Kuchli havo ifloslanishi Alsgeymer kasalligi xavfini oshiradi
AQShlik olimlar kuchli havo ifloslanishi Alsgeymer kasalligining rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshirishini aniqlashdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, atmosferadagi aerozollar va mayda chang zarrachalarining yuqori darajasi iflos hududlarda yashovchi aholi orasida ushbu kasallik uchrash chastotasini o‘rtacha 8,5 foizga ko‘paytirgan. Bu ayniqsa insultni boshdan kechirgan bemorlarda yaqqol namoyon bo‘lgan. Xulosalar nufuzli PLoS Medicine ilmiy jurnalida e’lon qilingan.
Olimlar ta’kidlashicha, katta yoshdagi insonlar o‘rtasida olib borilgan uzoq muddatli kuzatuvlar havodagi aerozollar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar ta’siri Alsgeymer kasalligining rivojlanish xavfi bilan statistik jihatdan bog‘liq ekanini ko‘rsatgan. Xavfning ortishi havo ifloslanishi insult, gipertoniya yoki depressiyani keltirib chiqarishi orqali emas, balki zarrachalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga ta’siri bilan bog‘liq.
Tadqiqot Emory University professori Kayl Stinlend rahbarligidagi guruh tomonidan amalga oshirilgan. Ular 2000–2018 yillar oralig‘ida AQShda yashovchi 65 yoshdan oshgan 27,8 milliondan ortiq fuqaroning sog‘lig‘ini kuzatgan. Ushbu shaxslar davlat tibbiy sug‘urta dasturi — Medicare doirasida muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tgan.
Kuzatuvlar davomida shifokorlar taxminan 3 million Alsgeymer holatini qayd etgan. Bu olimlarga havo ifloslanishi darajasi bilan demensiyaning mazkur turi rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek bemorlarda mavjud bo‘lgan gipertoniya, klinik depressiya va avval o‘tkazilgan insult kabi surunkali kasalliklarni inobatga olgan holda tahlil qilish imkonini bergan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, havosi muntazam ravishda kuchli ifloslangan hududlarda uzoq yashash Alsgeymer xavfini o‘rtacha 8,5 foizga oshirgan. Insultni boshdan kechirgan bemorlarda bu ko‘rsatkich 10 foizga, gipertoniyasi bor shaxslarda esa qariyb 9,7 foizga yetgan.
Shuningdek, tahlillar kasallik rivojlanishining faqat 1–4 foizi havo ifloslanishining boshqa surunkali xastaliklarni kuchaytirishi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatgan. Bu esa mayda chang va aerozol zarrachalari miyaga bevosita ta’sir ko‘rsatib, Alsgeymer kasalligining rivojlanishini tezlashtirishini anglatadi.
Mutaxassislar ushbu xulosalar havo ifloslanishiga qarshi kurashish aholining salomatligini muhofaza qilishda g‘oyat muhim ekanini yana bir bor tasdiqlashini ta’kidlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab atmosfera ifloslanishi sababli taxminan 7 million kishi vafot etadi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, raqam aslida bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Havoni ifloslantiruvchi omillar qatoriga yirik shaharlarda avtotransport chiqindilari, suv bug‘lari va quyosh nuri ta’sirida hosil bo‘ladigan turli aerozol zarrachalar kiradi. Ushbu mikroskopik zarrachalar atmosferaning quyi qatlamlarida ikki-uch hafta davomida saqlanib, inson organizmiga osonlikcha kirib borishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter