Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Svetlana Ortiqovaga yana bir vazifa yuklatildi. Va...

Svetlana Ortiqovaga yana bir vazifa yuklatildi. Va...

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan Svetlana Ortiqovaga yana bir vazifa yuklatildi. Endi u Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyasiga ham rahbarlik qiladi.

Bugun mazkur komissiyaning navbatdagi, S.Ortiqova raisligidagi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: «Xabar.uz»

Odatda idoralararo komissiya yig‘ilishlari tor doirada o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalariga ming chig‘iriqdan o‘tkazilgan kulchadek xabar berish bilan cheklanardi, xolos.

Svetlana Boymirzayevna eski tartib-qoliplari buzib, bugungi yig‘ilishga o‘nlab ommaviy axborot vositalari xodimlarini taklif etdi. Albatta, OAV xodimlari yig‘ilish oxiricha o‘tirgani yo‘q. Zero, nomidanoq ko‘rinib turibdi — idoralararo komissiya ishi ma’lum darajada maxfiylikni talab qiladi, shuningdek, uning faoliyatiga oid ayrim axborotlar tarqatilishiga qonunan cheklov qo‘ylishi mutlaqo tabiiy.

Yig‘ilishning ma’lum qismida jurnalistlar ishtiroki foydadan holi bo‘lmadi, albatta. Birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 20.09.2018 yildagi PQ-3947-sonli qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Mazkur huquqiy hujjat  bilan tashkil etilgan Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyasining asosiy faoliyatlari haqida kengroq tasavvur olindi.

Mazkur komissiyaning asosiy vazifalaridan biri jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xavflarni baholash bo‘yicha samarali ishni tashkil etish, mazkur sohadagi milliy tizimni yanada rivojlantirishga va mustahkamlashga oid choralarni ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) tavsiyalari  hamda ushbu sohasidagi halqaro-huquqiy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga tatbiq qilishni ta’minlash hisoblanadi.

Mazkur komissiya tarkibiga respublikamizning 20 dan ortiq vazirlik va idoralarining rahbar xodimlari hamda ekspert guruhi vakillari kiritilgani uning faoliyat ko‘lami nechog‘li ekanini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi qator masalalar muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, milliy darajada baholash jarayonida aniqlangan xavflar va Yevroosiyo guruhi tomonidan rejalashtirilgan o‘zaro baholashni hisobga olgan holda komissiya faoliyatining kelgusidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring