Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sotuvga qo‘yilgan masjidmi yoki «savdo-maishiy bino»?

Sotuvga qo‘yilgan masjidmi yoki «savdo-maishiy bino»?

Foto: «7news.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Andijon shahri Do‘stlik ko‘chasi 7-uyda joylashgan masjid binosi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limi tomonidan xatlanib, sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabar keng muhokama qilinmoqda.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun «Xabar.uz» Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

MIB matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga aytishicha, Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining tegishli qaroriga ko‘ra «ELDAZ DESIGN» mas’uliyati cheklangan jamiyati va Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markazidan AT «Aloqabank» foydasiga 876 mln. 845 ming 369 so‘m qarzni undirish belgilangan.

Undiruv  qarzdor «ELDAZ DESIGN» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli «Shisha koshin» ishlab chiqarish uskunalariga (boshlang‘ich sotuv bahosi 670.000.000 so‘m) hamda Andijon shahar hokimligi huzuridagi infratuzilma mulklarini boshqarish markaziga tegishli Do‘stlik ko‘chasi 7-manzildagi umumiy foydalanish maydoni 1.716,24 kv.metr, qurilish maydoni 1.931,86 kv.metr bo‘lgan 18 ta xonadan iborat bo‘lgan savdo va maishiy binosi (boshlang‘ich sotuv bahosi 767.500.000 so‘m)ga qaratish lozimligi belgilangan.

Ushbu sud hujjati MIBning Andijon shahar bo‘limiga 04.03.2019-yilda kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan.

Ijro hujjatida ko‘rsatilgan mulklar davlat ijrochisi tomonidan 20.03.2019-yilda xatlangan va bu haqda xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan.

Foto: «7news.uz»

Mazkur ijro hujjat asosida Do‘stlik ko‘chasi 7-manzildagi umumiy foydalanish maydoni 1.716,24 kv.metr, qurilish maydoni 1.931,86 kv.metr bo‘lgan 18 ta xonadan iborat bo‘lgan savdo va maishiy binosi (boshlang‘ich sotuv bahosi 767.500.000 so‘m) elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.

Ko‘chmas mulkning elektron onlayn-auksion savdosi 03.06.2019-yil etib belgilangan.

Aytish joizki, sud qaroriga ko‘ra, ushbu ko‘chmas mulk masjid yoki boshqa diniy tashkilot emas, balki savdo va maishiy bino sifatida e’tirof etilgan.

Muqaddam ta’kidlanganidek, Majburiy ijro byurosi sud qarorini muhokama qilmaydi, balki uni ijrosini ta’minlaydi.

...Demak, hammasi tushunarli. Yuqoridagi javobdan qanchonlardir xalqni puli qurilib, rasman masjid tariqasida faoliyat yuritgan, keyinchalik, zamonlar o‘zgarib, ko‘rkam bino «savdo va maishiy bino» tariqasida mahalliy hokimiyatga o‘tib ketgan ekan-da. Mahalliy hokimiyat mutasaddilari esa bu binoni garovga qo‘yib, «Aloqabank»dan katta miqdorda kredit olgan. Olingan kredit qaytarilmagach, mana, bino sotuvga qo‘yilmoqda. Bu jarayonda MIB xodimlariga ortiqcha e’tiroz yo‘q, albatta. Chunki, ular o‘z vazifasi — qonuniy kuchga kirgan sud qarori ijrosini amalga oshirmoqda. E’tirozning kattasi mahalliy hokimiyaga bo‘ladiki, bu endi alohida maqola mavzusi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring