Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kadr ortidagi» harbiylar. Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashgan harbiy qismdan fotoreportaj

«Kadr ortidagi» harbiylar. Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashgan harbiy qismdan fotoreportaj

Foto: «Xabar.uz»

Bu mutaxassislar ishi doim «kadr ortida», ko‘p ham sezilvermaydi, ammo ahamiyati xuddi suv va havodek. Havoni nafasimiz bo‘g‘ilmaguncha sezmaymiz gohida. Aloqa xizmati ham shunday, kundalik hayotda e’tibor beravermaymiz, biroq undan uzilsak, olamdan uzilamiz. Insonlar hayoti, taqdiri yotadi uning ortida. Milliy armiya muvaffaqiyatida ham aloqachi-harbiylar ishtiroki shundayin ahamiyatli.

Odatda aksariyat harbiy qismlar faqat nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bilan cheklanadi (yurtimiz osmoni doimo shunday musaffo bo‘lsin). Boshqarma mutaxassislari esa amalda o‘z malakalarini namoyish etishiga tez-tez to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Qamchiq dovonidagi tabiat injiqliklarida Favqulotda vaziyatlar vazirligining tezkor harakatlari aloqachi-harbiylarning ishtirokisiz o‘tmaydi.

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasida bayram tadbiri tashkil etildi.

Aloqa boshqaruvini tashkil etishga ixtisoslashgan mazkur harbiy qism Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. MDHda O‘zbekiston va Rossiyada shunday maxsus qismlar mavjud.

Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi avariya-tiklash ishlarini olib borish jarayonida aloqa boshqaruvini tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasining aloqa va telekommunikatsiya ob’yektlarida avariya-tiklash ishlarini amalga oshirish, aloqa ob’yektlarini qo‘riqlashni amalga oshiradi.

Boshqarmada o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Ushbu harbiy qism misolida mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlashga qodir tezkor, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlangan milliy armiyamizni tasavvur qilish mumkin.

Harbiy qismning multimediali tirdan otish xonasida askarlar va xizmatchilar doimiy ravishda mahoratlarini oshirib boradilar. Har oyda bir marta ulardan o‘q otish mashqlari bo‘yicha imtihon olinadi.

Harbiy xizmatchilarning nazariy va taktik bilimlarini oshirishga xizmat qiluvchi umumqo‘shin tayyorgarlik o‘quv xonasi mavjud. Tajribali mutaxassislar doimiy ravishda ofitserlar va askarlarga nazariy mashg‘ulotlar olib borishadi. Olingan bu bilimlar amaliyotda qo‘l keladi.

Tadbirda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov, vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Boshqarma boshlig‘i, polkovnik Bekzod Adenov mehmonlarni harbiy qism faoliyati bilan tanishtirdi.

Maxsus laboratoriya tashkil qilinib, bu yerda boshqarmaga tegishli aloqa vositalari ishdan chiqqanda, shaxsiy tarkib mutaxassislarining o‘zlari tomonidan tuzatiladi. Maxsus aloqa transport vositalarini jihozlashda, yangi texnik yechimlar topishda shu laboratoriya tajribasidan unumli foydalaniladi.

Harbiylarning jangovor va ma’naviy tayyorgarligi doimo yuksak darajada bo‘lishi kerak. Buning uchun boshqarmada trenajyor zali, sport zal, sun’iy futbol maydoni, kutubxona, ma’naviyat xonasi, taktik mashg‘ulotlar maydoni bor.

Boshqarmaning maxsus aloqa transport vositalari turlicha, harakatlanuvchi tezkor aloqa kompleks radiostansiyalaridan tortib, strategik nuqtalarda aloqani tezkor tiklashga ko‘maklashuvchi mobil laboratoriyagacha mavjud.

Maxsus aloqa transport vositalari orasida «Humo» jamlangan radiostansiyasining alohida ahamiyati bor. Ushbu mobil radiostansiya O‘zbekiston Respublikasi Fuqoro muhofazasi boshlig‘ining qo‘mondonlik-shtab mashinasi hisoblanadi. Bu mashina nafaqat telefon, balki yuqori tezlikdagi internet va video-konferens aloqani ta’minlashga ham qodir.

Bayram tadbirida vazirlik buyrug‘i bilan sohaviy mukofotlangan harbiylar taqdirlandi, shuningdek, bayram munosabati bilan harbiy xizmat unvoni olganlar, turli tanlovlarda g‘olib bo‘lganlar mukofotlandi. Alohida o‘rnak ko‘rsatgan ofitser va askarlarga tashakkurnoma va sovg‘alar topshirildi.

Bayram tadbiri madaniy dasturlarga ulanib ketdi. Harbiy qism tarkibida bir yil avval tashkil etilgan orkestr ijrochilarining kuy va qo‘shiqlari, taklif etilgan taniqli san’atkorlarning ijrolari tadbirga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring