Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Bir haqiqatni tan olishimiz kerak...

Bir haqiqatni tan olishimiz kerak...

Foto: Xabar.uz

Dunyo sahnasidagi geosiyosiy to‘lqinlar goh sharqdan, goh g‘arb va shimoldan qalqib turibdi. Bir qarashda bu xavf ayrim davlatlargina daxldordek ko‘rinadi. Lekin u hammaga, bizga ham jiddiy ta’sir qiladi: iqtisodiyotimizga, savdo yo‘llarimizga, yurtdoshlarimiz taqdiriga... Misol, so‘nggi paytlarda Rossiyada ishlayotgan ko‘p sonli hamyurtlarimizning kundalik hayotidagi turli salbiy holatlar ham ushbu jarayonlar ta’sirida sodir bo‘lyapti.

Shunday murakkab vaziyatda O‘zbekistonning iqtisodiyoti 6 foizdan ortiq sur’at bilan o‘sayotgani katta natija. Keyingi sakkiz yilda yalpi ichki mahsulot ikki barobarga o‘sdi va 115 milliard dollardan oshib, yil yakunida 130 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Davlatimizning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 48 milliard dollardan oshgan. So‘nggi sakkiz yilda yurtimizga qariyb 130 milliard dollar xorijiy investitsiyalar kirib kelgan. Bu albatta xalqimiz hayotida yangilanishlarga, turmush tarzining yaxshilanishiga olib keladi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yil boshidan beri 5 million aholining bandligi ta’minlangan. 700 ming nafar fuqaro mehnat migratsiyasidan qaytib, yurtda ish topibdi. Buning iqtisodiy ahamiyatidan tashqari, yuz minglab xonadonning bag‘ri to‘lgani, ota yoki onadan ayro ulg‘ayayotgan qalbi o‘ksik bolalarning sog‘inch azobi arigani, ota-onalarning esa farzand diydoriga to‘ygani kabi katta ma’naviy yuki ham bor.

Agar yangi ish o‘rinlari yaratishga, yoshlarga bilim va kasb berishga o‘z vaqtida jiddiyroq e’tibor berganimizda, balki hozir millionlab yurtdoshlarimiz o‘zga diyorda sinovli damlarga, og‘ir mehnatga majbur bo‘lmasmidi... Hechdan ko‘ra kech yaxshi, deydilar. Hali ham vaziyatni o‘nglasa, to‘g‘rilasa bo‘ladi. Mehnatkash xalqmiz, yaxshi daromadli ish bo‘lsa, pand bermaymiz. Masalan, AQShga “grin-karta” bilan ishlashga ketib, qiynalib qolgan o‘zbekistonlik haqida deyarli eshitmaganmiz. Demak, munosib sharoitdagi daromadli ish bo‘lsa, borini berib ishlaydi xalqimiz.

Yoki tadbirkorlik uchun imkoniyatlar ochiq bo‘lsa, byurokratik to‘siqlar bo‘lmasa, infratuzilma, elektr va energiyadan muammolar kuzatilmasa, o‘z oilasi ehtiyojlarini bemalol qondira oladigan, hatto qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratadigan ishbilarmonlar ko‘p oramizda. Mana isboti — so‘nggi yillarda tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi, bugun kichik va o‘rta biznesda 10 milliondan ortiq inson mehnat qilmoqda. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, hozir O‘zbekistonda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, oldinga boshlovchi katta kuchga aylangan. Shunday ekan, mas’ullar, joylardagi rahbarlar tadbirkorlik uchun yanada keng imkoniyat va sharoit yaratishsa, mehnatkash xalqimizning o‘zi qolganini eplab ketadi.

Keyingi yillarda dunyoga ochilayotganimiz ham iqtisodiy imkoniyatlarimizni oshirmoqda. O‘zbekistonni dunyo yangicha qiyofada ko‘ra boshladi. Turistlar oqimi ortib, o‘tgan yili 10 million kishi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Turizm xizmatlari eksporti 3 milliard dollardan oshdi. Buning zamirida faqat boy tariximiz yoki me’moriy yodgorliklarimiz emas, balki yurtimizga nisbatan ortib borayotgan ishonch, tinchlik hamda xavfsizlik, dunyo bilan ochiq muloqot turibdi.

O‘zbekiston pasporti Henley Passport Index’da bir yil ichida 8 pog‘ona ko‘tarilib, 72-o‘ringa chiqqani ham bejiz emas. Bugun o‘zbekistonliklar 62 davlatga vizasiz kirishi mumkin. E’tibor beryapsizmi, so‘nggi paytlarda yurtdoshlarimizning xorijga sayohatlari keskin ko‘paydi. Umra ziyoratimi, dengiz sohillarida hordiq chiqarishmi yoki tarixi boy, rivojlangan mamlakatlarga sayohat deysizmi... Yaqinlaringizdan kimdir, tanishlaringiz yoki hamkasblaringiz, balki o‘zingiz ham bir yilda kamida bir marotaba sayohatga chiqishni odat tusiga aylantirmoqdasiz. Bu bir jihatdan aholining daromadi oshayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan faqat to‘y-tomoshalarga pul sarflamay, dunyoni ko‘rish ishtiyoqi oshib borayotganidan ham darak.

Iqtisodiyot o‘sishi bilan energoresurslarga talab ham oshib bormoqda. Bir paytlar asosan gazga suyangan mamlakatimiz endi barqaror “yashil” energetikada yetakchi bo‘lish niyatida. 2016 yilda 59 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugun 85 milliardga yetdi. Yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich 97 milliarddan oshishi kutilmoqda. Eng muhimi, ishlab chiqarilayotgan elektrning qariyb 30 foizi “yashil” manbalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2030 yilga qadar bu ulush 54 foizga yetkaziladi. Xohish bo‘lsa, istak bo‘lsa, eng og‘riqli muammolarga ham yechim topiladi.

Bir haqiqatni tan olishimiz kerak, O‘zbekistonning yutuqlari ham, muammolari ham umumiy, barchamizga aloqador. Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi hammaga birdek tegishli. Rahbarlardan tortib, oddiy fuqarolargacha o‘zaro hamjihatlik, mas’uliyat bo‘lsa, albatta taraqqiy etgan mamlakatga aylana olamiz. Bu yo‘l oson emas, katta iroda talab qiladi. Ammo intilgan baxt topadi, kurashgan esa g‘alaba qozonadi. Umid qilamiz, O‘zbekiston ana shu yo‘ldan boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring