Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sayyohga yetmay qolgan joynamoz yoki turizm sohasida yana qanday muammolar bor?

Sayyohga yetmay qolgan joynamoz yoki turizm sohasida yana qanday muammolar bor?

Foto: «Uza.uz»

Sayyohlar nimadan norozi? Bugun O‘zbekistonga dunyoning qator mamlakatlaridan ko‘p sonli sayyohlarning kelishi ijobiy hol albatta. Biroq, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Biz xorijiy sayyohlarni munosib kutib olish va talab darajasida xizmat ko‘rsatishga tayyormizmi? Ular o‘z sayohatlari davomida qaysi jihatlarga e’tibor qaratishmoqda?

Mun Chje, xitoylik tadbirkor:

– Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida savdo aloqalari jadal rivojlanib bormoqda. Shunga qaramay Xitoyning O‘zbekistondagi konsulligidan viza olish muddati uzoq davom etadi. Ayrim vaqtlarda bir oygacha cho‘zilib ketadi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarda eng ko‘pi bilan bir haftada chiqishiga guvoh bo‘lganman. O‘zim tadbirkor bo‘lganim uchun daqiqani qadriga yetaman. Bir oyda mavsum o‘tib ketishi yoki biznes reja o‘zgarib ketishi hech gap emas. Turizm sohasi vakillariga bir iltimosim bor, shu muammoni hal qilib bersa, investorlar va tadbirkorlar uchun zo‘r ish bo‘lardi.

Mixail Kazakov, tadbirkor;

– Hamma sayyoh ham O‘zbekistonga samolyotda keladi, degan inson adashadi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara hududlarida o‘tish joylari ayanchli holatda. Qoplonbek, Sariag‘ach va boshqa o‘tish joylari axlatga to‘lib ketgan. Ana shu joylarning sanitariya-gigiyenasiga, obodligiga e’tibor qaratishni maslahat bergan bo‘lardim. Ellikdan ortiq davlatga bemalol kirib, chiqish imkoniga egaman. Investitsiya kiritish uchun bir yilda O‘zbekistonga bir necha marta kelib-ketganim hisobidan pasportim shtampga to‘lib ketdi. Boshqa davlatlarda ro‘yxatga qayd qilish alohida kartochkalar orqali amalga oshiriladi. Mayli pasportga shtamp bosish o‘ziga xos tartib bo‘lsin, bunga ham rozimiz. Biroq, u shtamplardagi yozuvlarni o‘qish muammo?! Agarda qaysidir davlatga borganingizda pasportingizni boshqa tilga tarjima qildirishga to‘g‘ri kelsa, bu shtamplardagi harflarni o‘qish va tushunish yechilmaydigan masala bo‘lib qoladi.

Azizbek Sultonov, tadbirkor:

– Xorijdan yurtimizga kelgan mehmon mehmonxona yoki ijaraga olingan manzildagi militsiya bo‘limiga borib ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Bu haqda kichik qog‘oz beriladi. Uni yoningizda olib yurishingiz kerak. Yaqinda kelgan xitoylik sayyoh do‘stlarim, bu qog‘ozni yo‘qotib qo‘ysak, jazolanamizmi, uni nima qilish kerak, degan mazmunda turli savollar berishib, qog‘ozni yo‘qotib qo‘yishdan xavotirga tushdi. Bu jarayon ham turistlarni yurtimizga kelmasligi uchun bitta sabab bo‘lib qolishi, oddiy e’tiborsizlik yurtimiz sha’niga dog‘ tushirishi mumkin. Yaqinda o‘tkazilgan Ziyorat turizmi forumiga xorijlik hamkorlarimizni olib bordim. Tabiiyki ularning hammasi musulmon davlatlardan kelgan, namoz o‘qiydi. Tashkilotchilar kelgan mehmonlarga joynamoz yetkazib bera olmaganiga guvoh bo‘ldim. Juda uyatli ish bo‘ldi.

Olimjon Sharipov, tadbirkor:

– Turizm bo‘yicha eng katta masala – bu bojxona xodimlarining chet elliklarni ba’zi qonun-qoidalarni buzganida ogohlantirishsiz jazolashi. Yaqinda O‘zbekistonga investitsiya kiritish uchun kelgan chet ellik xonim ish yuzasidan Xitoyga jo‘nab ketishiga to‘g‘ri keldi. Uning yonida 8 600 dollar bo‘lgan ekan. Yurtimizga birinchi marta kelgani sababli deklaratsiya to‘ldirishni ham, cheklov borligini ham bilmagan. Bojxona xodimlari uni ushlab, reysdan qoldirib, bir xonaga kiritib qo‘ygan. Men borib, agar yonida ko‘p pul bo‘lsa, bir qismini olib qolishim mumkinligini tushuntirishimga qaramay, 5 ming dollarni musodara qilishdi. Xullas, investor va turist bo‘lgan filippinlik ayol O‘zbekistonga birinchi marta kelib, ko‘p ”yaxshi” taassurotlar bilan chiqib ketdi. Agar xorijiy davlatlarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, Yevropa davlatlari va Amerikada hech qanday cheklov yo‘q. Osiyo mamlakatlari – Xitoy, Koreyadagi ba’zi bir cheklovlarni sayyohlar bilmasdan buzsa, bag‘rikenglik va insoniylik tamoyillari asosida bir martaga kechiriladi.

Gursel Turkuran, tadbirkor:

– Biz qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida hamkorlik qilish maqsadida kelgan edik. Iqlimi issiq bo‘lgani uchun Termizni borib o‘rganmoqchi bo‘ldik. Chunki, ertapishar sabzavot ekinlarining urug‘larini yetkazib berish bilan birga issiqxonalar ham qurmoqchimiz. To‘g‘ri, Toshkentning obod va ko‘rkamligiga gap yo‘q. Lekin, biz vaqtni tejash uchun yengil avtomobilda yo‘lga chiqqan edik, juda ham qiynaldik, yo‘llarda yurish azob, hojatxonalarning yo‘qligi yoki borlari ham kishi dilini xira qilishini esa aytmasa ham bo‘ladi.

Abdurasul Qodirov, tadbirkor:

– O‘zbekistonda sayyohlikni rivojlantirish borasidagi ko‘plab o‘zgarishlar tahsinga loyiq. Lekin, negadir turizm infratuzilmasi bilan shug‘ullanish istagidagi ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar berish yo‘lga qo‘yilmagan. Faqatgina, mehmonxona qursangiz bunday imkoniyatga ega bo‘lasiz. Agarda sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning boshqa ob’yektlarini ishlatmoqchi bo‘lganlarga ham bu borada yengilliklar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, hojatxona qurish yoki tekin vayfay o‘rnatishdagi imtiyozlar bundan mustasno.

Biz sayyohlar va tadbirkorlarning fikrlarini xolis yoritishga harakat qildik. Tanqid – kelajak mevasi ekanini ko‘pchilik yaxshi biladi. Shunday ekan, muammolarga o‘z vaqtida e’tibor qaratish va uni bartaraf etish ham bugunning dolzarb vazifasidir. Axir, yurtimizga keladigan sayyohlar oqimi ortishidan hammamiz manfaatdormiz.

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring