Tramp Eronga zarba berishni ortga surganini ma’lum qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga 19-may kuni rejalashtirilgan harbiy zarbalarni vaqtincha ortga surganini ma’lum qildi.
Uning Truth Social tarmog‘ida yozishicha, bunday qaror Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari rahbarlarining iltimosi bilan qabul qilingan.
Trampning ta’kidlashicha, arab davlatlari rahbarlari hozirda jiddiy muzokaralar davom etayotgani va ular AQSh hamda Yaqin Sharq davlatlari uchun maqbul kelishuv bilan yakunlanishi mumkinligini bildirgan.
«Men yuqoridagi yetakchilarga bo‘lgan hurmatimdan kelib chiqib, mudofaa vaziri Pit Xegsetga, Qurolli kuchlar shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keynga va AQSh harbiylariga ertaga rejalashtirilgan hujumni amalga oshirmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdim», – deb yozdi Tramp.
Shu bilan birga, u Eron bilan maqbul kelishuvga erishilmasa, AQSh to‘liq ko‘lamli hujumga tayyor turishini ham ta’kidladi.
Trampga ko‘ra, ehtimoliy kelishuv natijasida Eron yadroviy qurolga ega bo‘lish imkoniyatidan voz kechishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyi boshida AQSh va Eron o‘rtasida vaqtinchalik sulhga erishilgan edi. Vashington Tehronga vositachilar orqali 14 banddan iborat taklif yuborgan. Unda Eron yadroviy qurol ishlab chiqishdan voz kechishi evaziga sanksiyalarni yumshatish taklif qilingan.
Eron esa muzokaralarni davom ettirish uchun AQShga besh shart qo‘ygan, ammo Tramp ularni «maqbul emas» deb atagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter