Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘FF prezidenti: «Samvel Babayanning hujjatlari prokuraturaga topshirilgan»

O‘FF prezidenti: «Samvel Babayanning hujjatlari prokuraturaga topshirilgan»

Foto: «Muz.uz»

«Xalq so‘zi online» internet nashri muxbiri O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovdan intervyu oldi. O‘FF prezidenti O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayanning ishdan ketishiga izoh berdi.

— Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tishni xohlardimki, Samvel Babayanning futboldan chetlatilishi, ushbu sohada turli qing‘irliklar bilan shug‘ullangan, faqat o‘z manfaatini o‘ylab, futbol orqasidan kun ko‘rib kelayotgan ayrim shaxslarga ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib xizmat qilishi lozim. Babayanning «Paxtakor» klubi boshqaruvida va O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida amalga oshirgan turli qing‘irliklari bizga ma’lum. Biz o‘z vakolatimiz doirasida, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston futbol federatsiyasi ustavidan kelib chiqib, uni futbol faoliyati bilan shug‘ullanishdan bir umrga chetlashtirdik. Shu bilan birgalikda, uning hujjatlari va materiallarini prokuraturaga topshirdik. Babayan ishi bilan bundan buyog‘iga prokuratura xodimlari shug‘ullanishadi va uning aybi to‘liq isbotlansa, qonun oldida, albatta, javob beradi, — deydi U.Ahmadjonov.

O‘FF prezidentining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarga kelib, O‘zbekistonda futbol tizimi butunlay izdan chiqib ketgan. Murabbiy va hakamlardan tashqari «futbol atrofidagi shaxslar» paydo bo‘lgan. Garchand sohaga hech qanday aloqasi bo‘lmasa-da, mas’ul rahbarlarning e’tiborsizligidan foydalanib, vositachilik bilan shug‘ullangan. Ular asosan jamoalar o‘rtasida kelishilgan o‘yinlarni tashkil etishda, kerakli natijaga erishish uchun hakamlar bilan kelishishda, futbolchilarning boshqa klubga transfer qilinishida, yosh futbolchilarning yoshini sun’iy ravishda kichraytirishda «jonbozlik» ko‘rsatishgan.

— Bizda «futbol atrofidagi shaxslar»ning bir nechtasi haqida ham ma’lumot bor. Futbolimizni ana shunday illatlardan tozalamas ekanmiz, jahon chempionatiga chiqish bizga armon bo‘lib qolaveradi, — deya qo‘shimcha qildi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring