Singlisining «siri»dan daromad ko‘zlagan shaxs ushlandi
Buxoro shahrida singlisining shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlardan g‘arazli maqsadda foydalangan ayolning jinoiy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 2007-yilda tug‘ilgan fuqaro J.N. singlisi R.N. va uning tanishi D.D. o‘rtasidagi ishqiy munosabatlardan xabar topgan. Biroq, u bu holatni sir saqlash yoki muammoni tinch yo‘l bilan hal etish o‘rniga, vaziyatdan moddiy manfaat ko‘rishni maqsad qilgan.
Gumonlanuvchi ayol yigitni unga tegishli rasm va videolarni uning oila a’zolariga ko‘rsatish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish hamda huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, uni javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgan. Shu tariqa u jabrlanuvchidan 2000 AQSh dollari talab qilgan.
Buxoro shahrida Ichki ishlar boshqarmasi, Tezkor qidiruv xizmati hamda boshqa mas’ul idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi J.N. talab qilingan pul mablag‘ini D.D.dan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergov jarayonida u qilmishidan pushaymon ekanini bildirib: «Oilaviy sirdan foydalanib, pul ishlashga uringanim katta xato bo‘ldi. Bir lahzalik manfaat, deb o‘z kelajagimni xavf ostiga qo‘ydim. Qilgan ishimdan qattiq afsusdaman»,— degan.
Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga muvofiq, aybdor shaxs 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter