Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev: «Shayx hazratlari 90-yillarda O‘zbekistondan ketishga majbur bo‘lgan» (video)

Shavkat Mirziyoyev: «Shayx hazratlari 90-yillarda O‘zbekistondan ketishga majbur bo‘lgan» (video)

Foto: «Tasbeh.uz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beriladigan bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida mazkur masjid maydoniga tashrif buyurib, shayx haqida ko‘p gaplarni so‘zlar berdi.

— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ziyoli odamni juda hurmat qilardi. Shu kishi ko‘p kitob o‘qigan, o‘zim ko‘p bor muloqotda bo‘lganman. Kitob o‘qimagan odamning ruhiyati ham, kelajagi ham, umuman, umidi ham yo‘q bo‘ladi, degandi. Arab tilini juda mukammal bilgan.

Biz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Marg‘inoniy, Imom Moturudiyni ko‘p aytamiz, ammo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf mustaqil O‘zbekistonimizning ana shunday insonlaridan edi.

Hayot beshafqat ekan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratga ham g‘iybatlar, tuhmatlar ko‘p bo‘lgan va 1993 yilda u kishi ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. Makkada, Madinada, 1994 yildan Liviyada musofirchilikda yashab, ko‘p-ko‘p kitoblar yozgan. Bugun O‘zbekistonga ana shunday buyuklar yetishmayapti...

Butun O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan 20-30 kishi hajga borardi, lekin O‘zbekistonning o‘zidan 500 kishini 1990 yilda Hajga olib borishga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘zi bosh bo‘lgan edi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning bilganini uncha-muncha odam bilmasdi. U odam kam uxlardi, ko‘p o‘qib, ko‘p yozardi. Yana har kuni ikki soat sport bilan shug‘ullanardi.

Biz ana shunday buyuk odamlarimizni tarannum qilsak, kam bo‘lmaymiz. U arab, fors tilidagi nodir kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan edi. Qani bizda hozir shunaqa odam? Bugun O‘zbekistonimizga ana shunday inson yetishmayapti.

Qur’onni ilmiy bilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek ulamomiz, buyuk vatandoshimizning hurmatini joyiga qo‘ysak, adolatdan bo‘ladi! Bu ham o‘zligimizni anglash bo‘ladi! — Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 27 yildan beri bitmayotgan masjid tarixi, qurilish ikki marta boshlanib, turli sabablarga ko‘ra to‘xtatib qo‘yilgani haqidayam ma’lumot berilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring