Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘qituvchining o‘qituvchiga javobi: muammo o‘zimizda emasmi?

O‘qituvchining o‘qituvchiga javobi: muammo o‘zimizda emasmi?

Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-umumta’lim maktabida. 2015 yil.

Foto: «Uzedu.uz»

Assalomu alaykum, Murodjon aka! Go‘zal yozg‘ichlarimiz ishga tushganda, qanchalik yayrab ketishimiz, tabiiy. Avvalo, e’tirof va e’tibor uchun rahmat! Siz singari jonkuyar ustozlarimiz borligiga shukr!

Garchi savollar to‘g‘ridan to‘g‘ri kaminaga tegishli bo‘lmasa ham, imkon qadar javob berishga harakat qilaman.

Avvalo, hech bir masala yuzasidan bahs-munozaraga erk bermaganman. Ham amaliyotchi o‘qituvchi, ham olim sifatida shiorim: tolerantlik — kasbiy mas’uliyat va taraqqiyot garovi. Shuning uchun yozganlarimni bahslashish deb tushunmasligingizni so‘rardim.


Mavzuga doir:
Ta’lim muammolari darsliklardan boshlanmoqda (1-maqola)


Sizning birinchi savolingizga javobim quyidagicha: odatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi fan ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan 12 ta umumta’lim fani bo‘yicha abituriyentlar tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talablar kodifikatori va test topshiriqlari tafsilotlari Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutaxassislari va ekspertlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqiladi hamda tegishli xulosalar qabul qilinadi.

Jumladan, 2017–2018-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashadigan abituriyentlar uchun 1-, 4-, 6-, 7-, 10-sinflar bo‘yicha tayyorlanadigan test materiallari 2017-yil 6-aprelda tasdiqlangan DTS va o‘quv dasturlari asosida, 8-, 9-sinflar va akademik litsey, kasb-hunar kollejlarining 3-kurs bitiruvchilari uchun esa 2010-yilda tasdiqlangan DTS va o‘quv dasturlari mavzulari bo‘yicha tayyorlangan test topshiriqlari asosida o‘tkaziladi.


Mavzuga doir:
«Ta’lim muammolari darslikdan boshlanmoqda» nomli maqola yuzasidan mulohazalar


1-savol yuzasidan xulosa: xavotir olmang, 2018–2019-o‘quv yili uchun ham malaka talablari kodifikatori va test topshiriqlarini ishlab chiqishda mavjud vaziyatdan kelib chiqib adolatli yo‘l tanlanadi. Hech kim shunchaki test topshiriqlarini xayoliy asosda taqdim etmaydi.

Ya’ni umumiy o‘rta ta’limning 11-sinf hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarining 3-kurs bitiruvchilari tomonidan o‘zlashtirilgan dasturlar qiyosiy tahlil etilib, umumiy va yagona kodifikator aniqlashtirib olinadi.


Mavzuga doir:
Ikkita savolim bor...


2-savolga keladigan bo‘lsak, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayanch maktablar tajribasi vositasida fanlar va sinflar kesimida videoseminarlar tashkil etilayotganligi hammaga ma’lum Mazkur videoseminar materiallari bilan uzedu.uz; rtm.uz; new.rtm.uz; masofa.uz; innovasiya.masofa.uz saytlarida yaqindan tanishishingiz mumkin. Murodjon aka, xalq ta’limi (public education) rosa harakat qilyapti. Menimcha, ikkalamizning vebinar darslardagi faolligimiz yetishmayapti.

Endigi qadam: zo‘r interaktiv dars ishlanmalari tayyorlaymiz, ham jurnallar, ham saytlarda e’lon qilamiz.

Sizga mustahkam sog‘lik, kuch-g‘ayrat tilab,

Begzod Xo‘jayev,
pedagogika fanlari doktori, professor

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring