Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita: Haj ziyorati narxi 45 mln. so‘m bo‘lgani asossiz, mazkur masala hali ko‘rib chiqilmagan!

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita: Haj ziyorati narxi 45 mln. so‘m bo‘lgani asossiz, mazkur masala hali ko‘rib chiqilmagan!

O‘zbekiston fuqarolari Haj ziyoratiga yo‘l olmoqda

Foto: «Xabar.uz»Kun

28-dekabr kuni «Xabar.uz»da kolumnist Davronbek Tojialiyevning «Haj ziyorati narxi qancha?» nomli maqolasi e’lon qilingan edi. Maqola o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj ziyorati narxi 45 mln. so‘m bo‘lgani, respublikada valyuta bozorining erkinlashtirilishi oqibatida bozor va davlat kurslari bir xil bo‘lgani uchun so‘mda Haj narxi oshib ketgani, 45 mln. so‘m bugungi kurs bilan 5541 AQSh dollarini tashkil etishi, bu ma’lumot ijtimoiy tarmoqda turli fikrlar, tortishuvlarga sabab bo‘layotgani aytilgan hamda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Hajga mas’ul tashkilotlar bunga o‘z munosabatlari va narx bo‘yicha izohlarini berishlari so‘ralgan edi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati bunga rasman izoh berib, «internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Haj mavsumining narxi masalasida bildirilgan ma’lumot fuqarolar orasida turli xil asossiz muhokamalarga sabab bo‘layotganini» bildirdi.

Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshiriladi. Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan so‘ng boshlanadi. Ushbu uchrashuvda haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmatining bergan ma’lum qilishicha, hozircha 2018-yilning uchun «Haj» va «Umra» ziyoratlari narxi belgilanmagan. Mazkur masala 2018-yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilishda ziyoratchilar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ muhokama qilinib, narx belgilanadi.

«2018-yilgi Haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan «Haj» safariga tayyorligi, avval Hajga bormaganligi, islom dini va Haj ibodati haqidagi tushunchalari, ma’naviyati, ma’rifati va odob-ahloqi, mahalladagi obro‘-e’tibori, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e’tibor qaratiladi. Fuqarolarimizdan mazkur masalalarda mutasaddi vazirlik va idoralar bergan ma’lumotlarga e’tibor qaratishlarini har qanday noxolis ma’lumotlarga ishonib ketavermasliklarini tavsiya etamiz», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yildan boshlab o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilangandi (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi). Bundan tashqari, o‘tgan yili 150 nafar o‘zbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi davlat tomonidan imtiyozli ravishda umumiy kvotadan tashqari holatda Haj ziyoratiga yuborildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring