Xato qiling, yiqiling, ammo turish uchun kuch toping
Tez tushkunlikka tushadigan odam noxush xayollardan qutulolmaydi. Shu bois hayotda qiynaladi. Xo‘sh, doim tushkunlikda yuradigan pessimistlar optimist bo‘lishi mumkinmi yoki umrining oxirigacha shunday qolib ketaveradimi?
Donishmandlar aytganidek, bir so‘z bilan qaroringiz, bir tuyg‘u bilan hayotingiz, bir inson bilan esa o‘zingiz o‘zgarishingiz mumkin.
Psixologiyada «yomon odamning o‘zi yo‘q» degan tushuncha mavjud. Qolaversa, har birimizning o‘zimizga yarasha kamchiliklarimiz bor. Hammasi qaysi ko‘z bilan qarashga bog‘liq, kimdir kimningdir yaxshi tomonini, boshqa kimdir yomon tarafini ko‘radi.
Pessimistlar o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan pilla ichidagi qurtga o‘xshaydi. «G‘umbagimni yorib chiqsam, kapalak bo‘la olamanmi, yo‘qmi, undan ko‘ra, qobig‘imning ichida tinch o‘tirganim ma’qul», deb hisoblaydi.
Maqsad sari intilishda albatta qiyinchiliklar bo‘ladi, buning ustiga ikki-uch marta qoqilishlar bor. Pessimistlar shundan qo‘rqib, ishning salbiy tomonini o‘ylayveradi va... harakatsizlikni afzal ko‘radi. Yoki toshqin daryodan oqib, ummonga tushishi kerak bo‘lsa, ummonni orzu qiladi-yu, ammo toshqin daryodan o‘tishni istamaydi.
Zero, hayotda uyg‘unlik holatiga faqat mashaqqatlar osha borish mumkin. Shunga tayyor bo‘lib, to‘siqlardan o‘ta olsa, pozitiv tabiatga ega bo‘ladi. Buning uchun esa mehnat qilish, izlanish, o‘qish kerak. Mayli, xato qilsin, yiqilsin, ammo turish uchun kuch topib, ildam yursin, pozitiv odamlar bilan ko‘proq suhbatlashsin, salbiy fikrlarni eshitmaslikka harakat qilsin. G‘iybatlardan qochsin, arz qilmasin, birovning shikoyatini eshitmasin. Ijobiy hissiyot beradigan filmlar tomosha qilsin, kayfiyatni ko‘taradigan kitoblarni o‘qisin.
Inson o‘z xayolini o‘zgartirishni o‘rganib olsagina pozitiv doiraga kiradi. Bu doiradagi ijobiy fikrlovchi odamlar uni tushkunlik holatidan osonlikcha olib chiqib ketadilar. Hatto yon-atrofdagi ellik foiz pozitiv odamlar kasbingizda katta yutuqlarga sababchi bo‘lishadi. Psixologik markazlarda ana shunday pozitiv odamlar ko‘p yig‘iladi. Pessimistlar xuddi doiralarga qo‘shilishlari, ular bilan oshno tutinishlari kerak. Pozitiv insonlarni izlang, toping, bir joyda aslo to‘xtab qolmang.
Baxtiniso Azimboyeva,
ruhshunos-shifokor


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter