Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampning «g‘alaba retsepti» nima? Tahlilchilar javob berdi

Trampning «g‘alaba retsepti» nima? Tahlilchilar javob berdi

AQShda 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijasi rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, g‘olib nomi allaqachon ma’lum: respublikachilar nomzodi Donald Tramp demokratlar vakili Kamala Harrisni sezilarli farq evaziga yutdi.  2017-2021 yillarda Qo‘shma Shtatlarga rahbarlik qilgan Tramp yana Oq uyga qaytmoqda.

Prezidentligi davrida ikki marta impichment e’lon qilingan, saylovga qadar ham bir qator jinoyatlarda ayblanib tergovga tortilgan Tramp qay tariqa g‘alabaga erishdi? AQSh elektorati nega «demokratiya uchun xatar» deb atalgan siyosatchiga ovoz berdi? Trampning «g‘alaba retsepti» nima o‘zi? O‘zbekistonlik tahlilchilar ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi savollar yuzasidan mulohazalari bilan bo‘lishmoqda.

«Quloq bekorga qurbon bo‘lmaydigan bo‘ldi. Fitna nazariyasi baribir har doim foyda beradi. Odamlar hozircha shoumenlarga ishonishda davom yetmoqda. Erdo‘g‘on bilan ham shunday bo‘lgandi. Turkiya iqtisodiyoti chuqur tomon ketayotgan, migratsiya muammosi jiddiylashayotganiga qaramay turklar Erdo‘g‘onning populizmiga ishondi. Amerikaliklarda ham ahvol shu. Grover Klivlend (AQShga 1885-1889 va 1893—1897 yillarda prezidentlik qilgan siyosatchi nazarda tutilmoqda – tahr.) rekordini takrorlagan shoumen Tramp keyingi 4 yilda Yer sayyorasidagi global voqealarning asosiy me’mori bo‘ladi»,deb yozdi tahlilchi Muhammadqodir Sobirov.

Harvard biznes maktabida fan doktori ilmiy darajasini olgan taniqli iqtisodchi Botir Qobilov fikricha, saylovchilar uchun iqtisodiy ko‘rsatkichlar, xususan, inflyasiya muhim omil bo‘ldi.

«Bu yil ovoz beruvchi amerikaliklar uchun nafaqat iqtisodiyot, balki aynan uning bir ko‘rsatkichi – inflyasiya muhim edi. Soddalashtirish uchun: «Do‘kondagi tuxum, restorandagi gamburger va zapravkadagi benzin narxlari hozirda 4-5 yilga qaraganda qimmatroq edi, u paytda D.Tramp prezident edi, narxlar amaldagi administratsiya davrida oshdi, biz narxlarni yana o‘sha arzon paytiga qaytishni xohlaymiz» degan saylovchilar Trampni sayladilar. Biroq, jumboq shundan iboratki, Trampning iqtisodiy siyosati narxlarni, inflyasiyani yanada to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshirishi kutiladi. Harris lageri ham mana shunga yetarlicha urg‘u bermadi deb o‘ylayman», deydi B.Qobilov.  

Ekspertga ko‘ra, aslida hozirda AQSh iqtisodiyoti har qachongidan kuchliroq, ishsizlik ko‘rsatkichi tarixiy minimumda, inflyasiya darajasi ham 2 foizga yaqinlashib qolgan, mehnat samaradorligi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham AQSh iqtisodiyoti boshqa rivojlangan mamlakatlarnikiga qaraganda ancha barqaror. Bu ko‘rsatkichlar Bayden prezidentligi paytida bo‘ldi. Ammo saylovchilar bu jihatga chuqur e’tibor qaratmagan.

Sharqiy Angliya universiteti professori Sherzod Mo‘minov Trampning g‘alabasi ko‘pchilik liberal va so‘lchilar uchun kutilmagan hodisa bo‘lgani, ammo uning Oq uyga kelishidan xursand bo‘layotgan davlat rahbarlari ham borligini qayd etgan. 

«Ochiqcha chiqish qilmasa-da, ba’zi davlat rahbarlari chapak chalib, shampan shishalarini ochayotgani aniq. Bularning kimligini bilish qiyin emas – AQSh kuchsizlashuvidan, G‘arb davlatlari orasida kelishmovchiliklardan manfaatdor davlatlar. Yevropani ichidan yemirishga harakat qilib kelayotganlar, masalan, Vengriya rahbari Viktor Orban va unga xayrixohlar, Britaniyani YeIdan olib chiqishga katta hissa qo‘shgan, hozirda esa Trampning oldida dumini likillatib yurgan Nayjel Faraj»,deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan Sh.Mo‘minov.

Mutaxassis Tramp tashqi siyosatidan Ukraina eng katta aziyat chekishi mumkinligi, respublikachi va’dasiga sodiq qolib AQShdagi noqonuniy immigrantlarni yoppasiga deportatsiya qilish haqida qaror qabul qilgudek bo‘lsa, millionlab immigrantlarning sho‘ri qurishini qayd etgan.

«Oldin ko‘p o‘ylar edim, nega Putinni O‘zbekistonda yaxshi ko‘rishadi deb. Har qanday ijtimoiy qatlam, yosh, kelib chiqish, ta’lim darajasi va daromad bo‘yicha kesimda Putinga nisbatan simpatiyasi bor o‘zbeklarni ko‘p uchratgan edim. Fikrimcha, bu rus propagandasi oqibatlaridan biri edi. Shu kunlarda, xuddi shunday savolni Tramp haqida bersa bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p o‘zbeklar Trampni qo‘llashlari haqida yozishmoqda va bir birlarini hatto g‘alaba bilan tabriklashmoqda. AQShdagi o‘zbeklar ham, AQShga borib qolish xavfi bo‘lmagan o‘zbeklar ham shunday. Bu masalada ham biror bir tushuntiruvchi umumiy maxraj yo‘qdek. Taajjubli, albatta. Buning sababini bila olmadim, boshqa AQSh prezidentini bunchalar qo‘llashganini eslay olmadim»,deya taajjub bildirdi Viskonsin universiteti (AQSh) doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov.

Bi-Bi-Si jurnalisti Ibrat Safo fikricha, AQShdagi saylovda eng katta g‘olib feyk nyus bo‘ldi.

«Immigratsiya muammosi bor, lekin soxta xabarlarda ularning olabo‘jisi bo‘rttirildi. Tvitterda millionlab amerikaliklar ulashgan videoda go‘yoki gaitilik migrantlar Harris tufayli bir nechta feyk hujjatlarni qo‘lga kiritib, unga bir necha marta ovoz berganlarini aytishadi. Bu video feyk ekani tezda isbotlansa-da, Ilon Mask uni olib tashlamadi va o‘zi ham odamlarni noqonuniy migrantlar bilan qo‘rqitishda davom etti. Britaniyada Breksit ham feyk xabarlar yordamida yuz bergandi. Demak, endi insoniyatga farqi yo‘q – u o‘zi istagan narsaga ishonadi»,deb yozdi u.

I.Safoga ko‘ra, Trampning saylanishi ko‘plab davlatlardagi siyosiy axloqqa katta ta’sir qiladi, «avtoritarlik va nepotizm yaxshi, o‘z farzandlaringga lavozim berish to‘g‘ri, tanish-bilishchilik afzal, hatto jinoyat ham ma’qul, ayollarga tegajoqlik norma, demokratiya eskirdi» degan mujda yetkazadi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Trampning g‘alabasida qadriyatlar omili ham muhim o‘rin tutgan deb hisoblaydi.

«Nima uchun Donald Trampning vaziyati amerikaliklar nuqtai nazaridan qulayroq desak, chunki Kamala Harris bu – so‘l siyosatchi, insonlarni teng ko‘rish kerakligini ta’kidlaydi. Demokratlarning asosiy qadriyati tenglik – musulmonlar bilan amerikaliklar, oqlar bilan qoralar teng.

Respublikachilarning asosiy qadriyati esa o‘zlik. Donald Tramp aytyaptiki, «Mana, migrantlarga eshik ochildi, sizlarning ish o‘rinlaringizni olib qo‘ydi, oyliklaringiz tushib boraveradi, men hokimiyatga kelsam, migrantlarga eshikni yopaman», deydi.

Yevropada ham xuddi shu tendensiya kuzatilmoqda. Ya’ni «Men sizlarni himoya qilaman» deyish va boshqalarga qarshi turishimiz kerak, degan pozitsiya kafolatlangan g‘alaba retsepti hisoblanadi»,deydi K.Rabbimov.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov esa demokratlar va respublikachilarning G‘azo sektoridagi qirg‘inbarot urush borasidagi farqli yondashuviga e’tibor qaratgan.

«Bizdagi juda ko‘pchilik Tramp G‘azodagi urushni to‘xtatadi, degan fikrda. Bu mening shaxsiy kuzatishlarim. Bayden administratsiyasini esa ko‘pchilik o‘sha qirg‘inbarot urushning homiysi deb biladi, shuning uchun ularning yutqazganidan xursand.

Aslida, yahudiylar lobbisi Trampni (ya’ni respublikachilarni) qo‘llaydi, demokratlardan ko‘ra. G‘azodagi urush tezroq tugashi uchun Kamala Harris prezident bo‘lgani ma’qulroq edi. Tramp «Quddus – Isroilning poytaxti» degan odam, axir! Isroildagi ultra o‘ng millatchi vazirlar ham Tramp prezident bo‘lganidan xursand», – dyeb yozdi Sh.Shokirjonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring