Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston karate federatsiyasida qo‘shhokimlik: aslida kim prezident?

O‘zbekiston karate federatsiyasida qo‘shhokimlik: aslida kim prezident?

Ijtimoiy tarmoq va ayrim saytlarda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi rahbariyati bilan aloqador turli xabarlar tarqaldi, mish-mishlar urchidi. Ularda asosan federatsiya prezidentligi uchun “kurash” haqida aytiladi. Aslida nima bo‘lgan edi? Federatsiyada haqiqiy vaziyat qanday? Bugun O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti kim?.

O‘zA muxbiri ushbu savollarga javob topish va vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida 12 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari taklifi bilan 2018 yil may oyida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidentligiga rasman saylangan Nurxon Nafasov bilan uchrashdi.

(Izoh: O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, 6 DAN qora belbog‘ sohibi Nurxon Nafasov 1996-2006 yillarda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimida ishlagan).

Nurxon Nafasov: Adovat emas, adolat yengsin...

– 2006 yilda 70 mingdan ortiq yoshlarimiz karate bilan shug‘ullanardi. Bugun ularning soni 7-8 ming atrofida, ommaviylik darajasidan ancha yiroqlashib ketgan, – deydi N. Nafasov. – Ochiq aytaman, o‘tgan yillar davomida karateni xalqimiz, xususan, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish tizimi izdan chiqqan edi. Oqibat nima bo‘ldi? Karate bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi inqirozga uchradi. Gap shundaki, o‘tgan davrda faqat 6-7 nafar sportchiga e’tibor qaratilgan xolos. Shu sportchilar 4-5 yil davomida muttasil chet elma chet el musobaqalarda yurgan. Ular bir kun jarohat olsa, ertaga nima bo‘ladi, degan fikr bo‘lmagan. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ulardan boshqa sportchilar yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Terma jamoada zaxira sportchilar to‘planmagan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shaffoflik siyosati samarasi o‘laroq, 2018 yil may oyida 12 yillik tanaffusdan so‘ng meni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidentligiga tavsiya qilishdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekistonda karate sporti inqirozga yuz tutmoqda, uni rivojlantirish kerak, takliflaringizni bering, dedi. Takliflarimni o‘rtaga tashladim. Konferensiya bo‘ldi va meni delegatlar O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti etib saylashdi.

Albatta, oldimizda juda katta vazifalar turgandi. Biz ishni, karateni ommalashtirishni bolalar bog‘chasidan, maktab va kollejlardan boshladik. Bugun 140 ga yaqin bog‘chada, 300 ga yaqin maktabda karate to‘garagi ish boshlagan. Bu yil birinchi marta kollejlarda karate seksiyalari faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Ijtimoiy roliklar tayyorladik. Litsenziya berish tartibini yengillashtirdik. Bu karateni ommalashtirishda qo‘l keladigan usul. Jahon va Osiyo federatsiyalari bilan aloqalarni qayta tikladik. 2020 yilgacha bo‘lgan katta dastur ishlab chiqdik. Shu asosda 2 yilda karate bilan shug‘ullanadigan yoshlarimiz sonini 30 mingga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Karate bo‘yicha Istanbul primer ligasida 1 kumush medalni, Iordaniyada bo‘lgan Osiyo chempionatida 2 bronza medalni, Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdik.

Shu o‘rinda bundan 5-6 oy oldingi vaziyatni yana bir bor eslash o‘rinli. Terma jamoani saralashga kirishganimizda bor yo‘g‘i 100 ga yaqin sportchi bor edi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi raqamli sportchilarni topolmadik. Yo‘q. Terma jamoa aslida minglab sportchilar orasidan saralanishi yaxshi natija beradi.

Biz dastlab, federatsiyaning viloyatlardagi mas’ullari bilan ishlashni boshladik. Ularni “uyg‘otish” harakatidamiz. Ish va natija talab qilayapmiz. Hozirgacha viloyatdagi bironta mas’ulimizni “uxlatmadik”. Chunki vazifa ko‘p, muammo ko‘p. Ularni hal qilish kerak. Bu ko‘pchilikka yoqmaydi, albatta. Ular tinchgina ishlab yurgan edi. To‘yga borsa to‘rga o‘tirib. Bugun uyg‘onmasak, islohotlarimizga hamohang yashamasak bo‘lmaydi, axir...

Yana bir e’tiborli jihat. Shu paytgacha federatsiyada naqd pul bilan ish qilingan. Biz naqd pul aylanish tizimiga barham berdik. Endi hamma jarayon pul o‘tkazish yo‘li bilan bo‘ladi. Bu ham ko‘pchilikka yoqmagani tabiiy.

Rejalar katta. O‘zbekistonda karate bazasini yaratishimiz kerak. Hozir federatsiyada baza yo‘q. Bolalar maktab, kollejlarning zallarida arenda asosida shug‘ullanadi. Terma jamoa esa ijaradagi zallardan foydalanib keladi.

Biz Nurxon Nafasovdan bugungi vaziyat, umuman, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi haqidagi turli gap-so‘zlarga izoh so‘radik.

– Bugun rasman O‘zbekiston milliy karate federatsiyasida ishlayapmiz, – deydi N.Nafasov. – Tushundim, siz bilmoqchi bo‘lgan ma’lumot bu emas. Endi ochig‘ini aytaman.

To‘g‘ri, O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi prezidentligi lavozimi atrofida gap-so‘zlar urchidi. Vaziyat aslida qanday bo‘lgan edi?

Federatsiyaning avvalgi prezidenti A’lamjon Mullayev ko‘rsatmasi bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti U.Ahmadjonov nomiga shu yilning 25 sentyabr kuni soxta xat yozilgan. Soxtaligi nimada isbotini topadi? Birinchidan xat O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi ijrochi direktori N.Iminov imzosi bilan yuborilgan.

Federatsiya shtatlar jadvalida esa ijrochi direktor lavozimining o‘zi yo‘q. Ikkinchidan muhr eski, ya’ni Madaniyat va sport vazirligi so‘zlari bilan turibdi. Aslida yangi muhr bizda-ku.

(Bizda Nurxon Nafasov taqdim etgan Milliy olimpiya qo‘mitasiga yo‘llangan soxta xat, viloyat federatsiyalari mas’ul shaxslari konferensiyada ishtirok etmagani haqida javob xatlari va boshqa hujjatlar saqlanmoqda)

Xullas shu soxta xatda viloyat federatsiyalaridan oxirgi paytda O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi faoliyati qoniqarli tarzda olib borilmayotgani haqida kelib tushgan arizalarni inobatga olgan holda, 2018 yil 26 sentyabr kuni navbatdan tashqari konferensiyaning nizomga asosan o‘tishini ta’minlab berishda amaliy yordam va konferensiyada Milliy olimpiya qo‘mitasidan vakil ishtirok etishi so‘ralgan.

Shu tariqa go‘yoki konferensiya bo‘lib o‘tgan va unda A’lamjon Mullayev prezident etib saylangan. Bu konferensiyada Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etgan. Aslida federatsiya nizomiga ko‘ra, konferensiya o‘tishi uchun asos sifatida sanoq komissiyasi tomonidan kvorium tasdiqlanishi kerak. Ular o‘tkazgan konferensiyada esa bor-yo‘g‘i 3-4 viloyatdan delegat kelgan. Asosan sportchilar kelishgan. Kulgili holat. Sportchilar delegat sifatida ishtirok etishi mumkin emas. Ular sport bilan shug‘ullanishi kerak.

Bizning qo‘limizda 9 viloyatdagi vakillarimizning ushbu konferensiyada qatnashmagani to‘g‘risidagi bildirgi xatlar bor.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov esa shu konferensiyada ishtirok etish uchun borgan bizning vakillarni ichkariga kiritmagan.

Xullas, konferensiyada to‘rt-beshta sportchi qo‘l ko‘targan. A. Mullayev saylangan. So‘ng qarsak chalingan.

Aslida federatsiyada Rayosat bor. Agar men xato qilgan bo‘lsam, ishni boshqara olmagan bo‘lsam Prezidium a’zolari yoki Taftish komissiyasi yig‘ilish o‘tkazib, ishdan olishi mumkin. Umuman federatsiyaning konferensiyasini federatsiya prezidenti, Rayosat va Taftish komissiyasi chaqirish huquqiga ega.

Yaqinda Jahon karate federatsiyasi prezidenti Antonio Espionos bu mashmashalardan ranjib O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentiga xat yo‘llagan. Xatning mazmuni bu kabi ishonchsiz harakatlar O‘zbekistonda karate sport turini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani haqidadir.

Hozir jimjitlik. Bu degani balki soxta federatsiya tan olinganidan daolatmi, men bilmayman. Menga milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi J.Matchanov telefon qilib, konferensiya bo‘ldi, muhrni berib yuboring, dedi. Hayron bo‘ldim. Noqonuniy konferensiyani o‘tkazishdan kim manfaatdor o‘zi?
Bu vaziyatga O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi qanday munosabat bildiradi? Shu savolga javob topish maqsadida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasiga murojaat qildik.

Ulardan olingan javobni quyida asl holida e’lon qilmoqdamiz.

Ma’lum bo‘lganidek, Nurxon Nafasov va O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi fikrlari qarama-qarshidir. Ushbu holatga aniqlik kiritish, asl vaziyatga qonuniy izoh berish tegishli tashkilotlar zmmasidagi ish ekanligini inobatga olib qolamiz.​

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring