Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davronbek Tojialiyev

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Suv sepilgan tuprog‘ining hidini sog‘ingan Abdusamat ota haqida

Suv sepilgan tuprog‘ining hidini sog‘ingan Abdusamat ota haqida

Foto: Xabar.uz

Vatan tanlanmaydi. Qayerda tug‘ilish, Vatan qilish — Allohning sizga in’omi. Vatan sevgisi ham o‘lchanmaydi. Uning kami yoki ortig‘i, turi va darajasi bo‘lmaydi. Vatanni sevish — insonning fitratidagi tuyg‘u. Uni hech kim tortib ololmaydi.

Navbatdagi safardan qaytarkanman, uchog‘imiz Toshkentga qo‘na boshlagandan so‘ng barcha qarsak chalib olqishlayotgan paytda bir qariyaning yig‘lay boshlagani e’tiborimni tortdi. Oppoq soqollari yuziga zeb bergan bu nuroniy kishi uchoqdan tushgungacha yig‘idan tinmadi. Pichir-pichir gaplardan uning yaqinlaridan birov vafot etgan bo‘lsa kerak degan fikrga kelgandim. U trapdan pastga tushishi bilan xoliroq joy qidira boshladi. Militsiya xodimi uning harakatlaridan shubhalanib, qariya tomon yura boshlagan joyida taqa-taq to‘xtadi. Nuroniy yerga sajda qilganicha ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Uning tilidan «Shukr, alhamdulillah» so‘zlari tushmasdi.

Men bu nuroniyning kimligini bilolmadim. Qariya bilan rosa suhbatlashgim, dardlashgim keldi. Lekin uning bu holatida Vatan tuprog‘i eng yaxshi dardkash edi. Yaqinda bir do‘stim ana shunday vatansevar millatdoshimiz haqida gapirib qoldi.

Abdusamad ota yigitlik paytida sho‘rolar zulmidan qochib, Arabiston diyoriga hijrat qiladi. O‘sha yerda uylanadi, bola-chaqali bo‘ladi. Marg‘ilonda ham davlatmand bo‘lgan Abdusamad Arabistonda ham halol tijorati ila boylik va martabaga erishadi. «Men baribir Marg‘ilonga qaytaman» der edi u har doim. Mustaqillik bo‘lib, yo‘llar ochilgan payti Abdusamad ota qarib qolgan, bir o‘zi uzoq safarga chiqa olmay qolgandi. Tanasi boshqa dard bilmas, deganlaridek katta-katta tijorat egalari bo‘lgan o‘g‘illari turli bahonalar bilan uni o‘z yurtiga olib borishmas edi. Ancha «injiqlashib» qolgan otadan o‘g‘illari so‘rashibdi:

― Ota, sizga nima yetishmayapti?

― O‘z uyimni sog‘indim.

― Dang‘illama hovlida tursangiz, atrofingizda xizmatkorlar girdikapalak bo‘lsa. Almisoqdan qolgan o‘sha kulbani nima qilasiz?

― Mening uyimda so‘rilar bor edi. So‘ri yonidagi daraxt soyasida dam olardim.

― Ota, hammasini shu yerda qilib beramiz.

O‘g‘illar so‘ri yasatishibdi. So‘ri atrofiga daraxtlar o‘tqazishibdi. Otaga na meva, na soya beradigan bu daraxtlari ham yoqmabdi. O‘g‘illar Turkiyadan mevali daraxtlar olib keltirib o‘tqazishibdi. Ota:

― So‘ri ostidan anhor oqardi. Suvlari shildirab turardi. Tarvuzni durraga bog‘lab anhorga tashlab qo‘yar, kechqurun so‘yib yerdik…

O‘g‘illar so‘nggi texnologiyani ishga solib suvi doimo aylanib turadigan sun’iy anhor barpo etishibdi. Otalari tasvirlagandek anhorga toshlarni solib, shildiraydigan qilishibdi. Albatta ma’lum hajmdagi suv aylanib turgani bilan anhor bo‘lolmaydi. Ota:

― Bizning anhorning shabadasi bo‘lardi, suv bo‘yida o‘sgan yalpizning hidi xonadonimizni tutardi. Shomdan keyin daraxtlarni asta shitirlatgan shabadani sog‘indim.

O‘g‘illar maxsus konditsioner va ventilyasion tizim barpo qilib, shabadani yo‘lga qo‘yishibdi. Yalpiz hidli havo purkagichlardan foydalanishibdi. Ota sog‘inganlarini topolmay boriga sabr qilar, lekin qalbi taskin topmayotgani yuzidan ayon edi. O‘g‘illari:

― Ota, hammasini o‘sha uyingizdek qilib berdik. Yana nega ma’yussiz?

― Asrdan keyin hovliga anhordan suv olib separdik. Suv sepilgan tuprog‘imning hidi… O‘sha hidni sog‘indim…

O‘g‘illar uchun boshqa iloj qolmabdi. Otani olib, o‘z yurti tomon yo‘l olishibdi. Ota joylari o‘zgarib ketgan, lekin o‘sha anhorli xonadon, bir xonalik eski kulba saqlangan ekan. Ota ko‘z yosh to‘kib, sog‘ingan joylarini ko‘zga surtibdi. Tadbirkor o‘g‘illar uch kundayoq zerikib, «ketaylik»ka tushishibdi. Ota esa hech ketgisi kelmas, har kuni ziyoratiga kelgan odamlarning suhbatlaridan huzur olardi. O‘g‘illar o‘z yurtlariga qaytishibdi. Ota esa Marg‘ilonda qolibdi. Bir oydan so‘ng katta o‘g‘li kelib, olib ketishga harakat qilibdi. Ota ko‘nmabdi. Uch oydan so‘ng ota o‘sha anhor ustidagi so‘rida jon taslim etibdi…

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring