Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud Nurxon Nafasovni O‘KMF raisligiga tikladi. Avvalgi rahbarlar tergov qilinmoqda

Sud Nurxon Nafasovni O‘KMF raisligiga tikladi. Avvalgi rahbarlar tergov qilinmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi (O‘KMF) rahbarligidan noqonuniy bo‘shatilgan deb topdi va uni lavozimga tiklash haqida hal qiluv qarori chiqardi. Mazkur ma’lumotni Oliy sud matbuot xizmati tasdiqladi.

Bu — N. Nafasov va O‘zbekiston O‘KMF o‘rtasidagi nizo bo‘yicha bo‘lib o‘tgan birinchi sud emas.

Gap shundaki, 1996-2006-yillar mobaynida mazkur federatsiyani boshqargan N.Nafasov (O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, qora belbog‘ 6-DAN sohibi) o‘n ikki yillik tanaffusdan so‘ng (2018-yil, may) yana O‘zbekiston KMF rahbarligiga saylangandi. Biroq oradan to‘rt oy o‘tmay, u mojaroli tarzda lavozimdan chetlatiladi.

Shundan so‘ng karate sporti mas’ullari o‘rtasida sudda «tepishish» boshlanib ketganidan ko‘pchilik boxabar. Ya’nikim, kutilmaganda ishidan mosuvo bo‘lgan N.Nafasov sudga murojaat qiladi. Uzoq davom etgan sud, pirovardida, O‘zbekiston Karate milliy federatsiyasining 26.09.2018 yildagi yig‘ilish bayonnomasi va qarorini haqiqiy emas, Nurxon Nafasovni federatsiya rahbarligidan ozod etish haqidagi buyruqni g‘ayriqonuniy deb topadi (2019-yil, sentyabr).

Sudning mazkur hal qiluv qarori yuqori instansiyalarda ham ko‘rilib, o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Biroq masalaga sud qarori ham nuqta qo‘ygani yo‘q. Sudda yutqazgan O‘KMFning «Nafasov o‘rniga kelgan» mutasaddilari (A.Mullayev va boshqalar) 2019-yilning 28-dekabr kuni Milliy federatsiyaning navbatdan tashqari yig‘ilishini chiqarib, unda tashkiliy masala ko‘rib chiqadi va tashkilotning yangi rahbar organini saylashadi. Bu bilan bir o‘q vositasida ikki quyon uriladi, go‘yo. Birinchidan, sud qarori «brak»ka chiqargan avvalgi yig‘ilish qarori va bayonnomasi «yangilab» qo‘yilgan bo‘lsa, ikkinchidan, shu tariqa A. Mullayev yana O‘KFM rahbarligini saqlab qoladi. Mazkur tadbir haqida tarqatilgan xabarda esa «federatsiyaning sobiq rahbari Nurxon Nafasov va Alamjon Mullayev o‘rtasida uzoq muddat» davom etgan sud ishlariga barham berilgani alohida qayd etiladi.

Ammo amalda bunday bo‘lmadi. N. Nafasov yana bir bor sudga murojaat etib, «sud ishlariga barham bergan» federatsiyaning 2019-yil 28-yanvar kungi navbatdan tashqari konferensiyasi bayoni va qarorini haqiqiy emas deb topish va o‘zini O‘KMF rahbarligiga tiklashni so‘raydi.

Sud, yuqorida aytilganidek, da’voni qanoatlantirib, konferensiya bayonnomasi va yig‘ilish qarorini haqiqiy emas deb topish hamda Nurxon Nafasovni federatsiya raisligiga tiklash haqida hal qiluv qarori chiqardi.

Aytilishicha, da’vogar sudda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplash talabini qo‘ymagan.

Qonunchilikka ko‘ra, ishga tiklash haqidagi sud qarori darhol ijro etilishi kerak.

Yana bir gap. Joriy yil boshida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining (endilikda sobiq) rahbari A. Mullayev va boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi («ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va talon-toroj qilish») alomatlari bilan «ish» ochilgandi. Bugunga kelib, jinoyat ishining bir qismi sud muhokamasiga yuborilgan. Qolgan qismi bo‘yicha tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring