Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy tashqi ishlar vaziri sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi

Xitoy tashqi ishlar vaziri sirli tarzda g‘oyib bo‘ldi

Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gan uch haftadan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bermayapti. Yuqori martabali mulozimning sirli tarzda g‘oyib bo‘lgani Xitoy internet segmentida qizg‘in bahslarni avj oldirdi.

Vazirlik voizlari o‘z rahbarlari taqdiriga oid savollarga aniq javobdan qochmoqda. Masalan, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik rasmiy vakili Mao Nin vazir qayerda ekani haqidagi savolga javob qaytarar ekan,  bu borada ma’lumot yo‘qligini aytish bilan cheklangan.

Xitoyda yuqori rutbadagi amaldorlarning qo‘qqisdan yo‘qolib qolishi va bu haqda jamoatchilikka ma’lumot berilmasligi u shaxsning boshida qora bulutlar to‘planganini anglatishi mumkin. Ko‘p hollarda ma’lum vaqt o‘tgach, g‘oyib bo‘lgan mulozimga nisbatan jinoiy ish ochilgani o‘rtaga chiqadi. Gohida esa jamoatchilikka ko‘rinish bermay qo‘ygan amaldor ma’lum vaqtdan keyin hech gap bo‘lmagandek yana ishini davom ettirib ketaveradi.

Hatto Xitoy yetakchisi Si Szinpin ham davlat rahbari lavozimiga kelgunga qadar ikki hafta davomida yo‘q bo‘lib qolgan. O‘shanda uning salomatligi yomonlashgani, parda ortidagi siyosiy kurashlar girdobida qolgani haqida ovozalar tarqalgan.

Bir necha yil avval xitoylik milliarder Jek Maning sirli yo‘qolishi ham jahon matbuoti va biznes hamjamiyatini ozmuncha tashvishlantirgani yo‘q.

Rasmiy matbuot vazir Sin Gan so‘nggi bor 25 iyun kuni Pekinda shri-lankalik hamkasbi bilan uchrashgani haqida xabar bergan. Shundan keyin bosh diplomat sirli tarzda yo‘qolgan.

Avval xabar berganimizdek, Xitoy tashqi ishlar vaziri g‘oyib bo‘lishidan oldin Pekinda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan xiyla asabiy tarzda o‘tgan uchrashuvda qatnashgan.

Xitoy bosh diplomati joriy yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining uchrashuvida ham ishtirok etgandi.

Sin Gan o‘tgan hafta Indoneziyada tashkil etilgan ASEAN sammitida Pekin delegatsiyasiga rahbarlik qilishi lozim edi. Ammo so‘nggi pallalarda uning o‘rniga sobiq vazir, ayni paytda Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasining tashqi siyosat bo‘yicha mas’uli Van I delegatsiyaga boshchilik qilishi ma’lum bo‘ldi.

Xitoy TIV va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha vakili Jozep Borrel o‘rtasida Pekinda o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuv ham kutilmaganda bekor qilindi.

TIV rasmiy saytida Sin Gan hamon shu idora rahbari ekani ko‘rsatilgan, ammo vazir faoliyatiga doir eng so‘nggi xabar qariyb bir oy avval – 22 iyun kuni joylashtirilgan.

Vazirning taqdiri borasida rasmiy ma’lumot berilmagani ortidan xitoy tilli ijtimoiy tarmoqlarda turli ovozalar yoyildi. Keng tarqalgan mishmishlarga qaraganda, Sin Gan oilaviy xiyonat sabab tergovga jalb etilgani bo‘lishi mumkin.

Xitoyning Baidu tizimida so‘nggi kunlarda Sin Gan ismi bilan berilgan qidiruvlar 5000 foizga ortgan. Foydalanuvchilar xitoylik yulduzlardan ko‘ra vazirning taqdiri bilan ko‘proq qiziqmoqda.

«Odamlarning qiziqishi bejiz emas. Negaki, «qora quti»ga oid har qanday sir ularning befarq qoldirmaydi. Vazirning g‘oyib bo‘lishi Xitoy diplomatik tizimi nechog‘li mo‘rtligi va qarorlar eng oliy darajada qabul qilinishini ko‘rsatadi», – deydi pekinlik siyosatshunos Vu Syan.

57 yoshli Sin Gan mansab pillapoyalarida juda tez ko‘tarilgani aytiladi. Ikki yil davomida Xitoyning AQShdagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan diplomat 2022 yil dekabr oyida vazir kursisini egallagan.

Singapur milliy universiteti xodimi Yan Chun ijtimoiy tarmoqlarda g‘oyib bo‘lgan vazir taqdiriga oid joylanayotgan turli postlar senzuraga uchramay to‘siqsiz tarqalayotganiga e’tibor qaratgan. Bu holat yuqori rutbadagi amaldor korrupsiya yoki oilaviy xiyonatga aralashgani haqidagi farazlarda haqiqat uchquni bor deyishga undaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring