Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari muzokara stoliga o‘tiradi
Rossiya va AQSh 23-yanvar kuni Abu-Dabida Rossiya – AQSh – Ukraina formatidagi uch tomonlama ishchi guruhning xavfsizlik masalalari bo‘yicha birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda 23 yanvar kuni TASS agentligiga Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilgan. Ushakov bu haqda Vladimir Putinning AQSh delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralaridan so‘ng ma’lumot bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasiga Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchilik qiladi. Shuningdek, Putin AQSh muzokarachilari bilan uchrashuvdan keyin Abu-Dabiga yo‘l oladigan Rossiya delegatsiyasiga tegishli ko‘rsatmalar bergan.
Rossiya prezidenti yordamchisining aytishicha, AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev Abu-Dabida ikki tomonlama iqtisodiy masalalar bo‘yicha ishchi guruh rahbarlari sifatida uchrashadilar.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 23-yanvarga o‘tar kechasi AQSh muzokarachilari – Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralarda ilk bor Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum ham ishtirok etgan. Uchrashuv uch yarim soatdan ortiq davom etgan.
Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar asosan AQShning Ukraina va Yevropa bilan olib borgan aloqalari natijalari haqida ma’lumot olishga qaratilgan. Xususan, Putin 22 yanvar kuni Davosda bo‘lib o‘tgan Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv tafsilotlaridan xabardor qilingan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida Rossiya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, Ukraina delegatsiyasi allaqachon BAAga yo‘l olgan. Delegatsiya tarkibiga, jumladan, prezident ofisi rahbari Kirill Budanov va «Xalq xizmatkori» fraksiyasi rahbari David Araxamiya kirgan.
Financial Times gazetasining yozishicha, uch tomonlama uchrashuv tashabbusi AQSh tomonidan ilgari surilgan va Kiyev bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Moskva pozitsiyasi ma’lum bo‘lmagan. FT tahliliga ko‘ra, Rossiya AQSh bilan Ukraina va Rossiyani alohida-alohida jalb etgan holda parallel muzokaralar o‘tkazishni taklif qilishi mumkin edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter