Toshkent mintaqaning yangi moliya va IT xabiga aylanmoqda
Dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyatda yirik xalqaro kompaniyalar yangi, barqaror va xavfsiz bozorlarni qidirmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixiy imkoniyatdir.
Joriy yilda 50 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun poytaxtimizda ikkita yirik xalqaro loyiha ishga tushirilmoqda.
Toshkent xalqaro moliya markazi: Singapur, London va Dubay kabi jahonning yetakchi moliya markazlari qatoridan joy olish maqsad qilingan. Ushbu markazda xorijiy investorlar talab qilayotgan xalqaro standartlardagi huquqiy rejim, soliq imtiyozlari va to‘liq shaffof biznes muhiti yaratiladi.
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi: Zamonaviy ofis binolari tayyor holatga keltirilgan bo‘lib, endilikda bu yerga dunyoning yetakchi IT va texnologik kompaniyalari jamalanadi hamda ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.
2030-yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb etish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 mlrd dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangan. Qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgan.
Bundan tashqari, sarmoyalarni ko‘paytirish maqsadida halol xizmatlarni (omonat, nasiya, sherikchilik, ijara) qamrab oluvchi islomiy moliya tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi tizimda nasiya tovar ustamasiga QQS hisoblanmaydi va omonat daromadlari soliqqa tortilmaydi. Ishonchli nazoratni ta’minlash maqsadida esa banklar qoshida maxsus Islomiy moliya kengashlari tashkil etiladi.
Mazkur markazlarning ishga tushirilishi yurtimiz iqtisodiyotiga yuzlab yirik xorijiy kompaniyalar va milliardlab dollar sarmoyalarni olib keladi. Bu esa minglab yangi ish o‘rinlari, yuqori maoshlar va mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi deganidir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter