Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: Ushbu mamlakat kun sayin og‘ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda

Shavkat Mirziyoyev: Ushbu mamlakat kun sayin og‘ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) o‘n beshinchi sammiti ishida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin va IHT bosh kotibi Husrav Noziriy ham ishtirok etdi.

IHTni jadal rivojlanayotgan tashkilot sifatida mustahkamlashga qaratilgan ko‘p  tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlik, sanoat kooperatsiyasi, «yashil» iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantirish masalalari yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi.

O‘zbekiston rahbari sammitdagi nutqida Turkmanistonni tashkilotga samarali raislik qilgani bilan tabrikladi hamda joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan sheriklik to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilinganining muhim ahamiyatini qayd etdi.

«Tarixi, dini, urf-odat va an’analari yaqin bo‘lgan birodar xalqlarimiz azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog‘langan. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti o‘tgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakat yetakchisi tashkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Prezident xalqaro va mintaqaviy vaziyatga, davom etayotgan pandemiya sharoitidagi iqtisodiy qiyinchiliklarga e’tibor qaratib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.

«500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo‘lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarur. Qabul qilingan «IHT istiqbollari – 2025» konseptual dasturi asosida, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytirish va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erishish maqsadga muvofiqdir», – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shu munosabat bilan tashkilot doirasida yangilangan va keng qamrovli Savdo bitimini ishlab chiqish va qabul qilish taklif qilindi. Mazkur hujjatda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartiblarini raqamlashtirish, hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oshayotgan elektron savdoni keng tadbiq etish masalalari o‘z ifodasini topishi zarur.

Mamlakatlarimizda o‘zaro sarmoyalar oqimini ko‘paytirish va ularni ishonchli himoya qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan Qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish bugungi kun talabi ekani ta’kidlandi.

O‘zaro savdo hajmlarini oshirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning real mexanizmi sifatida Shavkat Mirziyoyev BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun (SPEKA) Maxsus dasturi bilan hamkorlikda Tashkilotimiz doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda uning qarorgohini Toshkent shahrida joylashtirishni taklif qildi.

Yana bir muhim yo‘nalish – mintaqamizdagi mavjud transport yo‘laklaridan unumli foydalanish va yangilarini yaratish.

Davlatimiz rahbari mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qo‘shimcha chegirmalarni taqdim etish,  xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish shartlarini yengillashtirish,  transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topish muhim ekanini ta’kidladi.

Bu rejalarni ro‘yobga chiqarish uchun mamlakatlarimizning transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini kengaytirishga qaratilgan mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Global iqlim kun tartibi tobora dolzarb bo‘lib borayotganini hisobga olib, sammit «yashil» iqtisodiyotga o‘tishni davom ettirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Yetakchilar bu borada faol hamkorlik qilish, jumladan, uglerod neytralligiga erishish uchun sanoat tarmoqlarida ekologik toza va resurstejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etish zarur ekanini ta’kidladilar.

Shu maqsadda Shavkat Mirziyoyev xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi doimiy Muloqot kengashini tuzishni taklif etdi.

Sayyohlik almashinuvini qayta tiklash muhimligini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti Buxoro shahrida 2022-yili bo‘lib o‘tadigan turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish umummintaqaviy Dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi. Ushbu tashabbus doirasida ziyorat turizmi» va boshqa qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Davlat rahbari qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Ushbu mamlakat kun sayin og‘ir gumanitar inqirozga kirib bormoqda», – dedi Shavkat Mirziyoyev. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qo‘shnilar yordamisiz afg‘on xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan o‘ta olmaydi.

Shu bois afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishimiz kerak.

Shuningdek, Afg‘oniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish ishlarini izchil davom ettirish tarafdorimiz.

Sammitda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining xalqaro nufuzi va obro‘sini oshirish, institutsional mexanizmlarini va yetakchi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Bu borada O‘zbekiston Prezidenti tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar tayyorlash uchun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuzish tashabbusini ilgari surdi.

Tashkilot doirasida muayyan sohani rivojlantirish bo‘yicha har yilga nom berish an’anasini joriy etish tashabbusi bildirildi. Prezidentimiz IHTda 2022-yilni O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili, deb e’lon qilishni taklif etdi.

Sammit yakunida Harakatlar uchun Ashxobod konsensusi imzolandi. Ushbu hujjat a’zo mamlakatlarning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi muhim ustuvor intilishlarini o‘zida mujassam etdi.

Davlatlar va hukumatlar rahbarlari hamda tashkilot bosh kotibi O‘zbekistonni 2022-yilda IHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan bildirilgan samimiy tilaklar uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv ishtirokchilarini O‘zbekistonda o‘tkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring