Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp siyosati qimmatga tushdi: Ford 900 million dollar yo‘qotdi

Tramp siyosati qimmatga tushdi: Ford 900 million dollar yo‘qotdi

Ford Motor Co. kompaniyasi AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining tarif siyosatidagi o‘zgarishlar tufayli qo‘shimcha ravishda qariyb 900 million dollar zarar ko‘radi.

Bu haqda Bloomberg agentligi kompaniyaning moliya direktori Sherri Xaus bayonotiga tayanib ma’lum qilgan.

2025 yil 23 dekabrda Ford kompaniyasiga yetkazilgan yangi ko‘rsatmaga muvofiq, import qilinadigan ehtiyot qismlar uchun imtiyozli tarif shartlarini kompaniya dastlab rejalashtirilganidek may oyidan emas, balki faqat noyabr oyidan qo‘llashi mumkin bo‘lgan. Bu qaror natijasida avtogigantning 2025 yildagi umumiy bojxona xarajatlari 2 milliard dollarga yetdi va bu avvalgi kutilmalardan ikki barobar ko‘pni tashkil etdi. Joriy yilda ham tarif xarajatlari shunga yaqin miqdorda bo‘lishi kutilmoqda.

Fiskal bosim oshganiga qaramasdan, Ford yuqori marjali pikap va yo‘ltanlamas avtomobillariga bo‘lgan talab o‘sishi hisobiga 2026 yilga borib 10 milliard dollargacha amaliy foydaga erishishni rejalashtirmoqda.

Bundan avval, dekabr oyida Ford elektromobil biznesini keng ko‘lamli qayta tuzishni e’lon qilgan edi. Bu jarayon 19,5 milliard dollar miqdoridagi aktivlarni hisobdan chiqarishga olib keldi. Shu bilan birga, elektromobil bo‘linmasining yil yakuni bo‘yicha zarari o‘tgan yildagi 5,1 milliard dollarga nisbatan 4,8 milliard dollargacha qisqargan.

2025 yil mart oyida Tramp AQShda ishlab chiqarilmaydigan barcha avtomobillar va ehtiyot qismlariga 25 foizlik import bojlari joriy etgan edi. Prezident ma’muriyati yillik tarif tushumlari taxminan 100 milliard dollarni tashkil etishi kutilganini bildirgan. Ushbu qaror ortidan General Motors Co. va Ford Motor Co. aksiyalari 5 foizdan ortiqqa pasaygan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring