Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Urush tugaydi, hukumat almashadi...» – Mongoliyadan qo‘nim topayotgan rossiyaliklar guruhiga bir nazar

«Urush tugaydi, hukumat almashadi...» – Mongoliyadan qo‘nim topayotgan rossiyaliklar guruhiga bir nazar

Urush qurboni bo‘lishni, ehtimolki, ayrimlari qurol ko‘tarmagan xalqqa o‘t ochishni istamagan rossiyaliklar vaqtinchalik qo‘nim topish uchun joy tanlab o‘tirganlari yo‘q. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Koreya, Gruziya... Rossiya bilan yon qo‘shni bo‘lgan Mongoliya ham bunday nasibadan bebahra qolmagan.   

Telegrammdagi «Mongoliya/Adaptatsiya 03» guruhi aynan bu mamlakatga yo‘l olayotgan yoki yetib borib ko‘nikma hosil qilishga kirishgan rossiyalik erkaklar (ayollar ham)ga mo‘ljallangan.  28 sentyabr soat 11 holatida guruh a’zolari soni qariyb 6 mingtani tashkil qildi.  

Bir qarashda guruhda eng ko‘p marta takrorlangan savol-javob transport va chegarada o‘tish bilan bog‘liq. Soat nechada ketadi,  nechta joy bor? Narxi qanaqa? Chegarada muammo bo‘lmaydimi? Qaysi chegara posti qulayroq?

Rossiyaliklar, ular faqat ruslar emas, Mongoliyaga yaqin joylashgan Buryatiya Respublikasidan bo‘lgan buryatlar ham asosan mamlakat poytaxti Ulan-Batorda o‘rnashishni afzal bilishayotgani ko‘rinadi.

Undan keyingi o‘rinda: joylashish mumkin bo‘lgan ijara uylari, mehmonxonalar haqida gap ketadi. Valyutani qayerda ayirboshlash, qaysi oziq-ovqat do‘konlarida narx-navo arzonroq, qayerda tibbiy xizmatdan foydalanish mumkin, ko‘chib kelgandan keyin eng zarur bo‘ladigan – choyshab, sochiq kabi buyumlarni qayerdan arzonroqqa olsa bo‘ladi kabi savollar va ularga javoblar e’tiborni tortadi. Lekin ayni vaqtda ba’zi savollardan kelib chiqqan suhbatlar bir hikoya kabi bir inson hayotini, o‘y-xayollari, ruhiyatini aks ettiradi.

Irkustdagi harbiy komissariat qarori ortidan...

«Salom! Biz Irkutsk viloyatidanmiz, chegaradan chiqib keta olamizmi? Bu gap vrachlarga aloqador» deb yozadi A. ismli kishi.

Shu gapidan so‘ng u qandaydir qaror fotonusxasini tashlagan. Irkutsk viloyati harbiy komissari Ye.Fujenko imzosi bilan tasdiqlangan qarorning 2-bandida yozilishicha, harbiy xizmatga aloqador shaxslar tuman, shahar komissariatlari ruxsatisiz yashash hududlarini tark etishi taqiqlanadi.

«Nega?» deb so‘raydi kimdir.

Shifokor asabiylashayotganini undov belgilarida ifodalaydi. «Siz O‘qing!!!! Irkutsk harbiy komissariati. Men jo‘nab ketsam nima bo‘ladi?»

Semyon unga yozadi: «Ko‘plab do‘stlaringiz allaqachon chiqib ketgandir. Ketmoqchi bo‘lsangiz, ortga surib o‘tirmang».

Shifokor Semyonga javoban huquqshunosga murojaat qilganini aytadi: «Men bugun harbiy kommissariat  yuristiga qo‘ng‘iroq qildim. U jinoiy ish ochiladi dedi. Yoki shunday emasmi???»  Negadir u 3 ta so‘roq belgisini qo‘yar ekan, «balki u ataylab shunday deyaptimi» deb qo‘shib ham qo‘yadi.

«Agar siz chaqiruv qog‘oziga qo‘l qo‘ymagan bo‘lsangiz, hammasi joyida», shifokorni tinchlantiradi Semyon.

Guruhning boshqa a’zosi esa «Chaqiruv qog‘ozi qo‘lingizda bo‘lsa, bormaganlik uchun jarima 3000 rubl», deb ma’lumot beradi.  U «jinoiy ish haqida vrachlargacha gap yetgan bo‘lsa, jinoiy ishlarda qandaydir yashirin o‘zgarish bo‘layapti», deya taxminini yashirmaydi.

«Chaqiruv qog‘ozi olmadim, xirurg, anesteziolog va travmatologlarga aloqam yo‘q! Ammo barcha vrachlar harbiy majbur, men V guruhda xizmat qilmaganman!» deb yozadi shifokor.

«Hatto qo‘lingizda chaqiruv qog‘ozi bo‘lganida ham, bu chegaradan o‘tishga mone bo‘lmasligi kerak», deb ta’kidlaydi yana kimdir.

«Chegarada ayrimlarga chaqiruv qog‘ozlari berishdi, ular o‘sha qog‘ozlarini qo‘lga olib chiqib ketishdi», deydi jarima haqida yuqorida gapirgan suhbatdosh.

Aleksandr degan kishi esa yanada tinchlantiruvchi ma’lumot yozadi:

«21 sentyabrda safarbarlik e’lon qilingandan buyon bo‘yin tovlash, majburiyatni bajarmaslik yoki harbiy komissiriatga kelmagani uchun birorta ham jinoiy ish yoki KoAP (shu jumladan 21.5 modda bo‘yicha) protokoli ochilgani ma’lum emas.

Agar sizni javobgarlikka tortishsa, bu haqda qaynoq tarmoqqa xabar bering. (https://t.me/army_help)».

 «Siz vrach ekaningizni aytmang» — kuyinchaklik qiladi Semyon. — «Faqat tor doiradagi mutaxassislarga imtiyoz bor, menimcha farmakologlarga xolos. Menda ham V. Chegaraga tomon tezroq suring va o‘tib oling».

Jarima narxini aytib, mavzuga aralashib kelayotgan Bato yana qo‘shimcha qiladi: «Hozircha qonun yo‘q ekan, hamma chiqib ketishi mumkin. Faqat hujjatida muammosi borlarni to‘xtatishadi. Men to‘rtinchi kun bu yerdaman. Har kuni kelayotganlarni uchrataman. Bugun elchixonada bo‘ldim, to‘xtab qolgan yigitlar bor». 

Bata tag‘in fikrini bildiradi: «Aftidan bularning hammasi mahalliy hukumatning provakatsiyasi, ular qat’iy choralarni kutmoqda».

Shifokor savolidan avvalroq bir yigit «Meni chegarada o‘tkazishmadi. Men armiyada xizmat qilganman. Bunday holat yana bormi? Yoki bu holat faqat mendami?», deb yozgan.

«Qaysi chegarada?»

«Mongoliyaga sayyohlik avtobusida o‘tsangiz, hatto savol ham berishmaydi».

«Nazorat nuqtasidan o‘tmaysizmi?»

«Hammani o‘tkazishadi».

Aleksandr degan akkuantdan mana bu xabar takrorlangan: «Hali chegaradan o‘tmagan erkaklar, shuningdek ayollar ham, shaxsiyga yozinglar, chegaradan o‘tishda yordam beradigan tanishimning kontaktini beraman, guruh to‘playapti».

Boshqa akkuant o‘zga chegara postidan yozadi: «Sayyohlik avtobusida 15 kishi edik. Shundan bir kishini chegarada olib qolishdi, sababi chiqish taqiqlanadi» deb yozgan.

Bir ayol yosh bola bilan piyoda bo‘lganlari va eri qaytishi uchun poyezdga chipta borligi uchun chegaradan o‘tkazishganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, qaytish chiptasidan ular foydalanmoqchi emas, ataylab eng arzon narxdagisini olishgan.

«Ahmoqona» savollariga dono javoblar

Guruhda erkaklar qatori ayollar ham faol. Ular yaqinlari uchun xavotirda. Savol qo‘yilishidan bu shundoqqina sezilib turadi. Ksyusha ismli ishtirokchi gapini uzr bilan boshlaydi:

«Bolalar, ahmoqona savol uchun uzr-ku, urush tugagandan keyin mamlakatdan chiqib ketganlardan hech kim qaytmaydimi? Qaytsa, to‘g‘ri panjara ortiga tushadimi?»

L.B: «Urush tugaydi, hukumat almashadi. Amnistiya e’lon qilishsa kerak».

Maxx: «Hamma qaytadi, har holda ko‘pchilik qaytadi».

Roman: «Qayerdan bu fikr keldi? Men o‘ylaymanki, istovchilar qaytadi, hammasi o‘rniga tushadi».

Ksyusha: «Chunki zahirada. Qochgan bo‘lib chiqamiz. Dezertirlik. Shunday emasmi? Balki yanglishayotgandirman».

Roman: «Sizlarni qo‘yib yubordimi, demak hammasi joyida. Agar rejada aynan sizlar bo‘lganingizda, chegaradan o‘tolmas edingiz. Yaqinda hammasi unutiladi va siz hech kimning xayoliga ham kelmaysiz. Bu mening fikrim albatta».

Sasha: «Takroriy chaqiruv qog‘ozi olmaguncha jinoiy javobgarlik yo‘q. Ikkinchisini esa topshira olmaydi.

RFda hozircha bunaqa qonunlar yo‘q. Chaqiruv qog‘ozini olmading, harbiy vaziyat yo‘q, xorijga chiqishga taqiq yo‘q, nima uchun qamoqqa olishadi?»

«Mehmonda izzatingizni biling!»

Shifokorning ikkilanishi, Kyushanin ko‘z yoshlar bilan yozgan hasrati ortidan savol-javoblar orasida kimlardir yashash uchun manzil haqida savol tashlayapti, kim yordam so‘rayapti: «Odamlar, yordam beringlar! Men, xotinim, 2 yoshli bolam, Xabarovskdan kelayotgan edik mashina buzilib qoldi. Biz ShIMANOVSKdamiz. Solovevskda chegaradan o‘tish mumkin deyishayapti».

Bir necha daqiqadan so‘ng yo‘lda qolgan oilaga ham yo‘l-yo‘riqlar yog‘iladi.  Chatda hamma bir-biriga mehribon, bir-biriga achchiq-tiziq mulohazalar mutlaqo ko‘zga tashlanmaydi. Ammo ayrim xabarlar halitdan rossiyaliklar va mongoliyaliklar o‘rtasida o‘ziga xos ziddiyatlar paydo bo‘layotganiga ishora qiladi.

Darima Sodnomova: «Bizning bolalarimiz mongol yigitlarni urishgan. Bittasi og‘ir ahvolda. Ikkita holat. Buryatlar, biz bu mamlakatda mehmondamiz, siz tufayli hammaning nomiga dog‘ tushadi va barcha javob berishiga to‘g‘ri keladi. Ehtiyotkor bo‘ling. Bugun mongol do‘stlarimiz aytishdi. Juda uyatli!»

Buryatinadan Valentina Romanova esa Mongoliyaga ketgan millatdoshlariga qarata murojaat qilgan:

«Salom. Jamoat tuzinglar,  boshliq saylanglar, muammolarni yechinglar, siz ma’lumotlisiz. Biz sizni millatni saqlash uchun jo‘natdik, o‘zlaringizni munosib tuting.

 1) ichmanglar, barma-bar yurmanglar;

2) sizning bu yerda xotingiz, opa-singillaringiz, onangiz, farzandlarigiz qolganini unutmang;

3) bir-birlarigizga hurmat bilan munosabatda bo‘ling, bir-biringizni quvvatlang;

4) mehmonda ekaningizni unutmang;

5) bir-biringizni aldamang, o‘zingizdagi kibrni unuting;

6) ishdan qo‘rqmang, har qanday ishga kirishavering, jumladan, vatanda qanday ishni bajargan bo‘lsangiz shu ish bilan shug‘ullaning.

7) kimning qo‘lida sarmoyasi bo‘lsa, ish o‘rinlari yarating, hozircha nimadir qilolmayotganlar uchun ham ish joyi oching.

Birlashing, ishlang, bir-biringizga yordam bering.

Biz sizning rafiqalaringiz, opa-singillarigiz, onalaringiz siz o‘zingizni munosib tutishingiz, ishonchimizni qozonishingizga umid qilamiz. Siz bizning kelajagimiz!»

Guruhda Mongoliya orqali boshqa davlatlarga o‘tish yo‘llari haqida ham so‘rashgan. Masalan, bittasi Ulan Udedan Qozog‘istonga qaysi yo‘l bilan borish haqida maslahat so‘ragan. Boshqa guruh a’zosi esa bunga javoban «Qozog‘istonda hamma narsa qimmat va ruslarga yomon munosabatda bo‘lishadi. Mongoliyada bu masalada super mamlakat!» deydi.

«Ular menga hech yomonlik qilmadilar»

Guruhga mana bu ilova tirkab qo‘yilgan. Bokschi Muhammad alining aytganlari  guruhning shiori kabi qo‘rilayotgani ilg‘anadi.

1967 yil 19 iyunda Muhammad Aliga armiyadan bo‘yin tovlash aybi bilan jinoiy ish ochildi va sudga tortildi. O‘shanda 25 yoshli bokschi shunday nutq so‘zladi:

«Men vetnamliklar bilan janjallashmadim, vetnamliklarga qarshi biror e’tirozim yo‘q. Ular menga hech bir yomonlik qilmadilar, men n**r deb aytmadilar, huquqlarimni cheklamadilar, meni ayirib qo‘ymadilar. Meni qamoqqa yubormoqchimisiz, marhamat. Ammo men 10 chaqirim yo‘l bosib bu bechora insonlarni o‘ldirish uchun bormayman. Yaxshisi men qamoqda o‘tiraman va sizlar bilan kurashib o‘laman. Aynan sizlar mening ozodlik tomon yo‘limga to‘g‘anoq bo‘ldingizlar, menga boshqalar bilan teng bo‘lishni ravo ko‘rmadingizlar, mening diniy huquqimni hurmat qilmadingizlar. Vetnamliklarga esa hech qanday e’tirozim yo‘q»

***

Guruh kengayib bormoqda. Tabiiyki, savol-javoblar qamrovi ham. Migratsiya xizmati idorasi qayerdaligi, viza muddatini qanday cho‘zishdan tortib chegaradan jonivorni o‘tkazishdagi talabiyu, elektron sigareta qismlarini qayerdan olish, ishlatilgan kompyuterni qayerdan xarid qilish, tarjimonga ehtiyoj paydo bo‘layotgani kabi savollarga ham o‘rin topilgan. Ijara uylar taklif qilingan fotolavhalar ham takrorlanib turibdi. Endilikda, «Hosilni yig‘ishga 6 nafar ishchi kerak, falon korxonaga mutaxassis yoki yollanma ishchi lozim» singari e’lonlar ham paydo bo‘lgan. Shuningdek, Janubiy Koreyaga ishga taklif qilingan reklamalar e’lon qilinyapti. Admin o‘ta nochor ahvolda qolganlar aloqaga chiqishini taklif qilib borayapti. 

Harbiy safarbarlik e’lon qilgani ortidan Rosssiyadan chiqib ketayotgan va ketganlar boshqa davlatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham birlashib telegramm guruhlar ochishgan.   

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring