Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yoshlar ittifoqiga murojaat! Yoshlar nashrlarini qachongacha kirill alifbosida o‘qiymiz?

Yoshlar ittifoqiga murojaat! Yoshlar nashrlarini qachongacha kirill alifbosida o‘qiymiz?

Foto: «uzbekiston.site»

Qanday jarangdor nom. Yoshlarga umid, ishonch berishga intilayotgan va buni qaysidir ma’noda uddalayotgan tashkilot nomi bu. Hozir qayerga qarama, ushbu ittifoqning qilayotgan ishlariga ko‘zing tushadi. Bu, albatta, biz yoshlarni xursand qilmoqda. Ortimizda shunday suyanchiq borligini his etayapmiz. Lekin bugun ushbu ittifoqning bir kamchiligi haqida gapirmoqchiman.

Yoshlar ittifoqi kim uchun? Albatta, yoshlar uchun. Uning a’zolari kimlar? Albatta, yoshlar. Xo‘sh, unda nega bu tashkilotning hamma qaror va hujjatlari a’zolari savod chiqargan lotin yozuvida emas? Ittifoq hali ham kirilldan nega voz kecha olmayapti? Balki buning ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bordir? Bu tomonidan uncha xabarim yo‘q. Yurtimizda hali ham ikki yozuvlilikning mavjudligi bir og‘riqli nuqtamiz. Buni tushunaman, yoshi kattalarni ham o‘ylash kerak.

Lekin qaysidir tashkilot to‘lig‘icha lotin yozuviga o‘tishni boshlab berishi kerak bo‘lsa, bu albatta O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bo‘lishi kerak. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti mana mart oyidan to‘laligicha lotin yozuviga o‘tmoqchi. Yoshlarning chinakam tayanchi bo‘lgan Yoshlar ittifoqi bu ishni qachonga rejalashtirgan?

Hurmatli Qahramon Quronboyev! Bu ishda sizga nima yoki kim xalal bermoqda? Biz qachongacha gazeta-jurnallaringizni savodimiz chiqqan lotin yozuvida emas, kirill yozuvida o‘qiymiz («Yoshlar ovozi» gazetasi ham kirill yozuvida chop etiladi)? Sizdan iltimos, o‘zingiz mard bo‘lib bu ishni boshlab bersangiz-da, boshqa tashkilotlarni ham shunga tortsangiz.

Shokir Yo‘ldosh


Tahririyatdan. Biz ushbu murojaatga javob olish maqsadida «Yoshlar ovozi» gazetasi bosh muharriri Faxriddin Karimov bilan bog‘landik. Bosh muharrirning aytishicha, mazkur gazeta respublika bo‘yicha nashr etiladi. Uning auditoriyasiga yosh cheklovi qo‘yilmagan. Qolaversa, hozircha hech qaysi nashr lotin alifbosiga o‘tishga majbur emas.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring