Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«To‘rtinchi hokimiyat». O‘zbek jurnalistikasi va so‘z erkinligi haqida

«To‘rtinchi hokimiyat». O‘zbek jurnalistikasi va so‘z erkinligi haqida

Foto: ««To‘rtinchi hokimiyat». O‘zbek jurnalistikasi va so‘z erkinligi haqidageoclub.info»

O‘zbekistonimizda navbatdagi blogerlar chempionati bo‘lib o‘tdi. Jamiyatimizda sodir bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmagan jurnalist ekanligini o‘z ijodi bilan ko‘rsata oladigan qanchadan-qancha yosh jurnalistlar blogerlar chempionatida qatnashdi. Turli xil siyosiy-ijtimoiy vaziyatlar haqida yozilgan maqolalar muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqlar va matbuot orqali omma e’tiboriga havola qilindi. Maqolalarning mazmuni va mohiyati oldingilardan tubdan farq qiladi. Bu nafaqat iqtidorli yosh jurnalistlarning g‘alabasi, balki o‘zbek jurnalistikasining bayrami bo‘ldi desak ham bo‘ladi. Singlimiz Shahnoza To‘raxo‘jayeva blogerlar chempionatining mutlaq g‘olibi sifatida tan olinishi opa-singillarimiz jamiyatimizda salmoqli o‘rin tutib turganini dalillab berdi.

Xursandchiliklar, tabriklar va maqtovlardan so‘ng navbat tanqidga ham yetib keldi. Tanqid qiluvchilarning fikriga ko‘ra bu bloger-jurnalistlar chempionati emas, «insholar tanlovi» bo‘lgan emish. Ba’zi tanqidchilarning fikriga ko‘ra blogerlik va blogerlar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalar dunyoda bundan 10 yil oldin dolzarb bo‘lganligi sababli hozir rivojlangan davlatlarda unchalik e’tibor qilinmaydigan anjumanga aylanib qolgan emish. Albatta, jurnalistikani yoki matbuotni tanqidsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Lekin masalaning boshqa tomoni bor. O‘zbekistonda ba’zi sabablarga ko‘ra so‘z erkinligi cheklangan edi. Biron-bir jurnalist jamiyatimizdagi illatlar va muammolar haqida gapira olmas edi.

So‘z erkinligi

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida so‘z erkinligi yo‘qligi, xalqning ijtimoiy fikri jonli efirda berilmasligi, qaysidir mutasaddi shaxsning cheklashlariga ko‘ra intervyulardagi tanqidiy fikrlar kesib tashlanishi va belgilangan shablonlar ichidagina so‘z aytish mumkinligi butun dunyoga ma’lum edi. Bu muammoning borligi hech kimga sir ham bo‘lmay qolgan edi. Lekin ba’zi amaldorlar bu vaziyatni yaxshi bilishsa ham o‘zlarining siri ommaga fosh bo‘lishidan qo‘rqqani uchun jurnalistlarni va axborot agentliklarini qo‘rquvda ushlab turish ishlari bilan band edi. Ayrim xalqaro tashkilotlar aynan mana shu kamchiligimizdan O‘zbekistonni dunyo hamjamiyati ko‘z oldida obro‘sizlantirish kampaniyalarida foydalanishar edi. Bu voqealar hozirgi kunda ham uchrab turadi.

Butun dunyoda yangiliklarni kim yoki qaysi axborot agentligi birinchi yoritgani juda muhim masala. Masalan, yaqin kunlargacha qamoqda begunoh yotgan insonlar endi ozodlik huzurini tortmoqda. Ularni jamiyatimizga integratsiyalash jarayoni davom etayapti. Bundan tashqari hali begunoh qamalib, azob chekayotgan yosh olimlarimiz va jurnalistlarimiz bor. Ular haqidagi tafsilotlarni O‘zbekiston axborot agentliklaridan oldin chet el axborot agentliklari berdi va har xil talqin qila boshlashdi. O‘zbekistonlik jurnalistlar uchun bu juda katta zarba edi. Aslida bunga o‘zimiz ham aybdormiz, jurnalistikaning shunday nozik taraflariga e’tiborsizlik qilib, voqealar tafsilotini aniqlashni va ommaga yetkazishni eplay olmay, yana birovdan xafa bo‘lamiz.

O‘zimizda shuncha talantli jurnalistlar bo‘la turib, bizning ichki muammolarimizni boshqa davlat jurnalistlari o‘z o‘lchamlariga ko‘ra talqin qilib tursa kimga yoqardi. Chunki masalaning ichida turib tadqiq qilib ishlash bilan qandaydir noma’lum shaxsning O‘zbekistonda turib yozib yuborgan yoki telefon yo internet orqali bergan ma’lumoti asosida ishlash o‘rtasida juda katta tafovut bor.

Haqiqat va yolg‘on

Dunyoning barcha davlatlarida ommaviy axborot vositalari siyosiy yoki iqtisodiy kuchlarga qaram ahvolda ish yuritadi. Hech bo‘lmaganda egasining dunyoqarashiga ko‘ra yoki mablag‘ beruvchining istagiga ko‘ra ish tutadi va masalani talqin qiladi. Tom ma’noda mustaqil OAV hech qachon bo‘lmagan.

Masalan, o‘zlarining shaxsiy adovatini, qandaydir destruktiv fikrlarini, hech qanday qadr-qiymatga ega bo‘lmagan xulosalarini O‘zbekiston xalqining fikri kabi ko‘rsatishga harakat qilayotgan ommaviy axborot vositalari ham yo‘q emas. Ularning faoliyati natijasida «Haqiqat ishtonini kiyguncha yolg‘on dunyoning yarmini aylanib ulguradi» (A lie can travel half way around the world while the truth is putting on its shoes) degan ahvol yuzaga chiqadi. Chunki yolg‘on, noto‘g‘ri xabar tarqalib ketsa buni tuzatishni iloji bo‘lmay qoladi, rad qilish bilan xatoni bartaraf etish juda mushkul. Buning oqibatini esa tasavvur qilishni o‘rganishimiz zarur.

Haqiqat va yolg‘on nima ekanini eng qisqa va aniq shaklda ifodalab beradigan bu fikr ko‘pchilik siyosatchi-jamiyatshunoslar uchun juda kerakli tushunchaga aylanib ulgurgan bo‘lsa-da, buning o‘zi katta yolg‘on va shubha o‘rtasida qolgan ibora bo‘lib qoldi. Ba’zi birovlar bu iborani birinchi marta Britaniyaning mashhur siyosatchisi Uinston Cherchill (Sir Winston Leonard Spencer-Churchill) aytgan degan yolg‘on ma’lumotni dunyoga tarqatib yuborishdi. Masalaning qiziq tomoni shundaki, bu iboraning asl muallifi amerikalik buyuk yozuvchi Mark Tven (Mark Twain) bo‘lishiga qaramay, bu ma’lumot ham yolg‘onga aylantirildi.

Shuning uchun O‘zbekistondagi yangilikni yoki qandaydir xabarni bizdan oldin hech bir davlatning axborot agentligi chiqarishga ulgurmasligi shart. Aks holda yolg‘on, noto‘g‘ri xabar tarqalib ketishi ehtimoli bor. Yangilik ham tijorat mahsuli va uning ham o‘ziga yarasha bozori bor. Bu masalada jurnalistikaning va axborot almashishning o‘z qonun-qoidalari bor. Oldin o‘zimizning jurnalistlar xabarlarni tez tarqatib, hamkasb tahlilchilarga «masalliq» tayyorlab berishi zarur. Tezkorlik masalasida boshqa davlatlarning axborot agentliklariga ish qoldirmaslik tarafdoriman.

Jurnalistning asosiy vazifasi

Jurnalist faqatgina xabar tarqatuvchi jarchi emas. Bu ishni diktor ham, muxbir ham bajaraveradi. Albatta, jarchilik ham, darakchilik ham jurnalistikaning bir sohasi. Sodir bo‘lgan qandaydir voqea, ijtimoy-siyosiy yoki madaniy-iqtisodiy muammo haqida xabar berilganidan so‘ng yuzaga chiqqan ijtimoiy rezonansni sharhlash, tahrir, talqin, tahlil, muhokama qilish publitsistning ishi hisoblansa ham, publitsistikaning o‘zi aynan jurnalistika degan poydevor ustida qad ko‘tarib turganini esdan chiqarmaylik.

Albatta, matbuotda chiqqan har qanday xabar yoki yangilik tahlil qilinavermaydi. Chunki ommaga tarqatilgan bo‘lsa ham jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan bo‘lishi mumkin. Lekin xabar tarqatilgan vaqtda ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgani bilan keyinchalik boshqa bir voqea haqidagi xabar ta’sirida ommada kuchli rezonans yaratishi mumkin. Ijtimoiy rezonans tafsiloti esa ommaga tushuntirib berilishi shart.

O‘zbekistonlik jurnalistlar tomonidan mustaqil tadqiqotlar olib borilib, jamiyatimizdagi muammolarni yoritish evaziga aholi orasida huquqiy savodxonlik rivojlanishi turgan gap. Bu esa jamoaviy fikrni o‘rtaga chiqaradi, yoshlarimizning ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, yaqindagina bo‘lib o‘tgan senator va to‘y korteji mojarosi haqida jurnalistlarimiz yozib chiqdi. Hatto Prezident bizlar taraf bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari maydoni shakllanganidan dalolatdir. Ilgari, afsuski, bunday emas edi.

«Hokimiyatlar taqsimlanishi» nazariyasi va «to‘rtinchi hokimiyat»

Davlat mustaqilligi va mamlakat grajdanlarining farovon yashashi uchun hokimiyat taqsimlanishi shart ekanligi haqidagi birinchi g‘oyani buyuk faylasuf Arastu olg‘a surgan edi. Keyinchalik bu g‘oya ingliz pedagogi va faylasufi Jon Lokk (John Locke, 1632-1704) tomonidan asoslanib chiqildi va nazariya shakliga keltirildi.

Fransuz faylasufi, huquqshunos yozuvchisi Sharl de Monteskyo (Charles-Louis de Secondat, baron de La Brède et de Montesquieu, 1689-1755) tomonidan «Hokimiyatlar taqsimlanishi» nazariyasi yanada takomillashtirildi va klassik usulga aylantirildi.

AQShning birinchi moliya vaziri Aleksandr Hamilton (Alexander Hamilton, 1755-1804), AQShning to‘rtinchi prezidenti va AQSh konstitutsiyasining mualliflaridan biri Jeyms Medison (James Madison, 1751-1836) va AQShning boshqa arboblari tomonidan hokimiyatlar bo‘linishi, aniqroq aytadigan bo‘lsak davlat boshqaruvida «Hokimiyatlar taqsimlanishi» nazariyasi zamonaviy davlat boshqaruvi tizimiga kiritila boshlangan edi. Hokimiyatlar harakatidan hosil bo‘lgan natijalarga ko‘ra davlat oyoqqa turar va mamlakatda parokandalik emas, farovonlik hukm surar ekan.

Ushbu nazariyaga ko‘ra davlatni boshqarish tizimi bir-biridan mustaqil bo‘lgan uchta hokimiyatning birikmasidan iborat:

  1. Qonunchilik hokimiyati;
  2. Ijro hokimiyati;
  3. Sud hokimiyati.

Har bir mamlakatning davlat boshqaruvidagi «Hokimiyatlar taqsimlanishi» tartibi avvalo shu davlatdagi demokratiyaning huquqiy formasini ko‘rsatadi.

Ko‘pincha ommaviy axborot vositalarini «to‘rtinchi hokimiyat» deb atashadi. Aslida esa rasmiy davlat boshqaruv tizimida «to‘rtinchi hokimiyat» degan hokimiyat yo‘q. Sababi, OAVda kimningdir xato-kamchiliklarini tuzatish uchun qo‘llanadigan buyruq mexanizmi yoki vakolati yo‘q.

Masalan, qaysidir tashkilot odamlarning oylik ish haqini bermayotgan bo‘lsa, Mehnat kodeksidan chetga chiqib ketgan bo‘lsa yoki kimdir qonundan chiqib ketgan bo‘lsa uni jazolay olmaydi, xato-kamchilikni tuzatish uchun buyruq ham bera olmaydi. Matbuot faqat muammoga, masalaga yoki qandaydir voqeaga qonunchilik hokimiyati, ijro hokimiyati, sud hokimiyatining diqqatini jalb qilishi mumkin xolos.

«To‘rtinchi hokimiyat» atamasi jamiyatdagi ijtimoiy fikrga matbuotning qanchalik ta’sir ko‘rsata olishini ifodalaydigan lirik atama hisoblansa-da, har bir vatandoshimizning diqqatini jamiyatda bo‘layotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonga jalb qilib, unda daxldorlik tuyg‘usini uyg‘ota oladi va bunga haqqi ham bor.

Shuhrat Salomov,
tarixchi publitsist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring