Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vaziri «O‘zbekiston aqlli hukumati» loyihasini taqdim qildi

AKT vaziri «O‘zbekiston aqlli hukumati» loyihasini taqdim qildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev.

Foto: «Xabar.uz»

Toshkentdagi INHA universitetida #MITCROADMAP2018 anjumani o‘tkazilgani haqida xabar bergandik. Anjumanda so‘zga chiqqan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasining kelajagi haqida so‘z yuritdi.

Vazir elektron hukumat yangi strategiyasini taqdim etdi va mamlakatning raqamli shakllanish jarayonida past tezlikli internetni «tormoz»ga qiyosladi.

«Men vazirlik lavozimiga kirishganimdan beri 1500 ta atrofida murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shularning asosiy qismi internet tezligining pastligi va narxi boshqa mamlakatlarnikidan bir necha baravar qimmatligi haqida», — dedi Azim Axmedxadjayev. — «So‘zsiz, bu mamlakatimizning raqamli shakllanish jarayonlarini susaytirib qo‘yadi».

«O‘tgan yilning may oyida tashqi kanal o‘tkazuvchanligi 65 Gbit/s. edi, bugun bu raqam 160 Gbit/s.gachani tashkil qiladi, yil oxirigacha biz xalqaro bog‘lamalarimiz o‘tkazuvchanligini 10 baravargacha oshirishni rejalashtirganmiz, bu O‘zbekiston abonentlari uchun rejali tarzda internet tezligini oshirib borish imkonini beradi», — dedi vazir.

Ma’lum qilinishicha, internet-xizmatlarni sifatli taqdim etish masalalarida vazirlik shartnoma va takliflarda ulanish tezligining yuqori emas, balki pastki chegaralari belgilab qo‘yilishini talab qiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 23 million nafar mobil aloqa abonenti, 20 milliondan ziyod internet foydalanuvchilari bor. «Elektron hukumat» tizimi doirasida vazirliklar va idoralar 350 dan ortiq interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Elektron hukumatni rivojlantirishning yangi strategiyasida innovatsion «Smart Government Uzbekistan» — «O‘zbekiston aqlli hukumati» loyihasini yaratish ko‘zda tutilgan. Jahonning eng yaxshi tajribalarini o‘zida jamlagan ushbu strategiya 2021-yilgacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi.

Birgina 2018-yilning o‘zida talab eng yuqori bo‘lgan 50 dan ortiq davlat xizmatlarini joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, shularning 70 foizi fuqarolar, 30 foizi tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan.

«Smart Government Uzbekistan» bu:

  • Mobil hukumat — davlat xizmatlari ko‘rsatilishi mexanizmlarining takomillashtirilishi, aholi va biznes ehtiyojlariga tezkor javob berish.
  • 24/7 — aholining talablariga istalgan vaqtda, istalgan joyda, istalgan axborot uzatish vositasida javob berishga mas’ul hukumat.
  • Doimiy isloh etib boriluvchi hukumat — byurokratik va ortiqcha jarayonlarni yo‘q qilish maqsadida ma’muriy ishlarni optimallashtirish.
  • Ochiq hukumat — yil davomida 400 dan ortiq ochiq ma’lumotlar to‘plamini shakllantirish.

Azim Axmedxadjayev BMT elektron hukumatlar reytingi hamda «Global Open DataIndex» indeksi «TOP-50»ligiga kirish maqsadlari haqida ham so‘z yuritdi.

Agar yaqin kelajak rejalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yil Yagona tashqi savdo operatsiyalari elektron axborot tizimini takomillashtirish, UZ E-Visa axborot tizimini yaratish, Yagona loyihali boshqaruv milliy axborot tizimini yaratish, «yagona oyna» markazlari faoliyatini avtomatlashtirish, shuningdek, davlat organlarining 25 dan ziyod axborot tizimlarini joriy etish mo‘ljallangan.

Vazir mamlakatimizda elektron tijoratning bugungi rivojlanish ko‘rsatkichlari juda pastligi va mamlakatimizning haqiqiy salohiyatiga mos kelmasligi haqida ham gapirdi. Holbuki, global miqyosda oxirgi yillarda elektron tijoratning o‘sish ko‘rsatkichlari 18-20 foizni tashkil etyapti. 2017 yili elektron tijoratda tovar ayirboshlash ko‘lami 2 trln. dollardan oshdi. Ekspertlar bu ko‘rsatkich 2021 yili 4,5 trln. dollarga chiqishini bashorat qilishmoqda.

«Vazirlik tizimida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘limi tashkil etildi. Elektron tijorat assotsiatsiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, elektron tijorat, elektron to‘lovlar sohasida biznes yurituvchi kompaniyalar va yirik IT-kompaniyalar vakillarini jamlagan jamoatchilik kengashi tuzildi», — dedi vazir o‘z taqdimotida.

Azim Axmedxadjayevning ta’kidlashicha, mamlakatimiz prezidenti 14-may kuni imzolagan «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror bu soha rivoji yo‘lida turgan barcha to‘siqlarni bartaraf etishda yordam beradi.

Foto: «Xabar.uz»

Yuqori malakali kadrlar yetishmasligi masalasini yechish maqsadida maxsus IT-maktab qurilyapti, u yerga bolalar beshinchi sinfdan qabul qilinadi. «Afsuski, hozircha u bitta. Bu maktabda eng iqtidorli bolalar o‘qishi uchun biz imtihonning imkon qadar shaffof o‘tishini ta’minladik», — dedi Azim Axmedxadjayev.

O‘zbekistonda «mobil qaramlik» masalasini  yechishga kirishildi. 2018-yil oxiriga qadar mobil tarmoq abonentining boshqa operatorga o‘tishida telefon raqamini saqlab qolish tartibi tasdiqlanadi.

Shuningdek, vazir AKT sohasini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar portali (idea.mitc.uz)ga ham to‘xtaldi, portalda mamlakatimiz fuqarolari hamda chet ellarda yashayotgan vatandoshlarimiz sohani rivojlantirish borasidagi o‘z g‘oyalari bilan o‘rtoqlasha oladilar.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring