Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Chili Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rodrigo Xose Niyeto

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Kecha, 20-fevral kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Chili Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Rodrigo Xose Niyetoni qabul qildi.

Elchi o‘zining ishonch yorliqlarini taqdim etdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Qisqa marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Chili hamkorligini ikki tomonlama shaklda rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Xususan, parlamentlar va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, madaniy va gumanitar munosabatlarni mustahkamlash, O‘zbekiston va Chili o‘rtasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish istiqbollari qo‘llab quvvatlandi. Qayd etilganidek, savdo, iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarni oshirish maqsadida faxriy konsullar tayinlash imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Suhbat chog‘ida BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, shuningdek, mintaqaviy muammolar, xususan, xalqaro hamjamiyat e’tibori markazida bo‘lgan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Elchiga Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro konferensiyada ishtirok etish taklifi berildi.

Abdulaziz Komilov Germaniya Federativ Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Gunter Overfeldni ham qabul qildi.

Suhbat chog‘ida Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro konferensiya kun tartibi va unda Germaniya ishtiroki bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Fransiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Violen Biyet de Vilmor bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalariga to‘xtalib o‘tildi, xususan, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro konferensiya yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Ismatulla Irgashev TIVda Italiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Andrea Bertotssi bilan ham uchrashdi.

Muzokaralarda Toshkent shahrida 2018-yil 26-27-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro konferensiya kun tartibiga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, forumda Italiya ishtirokiga oid amaliy jihatlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligida Turkiya Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmet Bashar Shen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida ikki tomon munosabatlarining amaliy jihatlari, xususan turli darajalarda bo‘lajak O‘zbekiston-Turkiya uchrashuvlari jadvali bo‘yicha takliflar hamda BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring