Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moskvada yana bir general otib ketildi, ahvoli og‘ir

Moskvada yana bir general otib ketildi, ahvoli og‘ir

Moskva shahrida Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga nisbatan suiqasd sodir etildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxs Moskva shimoli-g‘arbidagi turar joylardan biri yonida generalga bir necha bor o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. Alekseyev turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.

Tergov qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha «qotillikka suiqasd» hamda «qurolni qonunsiz saqlash» moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumonlanuvchini qidirish ishlarini olib bormoqda.

Suiqasd Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokida Abu-Dabida o‘tgan muzokaralar yakunlanganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi. Ushbu muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga Alekseyevning bevosita rahbari – admiral Igor Kostyukov boshchilik qilgan. Hozircha rasmiy manbalar ushbu voqea bilan muzokaralar o‘rtasida bog‘liqlik borligini tasdiqlamagan.

Vladimir Alekseyev 2011-yildan beri Bosh razvedka boshqarmasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib keladi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi davrida razvedka faoliyatini muvofiqlashtirgan. 2017-yilda unga «Rossiya Federatsiyasi Qahramoni» unvoni berilgan.

2023 yil yozida Alekseyev Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi isyonga qarshi chiqib, uning tarafdorlarini qurol tashlashga chaqirgani bilan ham tanilgan.

General Alekseyev Rossiyaning xorijdagi harbiy amaliyotlariga aloqadorligi sababli bir qator G‘arb davlatlari sanksiyalari ostida qolmoqda. Xususan, u AQSh sanksiyalariga 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga aralashuv bo‘yicha gumonlar tufayli, Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga esa 2018-yilda Solsberida Skripallar zaharlanishi ishi ortidan kiritilgan.

Tergov ishlari davom etmoqda, suiqasdning sabablari va buyurtmachilari hozircha ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz,  2024-yilning dekabrida general Kirillov skuterga o‘rnatilgan portlovchi qurilmaning ishga tushirilishi ortidan halok bo‘lgan edi. 2025-yilning 25-aprelida RF QK Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 59 yoshli general-leytenant Yaroslav Moskalik avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgandi. 22-dekabrda esa RF QK Bosh shtabi tezkor tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Fanil Sarvarov o‘z avtomobilida portlatib yuborildi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring