Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ochofat ayiq, ajdarhosifat ilon va o‘tkirko‘z burgut qurshovida» – Ciyosatshunos O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatiga baho berdi

«Ochofat ayiq, ajdarhosifat ilon va o‘tkirko‘z burgut qurshovida» – Ciyosatshunos O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatiga baho berdi

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov O‘zbekiston hamda Qozog‘iston o‘zaro robitalarda «Bjezinskiy sindromi»dan xalos bo‘lmoqda, deb hisoblaydi. Tahlilchi Facebook tarmog‘idagi shaxsiy sahifasida prezident Shavkat Mirziyoyevning 5-6 dekabr kunlari Qozog‘istonga amalga oshirgan tashrifi yakuni yuzasidan kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashgan.

«Bu tashrif ham O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlaridagi boshqa safarlar qatori standart munosabatlarni davom ettiradi deb o‘ylagan edim. Yo‘q. Ikki davlat o‘rtasida yangi ruhiyat, yangi munosabat shakllanyapti. Birinchi ma’muriyat davrida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda nosog‘lom raqobat, ishonchsizlik va sovuqlik ustuvor ko‘rinar edi. Men bu munosabatlarni «Bjezinskiy sindromi» deb nomlagan edim. Sababi, Bjezinskiy o‘zining «Buyuk shaxmat doskasi» kitobida «Markaziy Osiyoning lideri kim: Qozog‘istonmi yoki O‘zbekiston?!» degan savol qo‘ygan edi. Va mana shu savol ikki davlat elitasining tafakkurida mustahkam joy egallab, nosog‘lom raqobatni yanada kuchaytirgan edi», – deydi K.Rabbimov.

Qayd etilishicha, bugun Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat boshqacha. Rasmiy Ostona uchun mintaqaviy hamkorlik va muvofiqlashuv juda muhim. Mamlakatning asosiy qo‘shnisi – Rossiya bilan munosabatlarida esa xavfli nuqtalar mavjud. Xususan, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning «Biz o‘zaro munosabatlarda davlatimizning qadr-qimmatini qurbon qilmaymiz!» degan ohangi Moskva noroziligiga sabab bo‘layotir.

«O‘zbekistonda ham hokimiyat o‘zgarishi bilan mutlaq yangi geosiyosiy qarash va ohang paydo bo‘ldi. Davlat rahbarlarining ichki madaniyati, psixologiyasi, strategiyasi ichki va tashqi siyosatda naqadar hal qiluvchi rol o‘ynashiga bu yaxshi bir misol. O‘zbekiston ham o‘zining ichki muammolarini hal qilishi uchun mintaqaviy va tashqi siyosatda ihotalanish va o‘jarlik qilish emas, manfaatlarga asoslangan intensiv hamkorlik siyosatiga o‘tdi», – deya mulohazalarini davom ettiradi ekspert.

Tahlilchi safarga «davlat tashrifi» maqomi berilgani, Nursulton shahrida O‘zbekistonning yangi elchixonasi ochilganini ijobiy hol o‘laroq baholagan.

«Asosiysi, ikki davlat «ittifoqchilik munosabatlari» to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan. Bu deklaratsiya juda katta siyosiy-ramziy ahamiyatga ega. Bu deklaratsiya ikki davlatning o‘zaro koordinatsiyasi yuqori darajada bo‘lishi kerakligini anglatadi. Bu deklaratsiya, agarki real hayotda to‘laqonli ishlasa, Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy mustaqilligi uchun jiddiy siyosiy platforma bo‘lishi mumkin», – deb hisoblaydi K.Rabbimov.

Siyosiy tahlilchi Markaziy Osiyo mintaqasi duch kelayotgan geosiyosiy voqelikni obrazli tarzda ifodalaydi va mavjud holatdan chiqish yo‘lini ham taklif etadi.

«Bugungi vaziyat shundayki, davlat rahbarlari qurshovda qolayotgan do‘stlarni eslatadi. Bir tomonda bahaybat va yeb to‘ymas qo‘ng‘ir ayiq, boshqa tomonda ajdarhosifat katta ilon, osmonda ko‘zlari o‘tkir burgut ham ko‘rinadi. Har birining o‘z manfaati bor. Globallashuv – maydondagi ochiqlikni, hamma bir-birini ko‘rib turishini anglatadi. Endi yashirinishning iloji yo‘q. Qochadigan joy ham yo‘q. Endi o‘zlik asosidagi ishonch, do‘stlik, hamkorlik va kollektiv mudofaa davri boshlandi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari, qanchalik samimiy va barqaror bo‘ladi – vaqt ko‘rsatadi. Lekin, agarki tomonlar tushunsa, raqobatdan ko‘ra ikki davlatning bir-birini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, ikkalasi uchun ham yaxshi bo‘lardi», – deya xulosa yasaydi Kamoliddin Rabbimov.

Avval xabar berganimizdek, 6 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Oqo‘rda qarorgohida hamkasbi Qosim-Jomart Toqayev bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokara davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi umumiy tovar aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish rejasi ma’lum qilindi. Tashrif doirasida Nursulton shahrida O‘zbekiston elchixonasining yangi bino ham ochildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring