Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalqaro tashkilotlar Afg‘onistondagi holat bo‘yicha bong urmoqda

Xalqaro tashkilotlar Afg‘onistondagi holat bo‘yicha bong urmoqda

Foto: Reuters

Xalqaro insonparvarlik tashkilotlari zilzila oqibatida ulkan talafot ko‘rgan Afg‘onistonga ko‘mak ko‘rsatishga chaqirmoqda.

BMT bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Afg‘oniston ko‘makka o‘ta muhtoj ekanini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni zilzila oqibatlarini bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatishga undagan.

Norvegiyaning qochqinlar masalalar bo‘yicha kengashi direktori Yakopo Karidi Afg‘onistonda qurg‘oqchilik, qashshoqlik kuzatilayotgan bir paytda zilzilaga qarshi kurash oson kechmayotgani, ichki resurslar tugab bitganini qayd etgan.

Iqtisodiy inqiroz sharoitida yashayotgan, xalqaro hamjamiyatdan ihotalanib qolgan mamlakat zilzila oqibatida yanada mushkul holga tushgan.

Hozirga qadar tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga sanoqli davlatlar ko‘mak ko‘rsatgan, xolos. Jumladan, Yevropa Ittifoqi 1 million yevro mablag‘ va 130 tonna insonparvarlik ko‘magi ajratgan. Buyuk Britaniya 1 million funt sterling yordam yo‘llagan. Ammo an’anaviy ravishda ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan yirik donor davlatlar, jumladan, AQSh hech qanday moliyaviy ko‘mak taklif etmagan.

“Tolibon” ma’muriyati ham garchi mamlakatda xalqaro nodavlat tashkilotlar faoliyati cheklangan bo‘lsa-da, ularga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Afg‘oniston hokimiyatiga 2021 yil avgust oyida “Tolibon” harakati kelgach, mamlakatga xalqaro hamjamiyat ko‘magi keskin qisqarib ketgan. Joriy yilda ham ko‘zda tutilgan insonparvarlik ko‘magining atigi 28 foizi yetkazilgan, xolos.

Avval xabar berganimizdek, 1 sentyabr kuni Afg‘oniston janubidagi Kunar va Nangarhar viloyatida sodir bo‘lgan 6 ballik zilzila ulkan vayrongarlikka olib keldi.

Tabiiy ofatda minglab uy vayron bo‘ldi. Eng ko‘p qurbonlar epimarkazga yaqin joylashgan Kunar viloyatida qayd etilgan. Ushbu hududda butunboshli qishloqlar vayron bo‘lgan.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, zilzilada halok bo‘lganlar soni 2200 nafardan ortib ketdi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov halokatli zilzila munosabati bilan qo‘shni davlat hukumati va xalqiga hamdardlik bildirarkan, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda har tomonlama yordam ko‘rsatilishini aytgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring