar salomatligi va xavfsizligini tahdid ostida qoldirayotgan qoidabuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olish imkonini bermoqda. Ayni paytda respublikada bolalar maktabgacha ta’lim tashkiloti(MTT)lariga tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan holda qatnashi masalasi dolzarb tus olmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit xizmati tomonidan 2018 yilda Toshkent shahri va respublika viloyatlarida maktabgacha ta’lim muassasalariga (MTT) tegishli yo‘llanmasiz qatnayotgan 1059 nafar bolalar aniqlandi. 2019 yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 373 nafar bolalarni, shujumladan 3 yoshga to‘lmagan tarbiyalanuvchilarni tashkil etdi.

Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi

«Maktabgacha ta’lim vazirligi MTTga g‘ayriqonuniy ravishda qatnash holatlari joylar yetishmasligi sababli yuzaga kelayotganligini tushunadi. Biz yangi MTTlarni ochish va maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini joriy etish masalasi yuzasidan faol ish olib bormoqdamiz. Biz ushbu masala to‘liq hal etilgunga qadar ota-onalardan farzandlari xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yishini so‘rab qolamiz. Bunda shuni yodda tutishingiz kerakki, MTT ma’muriyati va pedagoglari rasmiylashtirilmagan tarbiyalanuvchilar uchun javobgar bo‘lmaydi. Maktabgacha ta’lim vazirligi auditorlari qish mavsumida ularni sovuq zallar va omborxonalarda, hovlidagi shiyponchalarda uchratgan. Ba’zan bolalarda hatto ustki issiq kiyim bo‘lmagan, chunki ularni guruhlardan shoshilinch ravishda chiqarishgan. Amaliyotimizda shunday holatlar bo‘lganki, hisobga olinmagan tarbiyalanuvchilarni qurib bitkazilmagan binolarda yashirishgan. Bolalar MTTlarga tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan holda qatnayotganda qanday xavf-xatar ostida qolishi va qanday stress holatlarini o‘tkazishini anglayotgandirsiz», — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.

Xususan, Samarqand shahridagi 58-sonli MTTda tekshirish o‘tkazilganda, 60 nafar bolalar Maktabgacha ta’lim vazirligi auditorlari tomonidan MTT yaqinida qurilayotgan bino hududida aniqlandi.

MTTlarga g‘ayriqonuniy ravishda qatnash boshqa tarbiyalanuvchilar sharoitlariga ham salbiy ta’sir etadi.

«Oshxona xodimlari oziq-ovqat mahsulotlarini guruhlardagi rasmiy tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqqan holda oladilar. Belgilangan normalarga muvofiq, har bir bolaga muayyan miqdorda go‘sht, yormalar, sut va boshqa mahsulotlar ajratiladi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari 30 nafar tarbiyalanuvchilarga ajratiladi, tayyor ovqat esa 35 ta porsiyaga bo‘linadi. Natijada guruhdagi barcha bolalarga belgilanganidan kam hajmda rivojlanish uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari beriladi. Albatta, oziq-ovqat sifatiga oziq-ovqat mahsulotlarining o‘g‘irlanishi ham ta’sir etadi, biroq, xabaringiz borki, Maktabgacha ta’lim vazirligi maktabgacha ta’lim tizimidagi noinsof xodimlariga qarshi faol kurashmoqda», — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov.

Bunda shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, rasmiylashtirilmagan bolalar uchun to‘lov MTT mudiri tomonidan o‘zlashtirib olinadi, bu esa mamlakatdagi korrupsiya omilini kuchaytiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring