Yaponiyadagi eng keksa erkak 111 yoshida vafot etdi
Yaponiyaning Kumamoto prefekturasida istiqomat qilgan, mamlakatdagi eng keksa erkak kishi deb tan olingan Hikaru Kato 111 yoshida olamdan o‘tdi.
1914-yil 2-mayda tavallud topgan Kato Ikkinchi jahon urushi davrida Tayvan va Filippindagi qonli janglarda ishtirok etgan va yaralangan. Keyinchalik Indoneziyaning Timor oroliga yuborilgan Kato o‘sha yerda Yaponiyaning mag‘lubiyati haqida xabar topgan. Avstraliya harbiylari tomonidan asirga olingan, tutqunlikda dehqonchilik qilib jon saqlagan va 1946-yilning bahorida vataniga qaytgan.
Urushdan so‘ng u qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi vazirligida faoliyat yuritib, mamlakat iqtisodiyotini tiklashga hissa qo‘shgan. 1973-yilda nafaqaga chiqqach, shahar ustaxonasida keksalarga kulolchilik sirlarini o‘rgata boshlagan. Kulolchilik bilan hatto 90 yoshdan oshganida ham muntazam shug‘ullanib kelgan.
Umrining so‘nggi yillarida ham ijtimoiy faolligini yo‘qotmagan otaxon 109 yoshiga qadar mahalliy gazetalarda o‘z xotiralari bilan bo‘lishib, urush dahshatlarini bayon qilgan va tinchlikni asrash naqadar muhimligini ta’kidlab kelgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter