Turkiya razvedkasi Doxadagi hujum haqida avvaldan ogohlantirgan – WSJ

9-sentyabr kuni Isroil havo kuchlari Katar poytaxti Doxada HAMAS rahbarlariga qarshi havo zarbalari uyushtirdi. Bu voqea xalqaro maydonda turli bahslarga sabab bo‘ldi.
Turkiya va Misrdan ogohlantirish
The Wall Street Journal xabar qilishicha, hujumdan bir necha hafta oldin Turkiya va Misr rasmiylari HAMAS rahbariyatini ehtiyot choralarini kuchaytirishga chaqirgan. Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MİT) esa Doxadagi HAMAS delegatsiyasini Isroilning zarbasi haqida ogohlantirgan.
Turkiyaning Türkiye gazetasi MİT maxsus guruhi Isroil aviatsiyasining harakatini kuzatib borgan. Ogohlantirishdan so‘ng HAMAS delegatsiyasi xavfsizlik choralarini kuchaytirgani va asosiy rahbarlar tirik qolishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozdi.
Hujum va halok bo‘lganlar haqida turli ma’lumotlar
Isroilning havo zarbalari nafaqat Doxa, balki Tunis yaqinidagi gumanitar flotiliyaga (Global Samud), Suriyaning Latakiya va Tartus shaharlariga, shuningdek Livan va Falastin hududlariga ham yo‘naltirilgani xabar qilindi.
Doxadagi hujumda HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchilaridan biri Xalil al-Xayyaning o‘g‘li Hammam va uning yordamchisi Jihod Labed halok bo‘lgani aytildi. Shu bilan birga, Katar Ichki ishlar vazirligi bir necha kishi, jumladan xavfsizlik xizmatchisi ham halok bo‘lganini tasdiqladi.
Biroq HAMAS, ayrim OAVlar yozayotganidek, o‘z delegatsiyasi rahbarlari halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Ularga ko‘ra, delegatsiya a’zolari sog‘-omon, lekin zarbada olti kishi, jumladan Xalil al-Xayyaning o‘g‘li halok bo‘lgan.
Isroilning rasmiy izohlari
Isroil rasmiylari hujum natijalaridan to‘liq qoniqish bildirmadi. Armiya radiosi muxbirining ta’kidlashicha, mamlakat xavfsizlik tizimida «hujum samaradorligi bo‘yicha jiddiy shubhalar» mavjud.
AQShdagi Isroil elchisi Yexiel Leyter ham Fox News telekanaliga bergan intervyusida bu borada aniq javob bermadi:
«Agar bu safar maqsadga erisha olmagan bo‘lsak, keyingi safar erishamiz», – dedi u.
Xalqaro reaksiya
Yevropa Ittifoqi, Kanada va Buyuk Britaniya Isroilning Doxadagi zarbasini qoraladi. AQSh prezidenti Donald Tramp voqeani «qayg‘uli hodisa» deb atadi, biroq bu «tinchlikka olib kelishi mumkin» degan umidini ham bildirdi.
Katar bosh vaziri shayx Mohammad bin Abdurrahmon bin Jasim Al Taniy esa Isroilni «xalqaro huquqni buzish» va «davlat terrorizmi»da aybladi hamda javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Hujumning sababi
Isroil rasmiylari «Sammit olovi» deb nomlangan operatsiya Iyerusalimdagi teraktdan keyin amalga oshirilganini ma’lum qildi. U yerda ikki nafar qurollangan shaxs odamlarga o‘q uzib, olti kishini o‘ldirgan edi. Hujum uchun javobgarlikni HAMAS o‘z zimmasiga olgan.
Xalqaro ekspertlar ushbu voqea HAMAS va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni yanada kuchaytirishini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, Turkiya razvedkasi ogohlantirishi sababli HAMASning asosiy rahbarlari tirik qolgani voqeaning muhim jihatlaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
Manba: wsj.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter