Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Tezlik cheklanadigan bo‘lsa, «poyga mashinalari»ni nima qilamiz?

Tezlik cheklanadigan bo‘lsa, «poyga mashinalari»ni nima qilamiz?

Foto: «v1.ru»

E’tibor bergan bo‘lsangiz, O‘zbekistonning har qanday nuqtasida mashina tezligini 100 km/soatdan oshirish mumkin emas. Tezlik 50 yoki 70 dan yuqori yurish mumkin bo‘lmagan cheklov belgilariga ko‘zingiz tushadi. Butun O‘zbekiston bo‘yicha maksimal tezlik 100 km/soatdan oshmaydi. Hattoki, aholi yashamaydigan cho‘llarda ham tezlikni 100 dan oshirish qoida buzish hisoblanadi.

Endi savol tug‘iladi. O‘zbekistonda o‘zimiz uchun ishlab chiqarilayotgan mashinalarning tezlikni ko‘rsatuvchi spidometrida 200, 220, hattoki 260 km/soatgacha ko‘rsatilgan. Mashinalarimiz 260 tezlikkacha yurishga mo‘ljallangan. Bu — o‘zimiz chiqargan qonunni buzishga sharoit yaratish hisoblanmaydimi? Yoki bu holatga aholini «podstava» qilish orqali jarimalarga tortish usuli deb qarash mumkinmi?

Mutasaddilar bu e’tirozga «mashinalarimiz xalqaro standartlarga mos ravishda chiqarilgan» degan navbatchi so‘zlar bilan o‘zlarini oqlashlari mumkin. Ammo o‘sha xalqaro standartlarga javob beradigan yo‘llarimiz ham bo‘lishi kerak emasmi? Shu joyiga kelganda esa xalqaro standartlar chetga surilib turiladi.

Hech bo‘lmaganda har bir viloyatda bittagina tezlik cheklanmagan trassa yoki oddiy yo‘l bo‘lganida ham o‘zimizni aldashga bahona bo‘lar edi.

Istaymizmi-istamaymizmi, har kim ham mashinasini imkon qadar yuqori tezlikda haydab ko‘rishni yaxshi ko‘radi. 200 km/soat tezlikdan yuqori yuradigan mashinasining qanday yurishini hech bo‘lmaganda bir bor sinab ko‘radi. Bu albatta O‘zbekistonda mutasaddilar chiqarib qo‘ygan yo‘l qoidasini buzish hisoblanadi.

Yo‘l harakati qoidalariga binoan, O‘zbekistonning hech bir joyida tezlikni 100, boringki, 110 km/soat tezlikdan oshirish mumkin emas ekan, unda bizning har bir tezlikni oshirganimiz qoida buzilishi sifatida talqin qilinadi. Demak, har kuni O‘zbekistondagi qonunni kuniga hech bo‘lmaganda bir marta buzib ko‘ramiz. Bu esa odamzotni qonun buzilishini odatiy hol ekanligiga ko‘niktirishdan boshqa narsa emas.

O‘zimiz cheklov o‘rnatib, uni yana buzishga sharoit yaratib qo‘yishimiz nimanidir anglatmayaptimi? Bu esa qonunlarimizga nisbatan ishonchsizlik va hurmatsizlikni kuchaytiradi. Har qadamda, har soniyada duch keladigan qoida ham aslida mana shu qoida bo‘ladi.

YPX xodimi yoki radarlar bor joydagina aynan «tezlik» qoidasiga amal qilamiz. Boshqa joyda esa ushbu qoidani bemalol buzaversak bo‘ladi, degan tushuncha qonimizgacha singib bo‘lgan.

Yaqinda o‘qigan ma’lumotimizga ko‘ra, O‘zbekiston shaharlari va aholi punktlarida shu yilning oxirigacha transport harakatining ruxsat berilgan eng yuqori tezligi 70 dan 60 km/soatgacha pasaytirilishi mumkin ekan. Bu yaxshi qaror, albatta. Avtohalokatlar va piyodalarning o‘limi kamayishiga xizmat qiladi. Ammo haydovchilar tezlikni oshirib xumordan chiqadigan joy ham bo‘lishi zarur. Agar biz qonunga to‘liq amal qiladigan bo‘lsak, mashinamizning spidometridagi tezlikni sinab ko‘rish uchun xorijga chiqib kelishimizga to‘g‘ri keladi.

Odamlar orzusidagi tezyurar mashinalarni chiqarib qo‘yib, haqiqiy hayotda tezlikni cheklab qo‘yish — qoida buzilishlari va jarimalarni ko‘paytirishdan boshqasiga xizmat qilmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring