Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Prezident mas’uliyat va qat’iylikni o‘rgatgan» — Saida Mirziyoyeva katta intervyu berdi

«Prezident mas’uliyat va qat’iylikni o‘rgatgan» — Saida Mirziyoyeva katta intervyu berdi

Foto: Alter Ego.

O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga o‘zining ilk katta intervyusini berdi

Saida Mirziyoyeva ilk katta intervyusida o‘z faoliyati, davlat rahbarining ish uslubi hamda administratsiya oldida turgan ustuvor vazifalar haqida ochiq gapirdi.

Uning ta’kidlashicha, prezident administratsiyasi asosan strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqadi va ijro apparatiga aniq yo‘nalish beradi. Mirziyoyeva bugungi davrni «islohotlar davri» deb atab, tizimdagi o‘zgarishlar uzluksiz nazorat va katta mas’uliyat talab qilishini aytdi.

Intervyuda Saida Mirziyoyeva prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy sifatlari va rahbarlik uslubiga to‘xtalib, uni insonni tinglaydigan, hurmat qiladigan va jamoani «o‘stira oladigan» rahbar sifatida ta’rifladi. Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari jamoaga ishonish, fikr almashish va kadrlarni rivojlantirishga katta e’tibor beradi. U islohotlar «faqat qattiqqo‘llik» bilan emas, balki moslashuvchanlik va donolik orqali amalga oshishini qayd etdi.

Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasi oldidagi besh ustuvor yo‘nalishni sanab o‘tdi: suv, ta’lim, tibbiyot, biznes va sud-huquq tizimi. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa suv masalasi kelajakdagi eng katta chaqiriqlardan biri bo‘lib, agrar mamlakat uchun bu yo‘nalish strategik ahamiyatga ega. Ta’lim va tibbiyotdagi o‘zgarishlar esa «uzoq muddatli» jarayon bo‘lib, natijani bir kunda ko‘rish qiyinligini aytdi.

Saida Mirziyoyeva xarakterining shakllanishida aynan otasining o‘rni katta bo‘lganini, uni mas’uliyatga va qaror qabul qilishda qat’iylikka o‘rgatganini ta’kidladi. Oilada iyerarxiyaga rioya etish va kattalarni hurmat qilish qat’iy qoida bo‘lgan: unga singlisi Shahnoza Mirziyoyeva ham «siz» deb murojaat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oilada shakllangan muhit va tartib-qoidalarning ifodasi bo‘lgan.

«Dadam meni «Saida aytdimi — tamom» degan ruhda shakllantirgan. Hamma menga «siz» deb murojaat qilardi, hatto mendan bir yarim yosh kichik singlim ham. U meni doim «siz»lardi… chunki tartib shunday bo‘lgandi. Va men anglab yetdimki, ota-onamiz bolaligimizdanoq bizni aynan shu iyerarxiya, ya’ni «katta — bu bosh, katta — bu muhim» degan tartibda tarbiyalagan ekan. Ayni damda men o‘z hayotimni xizmat qilishga bag‘ishlayapman, desam bo‘ladi. Men shunchaki foydam tegishini istayman. Hatto farzandlarimni ham aynan shu ruhda tarbiyalayapman», — dedi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring