Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulkan odamning og‘ir qismati

Ulkan odamning og‘ir qismati

U nihoyatda bahaybat edi. Shu bois odamlarda kuchli qiziqish uyg‘otar, hamma ko‘rishga oshiqardi. Bu gigantning hayoti ham o‘zgacha. U ulkanligi bilan diqqat-e’tibor qozonar, biroq jismi va botinida ham ulkan dard bor edi. Ammo boshqalarga nima farqi bor, ular tomosha ko‘rsa bo‘ldi-da! Shov-shuvli «dev»ning aziyatlari, muammolari hech kimning parvoyiga kelmasdi.

G‘ayrioddiy o‘sish

Yoxan Kristinn Petursson 1913 yil 9 fevralda Islandiyaning Akureyri shahri yaqinidagi fermer oilasida dunyoga kelgan. Qishning qoq o‘rtasida tug‘ilgani bois, unga «Qishki Yoxan» degan laqab berildi. Yoxan oilada to‘qqizta farzandning uchinchisi bo‘lib voyaga yetdi. O‘sha paytlarda Islandiya Daniyaning boshqaruvi ostida bo‘lib, oila  kambag‘al, ammo mehnatkash fermerlardan iborat edi.

Yoxan hali chaqaloq paytida ularning oilasi Dalvikka, keyin esa Svarfadardalur vodiysiga ko‘chib o‘tdi. Keyinchalik aynan shu muzofot unga yana bir taxallusni – Yoxan Svarfdalingur nomini berdi.

O‘n besh yoshigacha Yoxan boshqalardan deyarli farq qilmagan. Keyin esa bo‘yi g‘ayrioddiy tezlikda o‘sishni boshladi. Qisqa fursat ichida u ikki metrdan oshib ketdi. O‘n yetti yoshida esa hayratlanarli kuch sohibi bo‘ldi – aytishlaricha, Yoxan yuk mashinasini dast ko‘targan ekan.

Yigirma yoshga borib uning bo‘yi 2 metr 15 santimetrga, vazni esa 125 kilogrammga yetdi. Biroq ulkan jussasi bilan birga og‘ir sinovlar ham kelgan edi. Yoxanni bo‘g‘imlardagi kuchli og‘riqlar qiynay boshladi. Harakatlanishi og‘irlashdi, hassaga tayanishga majbur bo‘ldi. Ish topish esa deyarli ilojsiz edi.

Parda ortida

Ota-onasiga og‘irligi tushmasligini o‘ylagan Yoxan Islandiyani tark etib, Kopengagenga yo‘l oldi. U yerda hayotida birinchi marta sahnaga chiqdi. Mahalliy vodevil tomoshalari va «g‘aroyibotlar sirki» deb atalgan sahnalarda Yoxan ulkan qomati bilan tomoshabinlarni hayratda qoldirdi. Shu bilan birga, u kemasozlikda ham og‘ir mehnat qildi.

Yoxan sahnada «Islandiya vikingi», «Shimoliy dev», «Tirik tog‘» sifatida namoyon bo‘lardi. Biroq parda ortida u butunlay boshqa inson edi – kamgap, muloyim, samimiy va juda mehribon. Aynan shu fazilatlari sababli u «sevgisi ko‘p viking» degan nomga sazovor bo‘ldi. Ayollar Yoxanning ulkan qomatidan qo‘rqar, ammo yaqindan bilganlar uning qalbi juda nozik ekanini anglar edilar.

Gazetalarda shov-shuv

Petursson hayotining keyingi bosqichi uni shon-shuhrat bilan birga og‘ir sinovlar sari yetakladi. Kopengagenda boshlangan sahna faoliyati Yoxannni tez orada Yevropa chegaralaridan olib chiqdi. U Germaniya, Buyuk Britaniya, keyin esa Amerika Qo‘shma Shtatlariga gastrol safarlariga otlandi. Gazeta sarlavhalarida shov-shuvli «Islandiya vikingi», «Tirik dev», «Shimoldan kelgan qahramon» sifatida tilga olindi.

Biroq sahnada kuch va qudrat ramzi bo‘lgan bu insonning tanasi hali-hanuz og‘ir dard bilan kurashardi.

Shifokorlar keyinchalik Yoxanda gigantizm (akromegaliya bilan bog‘liq holat) mavjud bo‘lganini ta’kidlashgan. Bu kasallik gipofiz bezidagi o‘sma sababli o‘sish gormonlarining me’yordan ortiq ishlab chiqarilishi natijasida paydo bo‘ladi. Aynan shu holat Yoxanning bo‘yi to‘xtovsiz o‘sishiga, tananing me’yordan ortiq vazn olishiga sabab bo‘lgan.

Tanasidagi og‘riqlar tufayli Yoxan doimiy ravishda aziyat chekkan, uzoq yurishda qiynalgan, hassasiz harakatlana olmagan. Uni tezda charchash va kuchli og‘riqlar ham qiynar edi. Yoxan sahnada devdek ko‘rinsa-da, hayotda har bir qadami aziyatli kechardi.

Xanna bilan munosabat: qo‘rquvdan mehrgacha

Yoxan Petursson hayotida Xanna ismli ayol alohida o‘rin tutgan. Ilk paytlarda Xanna uning ulkan qomatidan cho‘chir, dugonalari «bu odam seni yanchib yuboradi», deya hazil-chin aralash ogohlantirar edilar. Ammo yaqindan tanishgach, Xanna Yoxanning muloyimligi, ehtiyotkorligi va ichki nozik dunyosiga oshno bo‘ldi.

Yoxan uni ilk bor o‘zining g‘ildirakli uyiga taklif qildi. Bu kulba oddiy emas, maxsus buyurtma asosida tayyorlangan, aql bovar qilmas darajada katta edi. Uydagi har bir jihoz Yoxanning bo‘yi va vazniga moslab yasalgandi. Ayniqsa, karavot shunchalik ulkan ediki, unda bir nechta oddiy erkak bemalol yota olardi.

Yoxan va Xanna o‘rtasidagi munosabat shiddatli sevgi bo‘lmay, balki asta-sekin tug‘ilgan ishonch va mehrga asoslandi. Xanna Yoxanni sahnadagi obrazi orqali emas, og‘riq-aziyatlar ichida ham hazil qilishga urinadigan inson sifatida sevdi.

Biroq Yoxanning kasalligi va doimiy safarlari bu munosabatni mustahkam oilaga aylantirishga imkon bermadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular jimgina o‘z yo‘llaridan ketishgan. Xanna sevgilisini tark etmagan, aksincha Yoxan uni o‘zining og‘ir taqdiriga bog‘lab qo‘yishni istamagan edi.

Shon-shuhrat, yolg‘izlik va o‘lim

Amerikada Yoxan katta mashhurlikka erishdi. U sirk sahnalari, ko‘rgazmalar va ommaviy tomoshalarda ishtirok etdi. Odamlar bu bahaybat odam bilan suratga tushish, qo‘lini ushlash, uni «tirik afsona» sifatida ko‘rish uchun navbatda turishardi.

Ammo sahna ortida, mehmonxona hujrasida Yoxan ko‘pincha yolg‘iz edi. Uning uzun bo‘yi va salomatligi oddiy hayot kechirishga imkon bermas, ishq-muhabbat esa har doim ham sabrga tayyor bo‘lmasdi.

Yoxan Petursson 1981 yilda 68 yoshida vafot etdi. Qayd etilishcha, uning o‘limi og‘ir kasalligi oqibatlari – yurak va suyak tizimiga tushgan ortiqcha yuk bilan bog‘liq bo‘lgan. Yoxan umrining so‘nggi yillarini nisbatan sokin hayot kechirib, sahnadan uzoqda o‘tkazgan edi.

Yoxan Petursson tarixda faqat ulkan qomat egasi sifatida emas, balki og‘ir tanasini ko‘tarib yashagan, mehrga tashna inson sifatida qoldi. Uning hayoti bir haqiqatni isbotladi: insonni devga aylantiruvchi omil jismi emas, balki jamiyatning unga bo‘lgan munosabatidir.

Yoxan butun umri davomida bitta narsani – undan qo‘rqmasliklarini, inson sifatida qabul qilishlarini astoydil istagan edi, xolos.

 

Akbar Fathullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring