Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vazirligi tugatildi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda raqamli boshqaruv tizimini keng ko‘lamli qayta qurish to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, Raqamli rivojlanish vazirligi qayta tashkil etiladi va barcha funksiyalari, xodimlari hamda resurslari bilan birga Prezident Ish boshqarmasi tasarrufiga o‘tadi.
Endi aynan Ish boshqarmasi davlat xizmatlari va elektron imzodan tortib, telekommunikatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmagacha bo‘lgan raqamli transformatsiyani muvofiqlashtiruvchi asosiy markazga aylanadi.
Farmonda qayd etilishicha, erishilgan yutuqlarga qaramay, raqamlashtirish hozircha byurokratiya muammosini, ayniqsa, biznes va hududlar uchun hal eta olmadi. Yangi yondashuv ushbu to‘siqlarni bartaraf etish va islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan.
Shuningdek:
- davlat organlaridagi raqamli rivojlanish bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartiriladi;
- raqamlashtirish, aloqa va arxivlar bo‘yicha yangi departamentlar tashkil etiladi;
- respublika bo‘ylab IT-parklarni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Vazirlar Mahkamasiga yaqin vaqt ichida qonunchilikni farmonga muvofiqlashtirish va Raqamli kodeksga o‘zgartirishlar kiritish topshirildi.
Islohot mamlakatni «to‘liq raqamlashtirish» va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish yo‘lidagi asosiy qadamlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter