Ukraina razvedkasi: Putin Trampga 12 trillion dollarlik kelishuv taklif qilgan
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina razvedkasi Kreml AQSh prezidenti Donald Trampni o‘z tomoniga og‘dirish maqsadida 12 trillion dollarlik yirik iqtisodiy kelishuv taklif qilgani haqida ma’lumotga ega.
Zelenskiyning aytishicha, mazkur tashabbus «Dmitriyev paketi» deb ataladi va u Rossiya tomonidan muzokarachi sifatida qatnashgan Kirill Dmitriyev – Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari nomi bilan bog‘liq. Ushbu taklif Dmitriyevning yaqinda Vashingtonga amalga oshirgan tashrifi davomida ilgari surilgani aytilmoqda.
12 trillion dollar – bu Rossiyaning yillik yalpi ichki mahsulotidan to‘rt baravardan ortiq summa hisoblanadi.
«Ko‘rinadiki, gap AQSh va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik paketlari haqida ketmoqda. [...] Biz Amerika va Rossiya o‘rtasida shunday yoki shunga o‘xshash ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi mumkinligi haqida signallar olayapmiz», – dedi Zelenskiy ukrainalik jurnalistlar bilan suhbatda.
Ukraina prezidenti kelishuvning aniq shartlarini ochiqlamagan, biroq ehtimoliy hujjatlar Ukraina suvereniteti yoki xavfsizligiga daxl qilishi mumkinligini ta’kidlagan.
«Biz aniq aytamiz – agar bunday, hatto ehtimoliy kelishuvlar Ukraina ishtirokisiz qabul qilinsa, mamlakatimiz ularni qo‘llab-quvvatlamaydi», – dedi u.
Zelenskiyning bayonotlari Wall Street Journal’ning o‘tgan yil noyabridagi xabari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Nashr amerikalik tadbirkorlar va rossiyalik oligarxlar o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tgani va ularda tog‘-kon hamda energetika kompaniyalarida ehtimoliy ulushlar muhokama qilingani haqida yozgan.
Qayd etilishicha, Kirill Dmitriyev avvalroq Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan birgalikda 28 banddan iborat «tinchlik rejasi» ustida ishlagan. Ushbu rejada Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish hamda AQSh–Rossiya iqtisodiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish taklif etilgan. Ukraina prezidenti esa, aksincha, Moskvaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirib kelmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter