Tramp 80 yoshda, biroq eng keksa davlat rahbarlari ro‘yxatida u atigi 17-o‘rinda
AQSh prezidenti Donald Tramp bugun, 14-iyun kuni o‘zining 80 yilligini nishonladi. Shu munosabat bilan Pew Research Center tadqiqot markazi BMTga a’zo 186 ta davlatning amaldagi rahbarlari yoshini qiyosiy tahlil qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, dunyoda faqat 16 nafar davlat rahbarining yoshigina Trampnikidan kattaroqdir.
Dunyoning eng keksa yetakchilari — Kamerun prezidenti Pol Biya (93 yosh) hamda Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Sauddir (90 yosh).
Pol Biya qariyb 44 yildan beri prezidentlik lavozimini band qilib kelmoqda. Solishtirish uchun: 13 ta mamlakatning hozirgi rahbarlari u prezidentlikni boshlaganida hali dunyoga ham kelmagan edi.
Jahondagi eng keksa davlat rahbarlarining aksariyati Afrika mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Pol Biyadan tashqari, Malavi, Kot-d’Ivuar, Ekvatorial Gvineya, Zimbabve, Kongo Respublikasi va Uganda rahbarlari ham «eng keksalar» yetakchi o‘nligidan joy olgan.
Freedom House tashkiloti tasnifiga ko‘ra, dunyoning eng keksa 10 davlat rahbaridan 7 nafari «erkin bo‘lmagan» deb baholangan mamlakatlarni boshqarmoqda.
Yosh shkalasining qarama-qarshi qutbida dunyoning eng yosh hukumat rahbari — 36 yoshli Balen Shoh turibdi. U mart oyida yoshlar yetakchiligidagi ommaviy norozilik namoyishlari avvalgi hukumatni ag‘darishiga yordam berganidan so‘ng, Nepal bosh vaziriga aylandi. Balen Shoh rep ijrochisi bo‘lgan, TikTok va YouTube uning asosiy daromad manbalari sanaladi.
Islandiyani 38 yoshli bosh vazir Kristrun Frostadottir boshqarmoqda. Burkina-Faso prezidenti Ibrahim Traore undan ikki oylik katta.
Tahlilga ko‘ra, barcha milliy rahbarlarning mediana (o‘rtacha) yoshi 63 yoshni tashkil etadi. Ularning taxminan uchdan ikki qismi 40, 50 yoki 60 yoshlardadir. Global miqyosda milliy rahbarlarning uchdan bir qismi o‘zlarining 60 yoshlik davrini o‘tashmoqda.
Pew Research Center tomonidan 2023-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomada amerikaliklarning eng katta qismi (49 foizi) AQSh prezidenti uchun ideal yosh 50 yoshlar atrofida ekanini bildirgan. Yana 24 foizi 60 yoshlardagi rahbarni afzal ko‘rishini aytgan bo‘lsa, respondentlarning 3 foizi prezidentning yoshi 70 yosh yoki undan katta bo‘lishi afzal ekanini ta’kidlagan.
Tadqiqotchilar aniq tug‘ilgan kunini rasmiy manbalardan topish imkoni bo‘lmagani sababli, 6 ta davlat (Afg‘oniston, Gvineya-Bisau, Madagaskar, Niger, San-Tome va Prinsipi hamda Somali)ni ro‘yxatdan chiqardi. Shuningdek, hokimiyatni ikki kishi teng boshqaradigan San-Marino ham tahlilga kiritilmadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter