Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘iston uch yil ichida raqamli davlatga aylanadi – elchi

Qozog‘iston uch yil ichida raqamli davlatga aylanadi – elchi

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar mavhum kelajak emas, ular allaqachon Qozog‘iston xalqi hayotini o‘zgartirmoqda. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov Toshkentda o‘tkazilgan davra suhbatidagi chiqishida gapirdi. 

O‘zbekistonning yetakchi ekspertlari, tahlilchilari va OAV vakillari qatnashgan anjumanda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning joriy yil 8 sentyabr kuni mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaati muhokama qilindi.

“Sun’iy intellekt davrida Qozog‘iston: dolzarb vazifalar va ularni raqamli transformatsiya orqali hal qilish” nomli murojaatda mamlakatni taraqqiy ettirishga oid ko‘plab marralar, jumladan, sun’iy intellektga doir vazifalar belgilangan.

“Murojaatning nomidan ham ko‘rinib turibdiki, raqamlashtirish va sun’iy intellekt uning asosiy negizini tashkil etadi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev strategik maqsadni belgilab berdi: Qozog‘iston uch yil mobaynida to‘liq raqamli davlatga aylanishi kerak. Buning uchun prezident Sun’iy intellekt va raqamli taraqqiyot vazirligini tashkil etish, shuningdek, Raqamli taraqqiyot kodeksini qabul qilishni taklif etdi. Ta’kidlash lozimki, yangi vazirlik allaqachon tuzildi va faoliyatga kirishdi”, – dedi Qozog‘iston elchisi Beybut Atamqulov. 

Diplomatga ko‘ra, Qozog‘istonda yaqinda yuqori darajadagi hisob-kitoblarga mo‘ljallangan ilk superkompyuter paydo bo‘ldi. Milliy bank tengega biriktirilgan ilk qozoq steyblkoinini joriy etdi. Shu tariqa raqamli aktivlar ekotizimini yo‘lga qo‘yish jarayoni boshlandi. Alatau City loyihasi doirasida esa Olmaota viloyatidagi yangi shahar aqlli texnologiyalar tatbiq etiladigan ilk raqamli shaharga aylanadi.

Qayd etilishicha, murojaatda ilgari surilgan vazifalar shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyo chaqiriqlariga va mintaqa davlatlari maqsad-mo‘ljallariga hamohangdir.

“O‘zbekistonda sun’iy intellektning milliy modeli ishlab chiqilayotgani va bir qator davlat dasturlari muvaffaqiyatli tarzda amalga tatbiq etilayotganini inobatga olsak, davlatlarimiz raqamli hamkorlik bo‘yicha ham ulkan istiqbolga ega. Darvoqe, Central Asian Innovation Hubs platformasi allaqachon faoliyat yuritmoqda. Astana Hub va IT Park Uzbekistan hamkorligidagi loyiha doirasida global darajada qo‘shma startaplar amalga oshirilmoqda”, – dedi Qozog‘iston elchisi. 

Davra suhbatida ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo integratsiyaning tarixiy bosqichini boshdan kechirmoqda va aynan hozir mintaqaning umumiy farovonligi va barqarorligining poydevori qo‘yilmoqda.

Qozog‘iston prezidenti tomonidan xalqqa murojaat yo‘llash an’anaga aylangan.

Avval xabar berganimizdek, Q.To‘qayev 8 sentyabr kuni mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatida Qozog‘istondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun parlament islohotlari o‘tkazishni ham taklif etgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring