Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sud va OAV: bunaqasi bo‘lgan emas...

Sud va OAV: bunaqasi bo‘lgan emas...

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida shunaqa bir tadbir uyushtirildiki, bunaqasi avval bo‘lgan emas. Ya’niki, Oliy sud, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi huquqiy jurnalistika kengashi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

E’tiborlisiki, «Sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsipini ta’minlashda OAVning o‘rni va roli» mavzuidagi ushbu tadbir videokonferensaloqa shaklida amalga oshirildi. Bu o‘z-o‘zidan uning auditoriyasi katta bo‘lganini anglatadi. Shu bois unda ikki sohaning markazdagi nainki «kattalari», balki barcha hududiy tele va radiokanallar, bosma va elektron nashrlar jurnalistlari hamda joylardagi sudlar mutasaddilarining ham bevosita ishtirokiga zamin yaratildi.

Darhaqiqat, avval bunaqasi bo‘lgan emas. Tashkilotchilarga alohida tashakkurlarimiz...

Bunday katta auditoriyani qamrab olgan tadbir uchun belgilangan ikki soat vaqt — albatta, kamlik qiladi. Shunday bo‘ldi ham. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi Kozimjon Komilovning kirish so‘zi, so‘ng jinoyat, fuqarolik, ma’muriy hamda iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlarida ko‘rilgan ishlar xususida berilgan axborotlardan tashqari Oliy sudning yana uchta boshqarma va bitta departamenti rahbarlari chiqishlarining o‘zi belgilangan vaqtni «yeb qo‘ydi».

Albatta, Oliy sud mutasaddilarining axborotlaridagi g‘ij-g‘ij raqamlar, ularning avvalgi yillardagi taqqosi-yu xulosalaridan kelib chiqilsa, jurnalistlar katta ma’lumot hamda tasavvurlarga ega bo‘ldi. Biroq baribir katta tadbir uchun belgilangan qisqa vaqt kutilgan bahs-munozaralar uchun imkoniyatni cheklab qo‘ygandek...

Rost, tadbirda huquqiy jurnalistkaning sanoqli vakillari so‘z oldi, mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Farq shunda bo‘ldiki, hamkasb-ustozlar chiqishlarida Oliy sud rahbariyatiga tadbir uchun tashakkur, shirin lutf va jurnalistlardagi kamchiliklar kengroq o‘rin olgan bo‘lsa, sud xodimlari asosan o‘z faoliyatidagi yutuqlarni so‘zladilar. Muxtasar bahs-munozara esa jurnalistlarning sud majlisiga kiritilishi, unda o‘z xizmat qurollaridan foydalanish masalasi, aksariyat holatlarda sud raislari tomonidan protsessdan audio-video vositalaridan foydalanishni ta’qiqlash tevaragida bo‘ldi. Modomiki, sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsipini ta’minlash tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning ajralmas bo‘lagi ekan, bu hol ommaviy axborot vositalari vakillari uchun sudlar eshigi kattaroq ochilishini talab etadi.

Bugun o‘tgan tadbir bu borada tashlangan katta qadam bo‘lsa, ne ajab?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring