Shakar narxi 2020-yilgi minimumga tushib ketdi — ozdiruvchi dorilar sababchi
Londondagi ICE birjasida fyucherslar tozalanmagan shakar narxi bir funt (0,4536 kilogramm) uchun 0,14 dollargacha tushib, 2020-yil oktyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkich qayd etildi.
Bunga vazn yo‘qotishga yordam beruvchi dorilarning tobora ommalashib borayotgani asosiy omil bo‘ldi, deb yozmoqda Financial Times.
Gap tana vaznini kamaytirishga mo‘ljallangan, to‘yinganlik hissini hosil qiluvchi GLP-1 in’yeksiya dorilari haqida ketmoqda. Ushbu modda Novo Nordisk kompaniyasining Ozempic va Wegovy, Eli Lilly kompaniyasining Mounjaro va Zepbound kabi dori vositalarida keng qo‘llaniladi.
«Iste’molning pasayishi yoki aniqrog‘i, bu pasayish tezligi shakar sanoatini g‘aflatda qoldirdi», — deyishmoqda Britaniyaning Marex moliya kompaniyasi tahlilchilari.
Tahlilchilarning tushuntirishicha, shakar bozorlari o‘zgarishlarga juda ta’sirchan, chunki iste’mol bozoridagi talab kichik bir guruh odamlar orasida to‘plangan.
Ayni paytda jahonda, jumladan, Braziliya va Hindistonda shakar ishlab chiqarish hajmi yuqori darajada saqlanib turibdi. Shu paytgacha yirik ishlab chiqaruvchilardan birontasi mahsulot hajmini qisqartirish haqida bayonot bergan emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter