Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayyoh uchun aloqa qanchalik muhim?

Sayyoh uchun aloqa qanchalik muhim?

Foto: «Uza.uz»

Sir emas, sayyohlik dunyo iqtisodiyotida hal qiluvchi o‘rinlarni egallab keladi. Ko‘plab mamlakatlar ayni shu soha orqali aholisining farovonligini ta’minlayapti. Ayrim mamlakatlar o‘z tarixiy maskanlari, so‘lim tabiati, qadimiy obidalari bilan sayyohlarni jalb etayotgan bo‘lsa, ayrimlari butunlay boshqa yo‘nalishlarda, xususan, savdo va xizmatlar bilan dunyoga eshik ochmoqda.

Ayni shu jihatdan qaraganda O‘zbekiston imkoniyatlari hech qaysi jabhada hech kimdan kam emas. Biroq, bu imkoniyatni ro‘yobga chiqarish borasida do‘ppini boshdan olib, o‘ylaydigan masalalar yig‘ilib qolgan edi.

Avvalo, soha bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar, narxlar va xizmatlar o‘rtasidagi tafovutlar... bularning barchasi ulkan imkoniyatlarimizga soya solib turgan edi.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev bu kabi muammolarni chuqur tahlil qilib, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida hal qiluvchi qarorlar qabul qildi.

Natijada qisqa vaqt ichida O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar soni sezilarli darajada oshdi.

Prezidentimizning ichki turizmni rivojlantirish borasida ilgari surgan tashabbuslari ham xalqimiz ko‘nglidagi gap bo‘ldi. O‘zbekistonda yashab O‘zbekistonni bilmaydigan odamlar jamoa bo‘lib, tarixiy shaharlarimiz, muqaddas qadamjolarni qayta kashf etishmoqda.

Bizningcha, bu jarayonda har bir tashkilot va muassasa, shu yurtning har bir fuqarosi faol bo‘lishi zarur. Shunda boshlangan xayrli ishlar yanada jadallashadi. Mehnatlar mahsuli tezroq ko‘zga tashlanadi.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi ham o‘z yo‘nalishida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashyapti.

Inspeksiya rahbariyatining ko‘rsatmasi asosida yil boshidan tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar joylashgan hududlardagi aloqa qamrovlari o‘rganib chiqildi.

Avvalo, O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylangan Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi aloqa xizmatlari sinchkovlik bilan ko‘rikdan o‘tkazildi.

O‘rganish ko‘rsatishicha, Samarqand shahrida jami 107ta mehmonxonadan 11tasi optik tolali kabel orqali, qolgan mehmonxonalar ADSL texnologiyasi asosida internet tarmog‘iga ulangan.  Mehmonxonalar hududi barcha mobil aloqa xizmatlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Biroq, viloyatda joylashgan muqaddas qadamjolarning barchasida ham mobil aloqa operatorlarining qamrovi ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Xususan, Samarqand shahridagi Xo‘ja Doniyor va Samarqand viloyatining Oqdaryo, Payariq, Nurobod tumanlarida joylashgan ziyoratgohlarda qamrov bilan bog‘liq muammolar mavjud. Jumladan, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi hududida COSCOM, Uzmobile (GSM), Uzmobile (CDMA), RWC mobil kompaniyalarining 2G texnologiyasi signallari qoniqarli, biroq 3G texnologiyasi signali talab darajasida emas. Bu borada faqatgina UMS kompaniyasining 2G va 3G texnologiyasida muammolar uchramaydi.

Mahdumi A’zam ziyoratgohi hududida COSCOM, UMS, RWC, Unitel kompaniyalarining 2G va 3G qamrovlari talab darajasida, Uzmobile (GSM) ning 3G signallari yetarli emas.

Imom al-Buxoriy ziyoratgohi hududida UMS, COSCOM, Uzmobile (GSM, CDMA), Unitel kompaniyalarining xizmat sifatida muammolar uchramaydi. Biroq, RWC signali qamrovi yetarli emas.

Hazrati Dovud ziyoratgohi hududi faqatgina «O‘zbektelekom» AK Uzmobile filialining 2G va 3G aloqa qamrovi bilan yaxshi ta’minlangan, bugungi kunda mazkur ziyoratgohga yaqin hududda Unitel MChJ tomonidan yangi tayanch baza stansiyalarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Samarqand shahrining tarixiy qismida Wi-Fi zonalarini tashkil etish va butunjahon internet axborot tarmog‘iga ulanish imkoniyatini yaratish maqsadida hozirgi kunda «O‘zbektelekom» AK Samarqand filiali tomonidan Registon maydoni, Samarqand temir yo‘l vokzali, Samarqand aeroporti, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi, Siyob bozori hamda Hazrati Xizr masjidi va O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimovning maqbarasi  hududlarida Wi-Fi zonasi tashkil qilingan bo‘lsa-da, bugungi kunda faoliyat ko‘rsatmayapti.

Shuningdek, boshqa ob’yektlarda ham Wi-Fi zonalarini tashkil etish bo‘yicha «O‘zbektelekom» AK Samarqand filiali va «O‘zI-Samarqand» filiali bilan hamkorlikda ishlar olib borilyapti.

Xorazm viloyatida ham aholiga sifatli aloqa va internet xizmatlarini ko‘rsatish borasida ko‘pgina ishlar amalga oshirildi. Biroq, sayyohlar ko‘p to‘planadigan tarixiy maskanlarni simsiz va tezkor internet tarmog‘i bilan qamrab olish borasida muammolar mavjud. 

2014-yilda «O‘zbektelekom» AK tomonidan Urganch temir yo‘l vokzalida 4ta nuqtada, Urganch aeroportida 5ta nuqtada, Xiva shahrining Ichanqal’a hududida 34 nuqtada Wi-Fi zonasi tashkil qilingan. Biroq, bugungi kunda ushbu Wi-Fi internet tizimi  faqat Urganch temir yo‘l vokzali hududida ishlab turibdi. Sababi, internet trafigi uchun to‘lovni Urganch temir yo‘l vokzali ma’muriyatidan boshqa hech bir tashkilot o‘z zimmasiga olmagan.

Bu muammolar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi hamda inspeksiya hududiy bo‘linmasi hamkorligida o‘rganilib, tegishli tartibda hal etilishi ustida ish olib borilayotir.

2017-yil 16-dekabr kuni Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining viloyat hududiy boshqarmasiga yuqoridagi ob’yektlar ma’muriyatlari «O‘zbektelekom» AK Xorazm filialidan mavjud internet kartalarni sotib olib, xorijiy sayyohlarga yetkazish tizimini tashkil qilishlari taklifi berilib, bu orqali ulardagi Wi-Fi internet tizimini ishlatishga tayyor ekanligi bildirildi.

Shuningdek, Xiva shahridagi jami 37ta mehmonxonadan 32tasi simli telefon aloqasi hamda internet tarmog‘iga ulangan. Qolgan 5ta mehmonxonada qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan va shu sababli  telefonlashtirilmagan. Ushbu zonada barcha mobil aloqa xizmatlari bo‘yicha qamrov 100 foizni tashkil etadi.

Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi «2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyati sayyohlik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida viloyatdagi sayyohlar to‘planadigan gavjum joylarda Wi-Fi hududlarini yaratish bilan bog‘liq vazifalar belgilangan edi.

Qaror asosida Buxoro shahridagi barcha tarixiy qadamjolarda uzoq masofada ishlovchi WI-FI uzatgich qurilmalari o‘rnatilib, tayyor holatga keltirilgan. Tasdiqlangan jadval asosida xizmat ishga turishirilyapti. Shuningdek, Buxoro shahrida mavjud 100dan ortiq mehmonxonada zamonaviy simsiz Wi-Fi internet xizmatlari joriy etilgan.

Vazirlikning hududiy boshqarmasi va inspeksiya hududiy bo‘linmasi tomonidan bu boradagi ishlar monitoringi olib borilmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza, bugun poytaxtimiz va viloyat markazlarida faoliyat olib borayotgan turli ko‘ngilochar va savdo majmualarida mijozlar uchun bepul Wi-Fi zonalari taqdim etilyapti. Ijara asosida planshet va boshqa elektron qurilmalardan ma’lum vaqt foydalanish mumkin. Bu birinchidan, bu joylarga keluvchi xaridorlarni o‘ziga jalb etsa, ikkinchidan, tadbirkorlik sub’yektiga qo‘shimcha daromad degani.

Viloyat hokimliklari ham tarixiy maskanlarga kelayotgan sayyohlarga bepul internet xizmatlarini taqdim etish orqali ular tashrifini rag‘batlantirsa, foydadan holi bo‘lmaydi. 

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan aloqa operatorlari ham tarixiy shaharlarimiz, muqaddas qadamjolar hududidagi aloqa qamrovini o‘rganib, xizmat sifatini zamon talablariga yetkazsa, avvalo, o‘z zimmasidagi majburiyatni bajargan va qolaversa, yurtimiz turizm salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shgan bo‘lar edi.

Sir emas, biror bir mamlakatga borsangiz, eng avvalo, sog‘-omon yetib kelganingizdan uydagilarni xabardor qilishga shoshilasiz. Iqtisodi taraqqiy etgan, turizm rivojlangan mamlakatlarda bu borada muammolar uchramaydi. Siz, turli paketdagi sim kartalar orqali aloqa xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Safar davomida mobil telefoningiz bekam-ko‘st ishlab tursa, o‘zingizga ishonchingiz mustahkam bo‘ladi.

Yurtimizga kelayotgan sayohlarni ham o‘zimizga qiyoslasak, masala mohiyati yanada oydinlashadi.

Bu borada Uzmobile kompaniyasi tomonidan turistlar uchun maxsus tariflarning ishlab chiqilgani, mobil routerni ijaraga berish xizmatlarining joriy etilganini olqishlasa arziydi. Boshqa kompaniyalar ham bu borada o‘zaro raqobatga kirishsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Dilshod Bo‘riyev, inspeksiya matbuot kotibi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring