Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘tirgan joyida pul topish mumkin» – O‘qituvchi nega dasturlash tilini o‘rganayotganini aytdi (video)

«O‘tirgan joyida pul topish mumkin» – O‘qituvchi nega dasturlash tilini o‘rganayotganini aytdi (video)

Foto: Xabar.uz

Abdulla Avloniy «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir» degan edi. Bugun yosh avlodni o‘qitish, raqobatbardosh qilib tarbiyalash muhim vazifalarimizdan biri bo‘lmoqda.

Xalq ta’lim vazirligi tashabbusi bilan respublikamizning barcha viloyatlarida, xususan, Toshkent viloyatida ham informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini «C++» dasturlash tilida o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Dasturlash kursi tezlashtirilgan ko‘rinishda bir oy (144 soat) davom etadi.

Toshkent viloyatida 800 dan ziyod maktabda 1000 dan ziyod informatika o‘qituvchilari bo‘lib, ularning 310 nafari mazkur kurslarda qatnashmoqda.

«Xabar.uz» Toshkent viloyatining bir qator tumanlarida bo‘ldi. Xususan, Angren shahri, Toshkent va O‘rta Chirchiq tumanidagi ishlarni alohida e’tirof etish mumkin.

«Men Angren shahridagi 73-maktabda dars beraman. Maktabimiz maxsus skolioz bilan kasallangan bolalarga mo‘ljallangan. «Ayti» sohasi daromadli kasb. O‘tirgan joyida turib pul topishlari mumkin. Men o‘quvchilarimni imkoniyati cheklangan inson sifatida emas, yurtga, oilasiga, o‘ziga kerakli shaxs sifatida his qilishlarini istayman. «Ayti» bunga yordam beradi. Men bunga ishonaman», – deydi Gulmira Mamatkarimova.

Toshkent viloyati AKT bo‘limi yetakchi mutaxassisi Kozim Urakovning fikricha, viloyat «ayti» bo‘yicha yetakchilik qilish uchun barcha imkoniyatlarga ega. «Toshkent AKT sohasida yetakchilardan bo‘lishiga bor kuchimizni sarflaymiz», – deydi u.

«C++» dasturlash tilidan trenerlik qilayotgan o‘qituvchilar maxsus tanlab olingan bo‘lib, o‘z kasbining ustalari. Xuddi shunday trenerlardan biri Hojiakbar Davurov O‘rta Chirchiq tumanida dars bermoqda.

«Bu pedogog sifatida ishlashimning ikkinchi yili. O‘tgan yili Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetini bitirganman. Maktab yoki universitet talabalarini o‘qitish boshqacha, lekin mendan yoshi katta ustozlar bilan ishlash menga juda katta tajriba bo‘lmoqda», – deydi u.

«SmartGov» bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tayotgan bu kurslari hali davom etadi. Zero, ta’lim va tarbiya biz uchun bugunning ustuvor vazifasidir.

«Xabar.uz» deyarli barcha viloyatlardagi «C++» o‘quv kurslarini kuzatgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring