Trampning Grenlandiyaga «ko‘z tikishi»dan xavotirlangan Islandiya YIga tezroq a’zo bo‘lmoqchi
Islandiya Yevropa Ittifoqi (YI)ga kirish bo‘yicha yangi muzokaralarni boshlash masalasini umumxalq referendumiga qo‘ymoqchi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Kristrun Frostadouttir ma’lum qildi.
«Yaqin oylarda referendumga tayyorgarlik ustida ish olib boramiz. Bu qaror biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishini bilamiz. Yevropa bilan yanada jipslashishni istaymiz», — dedi bosh vazir.
Islandiya 2009-yilda ham YIga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan, biroq 2015-yilda muzokaralar to‘xtatilgan edi. Yangi hukumatning bu tashabbusi mamlakat tashqi siyosatida muhim burilish bo‘lishi kutilmoqda.
Politico nashrining xabar berishicha, rasmiy Reykyavik referendum o‘tkazish muddatini tezlashtirishga qaror qilishiga bir nechta sabablar bor. Bu avvalo Tramp omili bilan bog‘liq: AQSh prezidentining Grenlandiyaga nisbatan da’volari (uni sotib olish yoki nazorat qilish istagi) va yangi bojxona to‘lovlarini joriy etishi Islandiyani xavotirga solmoqda. Islandiya hukumati YeI bilan muzokaralarni 2027-yilgacha qayta tiklashni rejalashtirgan edi. Biroq hozirgi geosiyosiy vaziyat tufayli referendumni shu yilning avgust oyiga ko‘chirish masalasi muhokama qilinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter