Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Twitter ma’muriyati prezident Trampning o‘g‘lini blokladi

Twitter ma’muriyati prezident Trampning o‘g‘lini blokladi

Foto: Getty Images

Twitter mikroblogi ma’muriyati AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘li – kichik Donald Trampning sahifasini blokladi. Mazkur taqiq 12 soat davomida amal qilgan. Oq uy yetakchisining o‘g‘li noto‘g‘ri axborot tarqatishda ayblangan.

5 milliondan ziyod obunachiga ega kichik Donald Tramp o‘z sahifasida koronavirusni gidroksixloroxin preparati yordamida davolash camaradorligi xususida videolavha e’lon qilgan. Prezidentning o‘zi ham gidroksixloroxin koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolashda samarali deb hisoblaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa tadqiqotlarga tayanib, COVID-19 ga chalingan bemorlarni davolashda gidroksixloroxin vositasidan antibiotiklar bilan birgalikda foydalanish o‘lim xavfini oshiradi degan xulosaga kelgan.

Kichik Donald Tramp video aslida boshqa mazmunda ekani, ammo otasi bilan o‘chakishib qolgan Twitter ma’muriyati atayin uning sahifasini bloklaganini aytgan.

Prezident Trampning matbuot kotibi Twitter ma’muriyatining mazkur qarorini so‘z erkinligini poymol etish hamda respublikachilar partiyasining saylovoldi nufuziga zarba berish deya baholagan.

Eslatib o‘tamiz, Twitter ma’muriyati hamda prezident Donald Tramp o‘rtasidagi ixtilof bir necha oydan buyon davom etib keladi.

Avvalroq AQSh rahbari Twitter tarmog‘idagi rasmiy sahifasida Kaliforniya shtatida pochta orqali ovoz berish jarayonida aldovga qo‘l urilgani haqida yozuv qoldirgan. Ijtimoiy tarmoq prezidentning qaydlarini «ishonchsiz axborot» deb baholagan.

Twitter ma’muriyati, shuningdek, D.Tramp tomonidan Minneapolisdagi norozilik namoyishlari yuzasidan berilgan bayonotga (Oq uy rahbari marodyorlik qilganlar o‘qqa tutilishi mumkinligiga ishora qilgan) zo‘ravonlikni oqlash deya e’tiroz bildirgan. Oq uy yetakchisi esa odatdagidek mikroblog ma’muriyatini so‘z erkinligini bo‘g‘ishda ayblagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring