Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘iston elchisi konstitutsiyaviy islohotdan ko‘zlangan maqsadni ochiqladi

Qozog‘iston elchisi konstitutsiyaviy islohotdan ko‘zlangan maqsadni ochiqladi

Qozog‘istonda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy islohot mamlakatda olib borilayotgan demokratik yangilanishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi deb hisoblaydi Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov.

Toshkentda 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Qozog‘istondagi siyosiy modernizatsiya va islohotlarga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zlagan diplomat istiqboldagi muhim o‘zgarishlar, jumladan, bir palatali parlament tizimiga to‘xtaldi.  

Qayd etilishicha, so‘nggi olti oy mobaynida Qozog‘istonda konstitutsiyaviy islohotlar  yuzasidan xalq tomonidan ko‘plab taklif va tashabbuslar ilgari surilgan. Jamoatchilik hamda fuqarolar fikr-mulohazalari asosida bir palatali parlamentga o‘tish yoqlangan.

“Bu muhim nuqta, ta’bir joiz bo‘lsa, islohotlarning yadrosini tashkil etadi. Yangi bir palatali parlament 5 yilga saylanadigan 145 deputatdan iborat bo‘ladi... Deputatlar proporsional tamoyil asosida saylanadi. Bu esa siyosiy partiyalarning roli va mas’uliyatini oshirishi kutilmoqda. Mintaqaviy miqyosda esa majoritar tizimi saqlab qolinadi. Muhim jihati, yangi parlamentda prezident va Qozog‘iston xalq assambleyasi kvotalari bekor qilinadi. Yoshlar, xotin-qizlar va alohida ehtiyojga ega fuqarolar uchun kvotalar saqlab qolinadi”, – deydi elchi Beybut Atamqulov.

“Qurultoy” deb atalishi kutilayotgan yangi bir palatali parlamentda partiyalararo raqobatga alohida e’tibor qaratiladi, yirik siyosiy kuchlar monopoliyasi qisqartiriladi.

“Parlamentning muhim davlat idoralari rahbarlarini tayinlashdagi roli sezilarli darajada kuchayadi. Agar hozir bu bo‘yicha vakolatlar parlament va prezident o‘rtasida taqsimlangan bo‘lsa, o‘zgarishlar ortidan asosiy e’tibor aynan parlament ishtirokini kuchaytirishga qaratiladi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev aytganidek, “Parlament islohoti Qozog‘istonning salohiyatini kuchaytirish, yangi kuch-quvvat bag‘ishlash va o‘zgarishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi”. Ko‘zlangan o‘zgarishlar ulkan qamrovli bo‘lib, keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni talab etadi. Shu munosabat bilan prezident tomonidan maxsus Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi”,  – deydi diplomat.

Milliy qurultoy a’zolari, taniqli huquqshunoslar, mintaqaviy jamoat kengashlari, OAV va boshqa soha vakillari – 100 dan ziyod kishini jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya aholidan kelayotgan takliflarni o‘rganishga kirishgan.

Elchi Beybut Atamqulov o‘z chiqishida O‘zbekistonda 2023 yilgi islohotlar jarayonida Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli ishlarni ham yodga oldi.  

“O‘zbekiston tajribasi bu kabi muhim o‘zgarishlarga tayyorgarlikda ochiqlik, professional ekspertiza va keng jamoatchilik muhokamasi qanchalik muhim ekanini ko‘rsatdi”, – deb xulosa qildi diplomat.

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev joriy yil 20 yanvar kuni Milliy qurultoyning V majlisida bir qator o‘zgarishlar, jumladan, davlat boshqaruvi tizimida yangi lavozim – vitse-prezident institutini joriy etishni taklif qildi.

Qozog‘iston prezidenti Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazish haqida to‘xtalib, bu tadbir sanasi maxsus komissiya o‘z ishini yakunlaganidan so‘ng e’lon qilinishini aytdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring